Pardaev Zokir Elmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Issiqlik elektr markazlarida issiqlik tashlamalaridan samarali foydalanish tizimini ishlab chiqish (Muborak issiqlik elektr markazi misolida)”, 05.05.04 – “Sanoat issiqlik energetikasi” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5684
Ilmiy rahbar: Xujakulov Saydulla Mirzaevich, texnika fanlari falsafa doktori (PhD) professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD. 03/2025.28.11.T.17.01. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Komilov Asliddin G‘ulomovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Sattorov Bobonazar Nuftillaevich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Energetika muammolari instituti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi issiqlik elektr markazining tez harakatlanadigan reduksion sovitish qurilmasi issiqlik tashlamasini rekuperatsiyalash usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
issiqlik elektr markazidagi tez harakatlanadigan reduksion sovitish qurilmasining yuqori potensialli suv bug‘i turidagi issiqlik tashlamalarini rekuperatsiya qilish va suv bug‘ining issiqligidan foydalanish samaradorligini oshirish usuli ishlab chiqilgan;
tez harakatlanadigan reduksion sovitish qurilmasidagi yuqori potensialli issiqlik tashlamalarini bir vaqtning o‘zida rekuperatsiyalash va polimer mahsulotlarini termik qayta ishlash asosida energetik qiymatga ega bo‘lgan qatron (smola), suyuq va gazsimon mahsulotlarni olish imkonini beradigan texnologik sxema ishlab chiqilgan (FAP 2932);
qizdiruvchi bug‘ va sovituvchi suv sarfiga bog‘liq holda, reduksiyalangan bug‘ sarfi o‘zgarishi bilan tez harakatlanadigan reduksion-sovitish qurilmasining issiqlik tashlamalari miqdorini aniqlash imkonini beradigan material-issiqlik balansi tenglamalariga asoslangan matematik model ishlab chiqilgan;
piroliz reaktori quvurida harakatlanayotgan qizdiruvchi bug‘ning turli tezliklarida bug‘ning harorati, bosimi va oqim tezligini qizdiruvchi quvurning uzunligi bo‘ylab o‘zgarishini nazariy tadqiqot qilish imkonini beradigan turbulentlikning k-ε modeliga asoslangan matematik model ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Issiqlik elektr markazining issiqlik tashlamalaridan samarali foydalanish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
issiqlik elektr markazining tez harakatlanadigan reduksion sovitish qurilmasi issiqlik tashlamalaridan foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan tizimning texnologik sxemalari “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Muborak IEM filialida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ning 2025-yil 28-fevraldagi №02-15/397-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, issiqlik elektr markazi texnologik tizimiga piroliz qurilmasidan foydalanish asosida yillik 21600 kg polietilen chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish imkoniyati yaratilgan;
issiqlik elektr markazida tez harakatlanadigan reduksion sovitish qurilmasidagi yuqori potensialli issiqlik tashlamalarini bir vaqtning o‘zida rekuperatsiyalash va polimer mahsulotlarini termik qayta ishlash asosida, energetik qiymatga ega bo‘lgan qatron (smola), suyuq va gazsimon mahsulotlarni olish imkonini beradigan texnologik sxema ishlab chiqilgan hamda yiliga o‘rtacha 657 m3 piroliz gazi, 24090 litr piroliz suyuqligi hamda 657 kg piroliz qatroni olishga erishilgan, natijada 4,36 mln kVt∙soat elektr energiyasi yoki 767,7 tonna shartli yoqilg‘i tejalgan (O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ning 2025-yil 28-fevraldagi №02-15/397-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yillik iqtisodiy samaradorlik 164 712 354 mln so‘mni tashkil etgan.