Bobokalonov Odilshoh Ostonovichning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi,ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i):
“Ziddiyat konseptli leksemalarning dialektik, pragmalingvistik hamda neyropsixolingvistik tadqiqi (o‘zbek va fransuz tillari paradigmasida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan: №B2023.3.DSc/Fil1221
Ilmiy maslahatchi: Sayfullaeva Ra’no Raupovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti DSc.03/2025.27.12.Fil.08.08
Rasmiy opponentlar: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor; Shirinova Raima Hakimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kiselev Dmitriy Anatolevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. o‘zbek va fransuz tillari paradigmasida ziddiyat konseptli leksemalarning dialektik, pragmalingvistik hamda neyropsixolingvistik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ziddiyat konseptli leksemalarning leksik-semantik tipologiyasi, ularning antonimik, enantiosemik, konnotativ-pragmatik va diskursiv-reprezentativ modellar bilan uzviy bog‘liqligi hamda mazkur birliklarning neyrokognitiv “til–tafakkur–nutq” triadasi zaminida lisoniy-falsafiy determinatsiyasi tizimli-komparativ yondashuv asosida aniqlangan;
ziddiyat konseptli leksemalarning fonetik, morfologik, sintaktik va semantik strukturasi nafaqat tilning sathlararo integratsiyasi mahsuli sifatida, balki ularning pragmalingvistik intensiya, kommunikativ strategiya va nutqiy aktlar bilan shartlangan funksional-semantik mexanizmlari noqardosh tillar qiyosida dalillangan;
ziddiyat konseptli leksemalarning inson ongida shakllanishi, miya faoliyati, ruhiy holat va nutqiy reallashuv o‘rtasidagi ko‘pqatlamli aloqadorlik neyropsixolingvistikaning interdisiplinar metodologiyasi asosida sharhlanib, mazkur birliklarni lingvistik, kognitiv, konfliktologik va amaliy-kommunikativ tadqiq etishning nazariy-metodologik modeli asoslangan;
o‘zbek va fransuz tillaridagi ziddiyat konseptli leksemalarning lingvomadaniy, diskursologik va qiyosiy-tipologik xususiyatlari folklor matnlari, badiiy adabiyot va jonli kommunikativ diskurs materiallari asosida tahlil qilinib, ularning ijtimoiy-madaniy kod, aksiologik baholash va konseptual oppozisiyalarni verballashtirish – inson tafakkurida mavjud bo‘lgan qarama-qarshi tushunchalarni til vositalari orqali ifodalashdagi o‘rni dalillangan;
dialektik ziddiyat, qarama-qarshilik, pragmatik implikatura va neyropsixolingvistik jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro korrelyativ munosabat ziddiyat konseptli leksemalarning diskurs hosil qilish, konflikt kommunikatsiyasini voqelantirish, personologik xarakteristika yaratish hamda lingvodidaktik va lingvomadaniy interpretatsiyada markaziy kategoriyalardan biri ekani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va fransuz tillari paradigmasida ziddiyat konseptli leksemalarning dialektik, pragmalingvistik hamda neyropsixolingvistik tadqiqini amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ziddiyat konseptli leksemalarning leksik-semantik tipologiyasi, ularning antonimik, enantiosemik, konnotativ-pragmatik va diskursiv-reprezentativ modellar bilan uzviy bog‘liqligi hamda mazkur birliklarning neyrokognitiv “til–tafakkur–nutq” triadasi zaminida lisoniy-falsafiy determinatsiyasi tizimli-komparativ yondashuv asosiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetida 2022–2024-yillar davomida bajarilgan REP-25112021/113 – “UzUDT: O‘zbek tilida tabiiy tilni qayta ishlash uchun universal bog‘liqlik daraxti korpusi va uning semantik tahlili” mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2026-yil 25-martdagi №04/11-8312-son dalolatnomasi). Natijada ziddiyat konseptli leksemalarni dialektik, pragmalingvistik va neyropsixolingvistik yondashuvlar asosida kompleks o‘rganishga doir ilmiy qarashlar hamda metodologik xulosalar til va tafakkur o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni chuqurroq anglashga, lisoniy birliklarni ko‘p omilli tahlil qilishga, ularning semantik tabiatini izohlashga, shuningdek, lingvistik birliklarni qiyosiy-chog‘ishtirma, semantik, pragmatik va kognitiv yo‘nalishlarda tadqiq etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
ziddiyat konseptli leksemalarning fonetik, morfologik, sintaktik va semantik strukturasi nafaqat tilning sathlararo integratsiyasi mahsuli sifatida, balki ularning pragmalingvistik intensiya, kommunikativ strategiya va nutqiy aktlar bilan shartlangan funksional-semantik mexanizmlari noqardosh tillar qiyosiga oid ilmiy xulosa va natijalardan Brussel erkin universiteti (Université libre de Bruxelles) huzuridagi “ULB Langues” xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy-o‘quv va malaka oshirish markazida Wallonie-Bruxelles International (WBI) granti asosida tashkil etilgan ilmiy stajirovka, uzlyuksiz kasbiy malaka oshirish, o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy seminarlar, tadqiqot muhokamalari va xalqaro akademik hamkorlik faoliyatlari doirasida foydalanilgan (Brussel erkin universitetining 2025-yil 18-dekabrdagi №218-son ma’lumotnomasi). Natijada ziddiyat konseptli leksemalarni o‘zbek va fransuz tillari paradigmasida dialektik, pragmalingvistik va neyropsixolingvistik asosda o‘rganish samaradorligini oshirishga, ziddiyatni ifodalovchi leksik birliklarning til, tafakkur va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqligini chuqurroq anglashga, ularning ijtimoiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy atamalar doirasidagi hamda lingvistik, diskursiv va kommunikativ jarayonlardagi qo‘llanish xususiyatlarini funksional jihatdan izohlashga, shuningdek, zamonaviy kommunikativ vaziyatlarda ziddiyatli mazmunni tahlil qilishga doir ilmiy-amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qilgan;
ziddiyat konseptli leksemalarning inson ongida shakllanishi, miya faoliyati, ruhiy holat va nutqiy reallashuv o‘rtasidagi ko‘pqatlamli aloqadorlik neyropsixolingvistikaning interdisiplinar metodologiyasi asosida sharhlanib, mazkur birliklarni lingvistik, kognitiv, konfliktologik va amaliy-kommunikativ tadqiq etishning nazariy-metodologik modeli bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Toshkent Fransuz Alyansi tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro madaniy-ma’rifiy, lingvistik va kommunikativ loyihalar, xususan, “Club de conversation”, “Soirée Quizz”, “Atelier poésie”, “Atelier théâtre”, “Atelier journalisme”, “Atelier enfans”, “Atelier d’écriture”, “Concours de la Plume d’or”, “Atelier poésie – André du Bouchet”, “Atelier journalisme – Albert Londre”, “Soirée – Jeux de société”, “Atelier lecture de contes pour les enfans”, “Le printemps c’est magique”, “Club de conversation – Générations”, “Pourquoi apprendre une langue ?” kabi o‘quv-muloqot mashg‘ulotlari, seminarlar va adabiy-lingvistik tadbirlar mazmunini boyitishda foydalanilgan (Toshkent Fransuz Alyansi NNTning 2026-yil 24-martdagi №16-son ma’lumotnomasi). Natijada fransuz va o‘zbek tillaridagi ziddiyatli mazmunning lingvistik va madaniy talqinini chuqurlashtirish, ishtirokchilarning qiyosiy-lingvistik tafakkurini rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotda qarama-qarshi ma’no, baholash va pozision ifodalarni anglash hamda izohlash kompetensiyalarini kuchaytirish, shuningdek, Toshkent Fransuz Alyansi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro ta’limiy va madaniy dasturlarning ilmiy-metodik saviyasi, mazmuniy asoslanganligi va amaliy samaradorligini oshirishga erishilgan;
o‘zbek va fransuz tillaridagi ziddiyat konseptli leksemalarning lingvomadaniy, diskursologik va qiyosiy-tipologik xususiyatlari folklor matnlari, badiiy adabiyot va jonli kommunikativ diskurs materiallari asosida tahlil qilinib, ularning ijtimoiy-madaniy kod, aksiologik baholash va konseptual oppozisiyalarni verballashtirish – inson tafakkurida mavjud bo‘lgan qarama-qarshi tushunchalarni til vositalari orqali ifodalashdagi o‘rniga doir xulosa va natijalardan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 29 maydagi 194-sonli buyrug‘iga asosan berilgan №194-291 raqamli nashr guvohnomasi asosida 5611500 – Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (tillar bo‘yicha: fransuz tili) mutaxassisligi talabalari uchun “Notiqlik san’ati va nutq madaniyati” nomli darslikni yaratishda foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2026-yil 6-maydagi № 3373-son ma’lumotnomasi). Natijada darslik mazmuni lingvomadaniy va diskursiv materiallar bilan boyitilib, talabalarning notiqlik, nutq madaniyati, bahs-munozara yuritish hamda ziddiyatli mazmunni madaniyatlararo muloqotda ifodalash kompetensiyalari rivojlantirilgan.; 
dialektik ziddiyat, qarama-qarshilik, pragmatik implikatura va neyropsixolingvistik jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro korrelyativ munosabat ziddiyat konseptli leksemalarning diskurs hosil qilish, konflikt kommunikatsiyasini voqelantirish, personologik xarakteristika yaratish hamda lingvodidaktik va lingvomadaniy interpretatsiyada markaziy kategoriyalardan biri ekanligiga oid ilmiy xulosa va tavsiyalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “O‘zlikni anglash” hamda “Buxoro” radiosining “Najot bilimda”, “Ijod zavqi” radioeshittirishlari ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2026-yil 25-martdagi №01-09-30-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuv va radioeshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ilmiy-ommabopligini ta’minlashga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish