Ashurova Muxayyoxon Sanjarbek qizining filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida elektron rasmiy xatlarning qiyosiy tadqiqi (elektron pochta xatlari misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.2.PhD/Fil4845.
Ilmiy rahbar: Satimova Dilafruz Numonjonovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Shaxobitdinova Shoxida Xoshimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xodjaeva Dilafro‘z Izatilloevna, filologiya fanlari doktori, dotsent;
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi elektron rasmiy xatlarning struktural-semantik jihatlari, kommunikativ-pragmatik funksiyalari hamda lingvokulturologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jahon va o‘zbek tilshunosligida matn hamda nutq konsepsiyalarining tarixiy shakllanishi rasmiy va norasmiy uslub doirasida qiyosiy tahlil qilinib, rasmiy elektron xatlar funksional-pragmatik hamda struktural-semantik xususiyatlari bilan mustaqil lingvistik birlik sifatida tavsiflangan, shuningdek, ingliz va o‘zbek tillaridagi rasmiy elektron xatlarning mavzu qatori, kirish, asosiy matn, yakuniy ibora va imzo asosida shakllanishi matnning mantiqiy yaxlitligi, mazmuniy rivoji va leksik qatlamining standart tanlanishini belgilovchi muhim omil sifatida asoslab berilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi rasmiy elektron xatlarda kommunikativ vazifalar (so‘rov, xabar berish, tasdiqlash, minnatdorchilik va boshqalar) bilan stilistik darajalar (juda rasmiy, rasmiy, neytral, norasmiy) o‘rtasidagi munosabatlar aniqlanib, ingliz tilida ixchamlik va aniqlik, o‘zbek tilida esa hurmat va ehtiromga asoslangan batafsil ifoda ustuvor model sifatida belgilangan va dalillangan;
rasmiy elektron xatlarda abbreviaturalar, sohaga oid terminologik birliklar hamda xushmuomalalikni ifodalovchi vositalarning qo‘llanishi asosida ingliz va o‘zbek tillarida kommunikativ samaradorlikni ta’minlovchi pragmatik omillar farqlangan, xususan, 150 ta rasmiy elektron xat asosida o‘tkazilgan miqdoriy tahlil natijasida ingliz tilidagi matnlarda qisqartmalar 50 %, o‘zbek tilidagi matnlarda esa 35 % ulushda uchrashi aniqlanib, ingliz tilida tezkorlik ustuvorligi, o‘zbek tilida esa rasmiylik va aniq ifodaga yo‘naltirilgan yondashuv yetakchi ekani tasdiqlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi rasmiy elektron xatlarning lingvopragmatik hamda diskursiv xususiyatlari asosida kommunikativ strategiyalar, nutq aktlari va muloyimlik modellarining milliy-madaniy o‘ziga xosligi aniqlanib, REXlar funksional-pragmatik xususiyatlari hamda kommunikativ maqsadlariga ko‘ra umumlashtirilib sakkiz asosiy guruhga ajratilgan, ular doirasida 43 turdagi xatlar tasniflangan, shuningdek, tarjima jarayonida ekvivalentlik va adekvatlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi sakkiz bandli metodik tavsiyalar tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o’zbek tillarida elektron rasmiy xatlarning qiyosiy tadqiqi bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
jahon va o‘zbek tilshunosligidagi matn hamda nutq konsepsiyalarining tarixiy shakllanishi rasmiy va norasmiy uslub doirasida tizimli qiyoslangan holda, rasmiy elektron xat matnlarining funksional-pragmatik va struktural-semantik imkoniyatlari xususidagi materiallardan, undagi ilmiy-nazariy qarashlardan Jizzax davlat pedagogika universitetida bajarilgan S-ECAHD-18-CA-0067-raqamli «English Access Microscholarship» mavzusidagi xorijiy amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Jizzax davlat pedagogika universitetining 2025-yil 20-iyundagi 04-699-son ma’lumotnomasi). Natijada, rasmiy elektron xatlarning funksional-pragmatik va struktural-semantik imkoniyatlari hamda ularning ingliz va o‘zbek tillaridagi o‘ziga xos jihatlari ilmiy asosda tizimli tarzda tasniflanib, mazkur yo‘nalishda qo‘llaniladigan metodologik yondashuvlar uchun poydevor yaratilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi rasmiy elektron xatlarda kommunikativ vazifalar (so‘rov, xabar berish, tasdiqlash, minnatdorchilik va boshqalar) bilan stilistik darajalar (juda rasmiy, rasmiy, neytral, norasmiy) o‘rtasidagi munosabatlar aniqlanib, ingliz tilida ixchamlik va aniqlik, o‘zbek tilida esa hurmat va ehtiromga asoslangan batafsil ifoda ustuvor model bo‘lishi xususidagi ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan IL-402104209 – “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi loyihani amalga oshirish jarayonida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 21-iyundagi 01/4-2654-son ma’lumotnomasi). Natijada, elektron rasmiy xatlarning xususiyatlarini dasturiy jihatdan aniqlash, tizimlashtirish va avtomatik ishlov berish vositalarida qo‘llash uchun ilmiy-metodologik asos yaratishga erishilgan;
rasmiy elektron xatlarda abbreviaturalar, sohaga oid terminologik birliklar hamda xushmuomalalikni ifodalovchi vositalarning qo‘llanishi asosida ingliz va o‘zbek tillarida kommunikativ samaradorlikni ta’minlovchi pragmatik mexanizmlar haqidagi tahliliy fikrlar va nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Fan ufqlari” nomli eshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston 24» ijodiy birlashmasi davlat muassasasi 2025-yil 24-iyundagi 05-09-1014-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan.