Tuychiev Timur Ortikovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Paxtani tozalash va regeneratsiyalashning takomillashtirilgan texnologiyasini ilmiy asoslari” mavzusidagi dissertatsiya ishini 05.06.02 – “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1 DSc/T910.
Ilmiy maslahatchi: Ro‘zmetov Raxmatjon Ibodullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti, DSs.03/2025.27.12.T.21.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich, texnika fanlari doktori, professor; Muxammadiev Davlat Mustafoevich, texnika fanlari doktori, professor; Sarimsakov Olimjon Sharipjonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxtani bir maromda titilgan holda tozalagichlarga ta’minlash, paxta bo‘lakchalarining eshilishini va mahsulot yo‘qolishini kamaytirgan holda tozalagichlar va regeneratorning samaradorliklarini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxta to‘plagichda paxta oqimining bosimini zichligi va massasiga bog‘liqlik ifodasi qurilib, undagi paxta zichligini oshirmasdan tozalash jarayoniga uzatish imkoniyatini beruvchi takomillashtirilgan shaxta to‘plagich devorining qiyalik burchagi va uning enini optimal qiymatlari aniqlangan;
paxtani tozalash texnologiyasiga bir maromda uzluksiz ta’minlash imkoniyatini beruvchi ta’minlovchi valiklar konstruksiyasining parametrlari, paxtani tozalash zonasiga tushishidan oldin qoziqchali-plankali barabanlarning yuqori qismida alohida bo‘lakchalarga ajratib, paxtani tozalashga tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;
shnekli tozalagichda paxta oqimining harakatini ifodalovchi differensial tenglamasi qurilib, shnek qoziqchalarining qiyalik burchagini qiymati va ularni shnek perosining ikki tomoniga o‘rnatilishi iflosliklar ajralishini jadallashtirishi aniqlangan;
mayda iflosliklardan tozalash texnologiyasining shnekli tozalagichida paxta bo‘lakchalarini eshilishini va uskunaning tozalash samaradorligini shnek qoziqchalarining qiyalik burchagiga bog‘liqlik grafiklari qurilib, eshilganlik darajasini kamaytiruvchi shnek qoziqchalarining ratsional qiymatlari aniqlangan; 
cho‘tkali barabandan otib berilgan ifloslik aralashgan paxta bo‘lakchalarini yo‘naltirgich ta’siri natijasidagi harakatlanishini yo‘naltirgichning oraliq masofasi va og‘ish burchaklariga bog‘liqlik ifodasi qurilib, yo‘naltirgichlar soni va qiyalik burchaklari aniqlangan;
kichik kvadratlar usul yordamida qurilgan regression modellar asosida yirik iflosliklardan tozalash texnologiyasida iflosliklarga qo‘shilib ajralgan paxta bo‘lakchalarini regeneratsiyalashda mahsulot yo‘qolishini kamaytiruvchi regeneratorning ratsional qiymatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Paxta tozalash uskunalarining tozalash samaradorligini oshirish imkoniyatini beruvchi ta’minlagich va paxtani tozalash jarayoniga tayyorlash texnologiyasi, tolani eshilishini kamaytiruvchi tozalagich va regeneratsiyalash uskunasi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy natijalar asosida:
shaxta-to‘plagichning shakli to‘g‘ri to‘rtburchak va eni 240 mm, qoziqchali ta’minlovchi valiklar o‘rnatilgan paxta tozalash mashinasi O‘zbekiston Respublikasi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining tasarrufiga kiruvchi TST AGRO klaster tarkibidagi Mustaqilik paxta tozalash korxonasida tadbiq etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2026-yil 28-fevraldagi 01/06-600-sonli ma’lumotnomasi). Natijada paxta tozalash uskunasining tozalash samaradorligini 5,5÷6,2% ga oshirish hisobiga tolaning ifloslik va nuqsonlar miqdorini 0,4÷0,8 %gacha kamaytirishga erishilgan;
paxta bo‘lakchalarini eshilishini kamaytirish hisobiga mayda iflosliklardan tozalash samaradorligi yuqori bo‘lgan shnekli tozalash uskunasining takomillashtirilgan konstruksiyasi Farg‘ona viloyati “Kosta line holding” MChJ ga qarashli “Rishton paxta tozalash” korxonasiga joriy qilingan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2026-yil 28-fevraldagi 01/06-600-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uskunaning tozalash samardorligi 8,3 % ga oshirishga va paxtani eshilganligini 5,1 %ga kamaytirishga erishilgan;
tavsiya etilayotgan paxta regeneratorida iflos aralashmalar tarkibidagi paxtani besh marta tozalash imkonini beruvchi samaradorligi yuqori bo‘lgan uskuna TST AGRO klaster tarkibidagi Mustaqilik paxta tozalash korxonasida joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2026-yil 28-fevraldagi 01/06-600-sonli ma’lumotnomasi). Natijada uskunaning regeneratsiyalash samaradorligini 5,5 %ga, tozalash samardorligini 13 %ga oshishiga va mahsulot yuqolishini 5 %ga kamayishi hisobiga tolaning sinfini ko‘tarilishiga hamda mahsulot hajmini oshishiga erishildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish