Musirmanov Dilshod Esirgapovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bug‘doyning sariq zang (Puccinia striiformis f. sp.) kasalligiga va issiqlikka chidamli, don sifati yuqori bo‘lgan navlarini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Qx329.
Ilmiy maslahatchi: Amanov Amir, Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: bug‘doyning Obod navi (NAP 00432), Barqaror navi (NAP 00431) va O‘ITI-1 (NAP 503).
II. Tadqiqotning maqsadi jahon genofondining kelib chiqishi turli ekologik-geografik guruhlarga mansub nav va namunalari asosida kuzgi yumshoq bug‘doyning sariq zang (Puccinia striiformis f. sp.) kasalligiga va issiqlikka chidamli, don sifati yuqori bo‘lgan navlarini yaratish, birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor sug‘oriladigan maydonlarda kelib chiqishi turli eko-geografik mintaqalarga mansub bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doy nav va namunalarining qimmatli xo‘jalik belgilarini kompleks o‘rganish va baholash asosida amaliy seleksiya uchun boshlang‘ich manbalar tanlab olingan;
ajratib olingan boshlang‘ich manbalar sun’iy kasallantirish (infeksion fon) maydonchasida o‘rganilib, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga chidamli FON-IR-2012-11/984, FON-IR-2012-30/661, IWWP-IR-2014-55/165, IWWP-IR-2014-13/94,  IWWP-IR-2014-21/66 seleksion manbalar ajratib olingan;
raqobat nav sinovida hosildorlik bilan bir boshoqdagi don og‘irligi o‘rtasida o‘rtacha ijobiy bog‘liqlik (r=0,46), hosildorlik va don soni o‘rtasida esa kuchsiz ijobiy bog‘liqlik (r=0,32), 1000 dona don vazni bilan bir boshoqdagi don og‘irligi o‘rtasida o‘rtacha ijobiy bog‘liqlik (r=0,53) kuzatilgan.
qimmatli xo‘jalik belgilariga ega tizmalar asosida sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklari hamda issiqlik stressiga chidamli, don hosildorligi va sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan yumshoq bug‘doyning Obod, Barqaror, O‘ITI-1 navlari yaratilgan;
yaratilgan yangi Obod va O‘ITI-1 navlari andoza Krasnodarskaya-99 navidan dondagi oqsil miqdori 10,0-12,2%, don yaltiroqligi 1,0-3,0 %, hosildorligi 18,7-9,5 s/ga, Barqaror navi esa andoza Tanya navidan oqsil miqdori 10,0%, don yaltiroqligi 3,8% va hosildorligi 18,9 s/ga yuqoriligi hamda qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha ustunligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan maydonlar uchun zang kasalliklari va issiqlik stressiga chidamli, iqlim sharoitiga moslashuvchan, yuqori hosildor hamda don sifati yuqori kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
jahon genofondi asosida iqlim sharoitiga moslashgan, zang kasalliklariga va issiqlikka chidamli, yuqori hosildor va sifat ko‘rsatkichlariga ega Obod (NAP 00432), Barqaror (NAP 00431) va O‘ITI-1 (NAP 503) navlari yaratilib, patent olingan hamda ushbu navlar O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining Milliy genbankiga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgustdagi 05/04-04-459-son ma’lumotnomasi). Natijada, bug‘doy genofondi yangi istiqbolli navlar bilan boyitilgan va ulardan seleksiya jarayonida donor sifatida foydalanish imkoniyati yaratilgan;
yangi yaratilgan «Obod» va «Barqaror» navlari Davlat nav sinovidan o‘tkazish uchun, Qishloq xo‘jalik ekinlari nalarini sinash markaziga taqdim etilgan va sinovdan o‘tkazilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgustdagi 05/04-04-459-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navlar Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari sug‘oriladigan maydonlarida ekish uchun Davlat reestriga kiritilib, ushbu hududlarda keng joriy etish imkoniyati yaratilgan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning yangi Obod, Barqaror va O‘ITI-1 navlari 2023–2024 yillarda Toshkent viloyatining Bekobod (20,0 ga), Bo‘ka (29,0 ga), Piskent (22,0 ga), O‘rta Chirchiq (29,0 ga), Yuqori Chirchiq (129,0 ga) tumanlari hamda Surxondaryo viloyati (11,0 ga) va Moyli ekinlar ilmiy tajriba stansiyasida (34,0 ga) va Jizzax viloyati sug‘oriladigan maydonlarida 180,0 ga, jami 454,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgustdagi 05/04-04-459-son ma'lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqarish sharoitida ushbu navlarning kasalliklar va issiqlikka chidamliligi andoza navlardan ustun bo‘lib, etishtirishda resurslar va sarf xarajatlar tejalishi bilan birga, barqaror yuqori hosildorlikka erishilgan;
yangi yaratilgan Obod, Barqaror va O‘ITI-1 navlari Jizzax viloyati sug‘oriladigan maydonlarida 180,0 ga, Toshkent viloyati sug‘oriladigan maydonlarida 263,0 ga maydonda amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 27-avgustdagi 05/04-04-459-son ma'lumotnomasi). Natijada, mazkur navlardan Jizzax viloyati sharoitida 63,4–68,9 s/ga, Toshkent viloyatida esa 65,8–71,2 s/ga gacha, andoza navlarga nisbatan 4,0–11,8 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish