Aripova Shaxnoza Raxmanovnaning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida etishtirishga mos qovoqcha (Cucurbita pepo L. var. giraumons Duch.) ning hosildor, ixcham palakli navlarini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/Qx320.
Ilmiy maslahatchi: Dusmuratova Saodat Ismailovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: qovoqchaning “Viridi” navi (NAP 505), “Orbita” navi (NAP 506) va “Xilol” navi (NAP 529).
II. Tadqiqotning maqsadi Jahon kolleksiyasi nav namunalaridan foydalangan holda ertapishar, respublikamiz tuproq-iqlim sharoitiga mos qovoqcha (Cucurbita pepo L. var giraumons Duch.) ning hosildor, ixcham palakli navlarini yaratish, birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish hamda ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qovoqchaning xorijiy mamlakatlardan keltirilgan 30 ta nav namunalari va 3 ta mahalliy navlari o‘rganilib, ochiq maydonlarda etishtirish uchun mos, kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega, ixcham palakli istiqbolli 27 ta boshlang‘ich ashyolar tanlab olingan;
ilk bor analitik seleksiya usulidan foydalangan holda yuqori hosildor, ixcham palakli, meva shakli yassi yumaloq, rangi och yashil LZ-2513 (Orbita navi), uzun-silindrsimon, rangi to‘q yashil LH-1916 (Viridi navi), uzun-silindrsimon rangi sariq bo‘lgan L-20-12 (Xilol navi) istiqbolli sof tizmalar yaratilgan, mazkur tizmalar nav darajasiga etkazilib, yaratilgan Orbita, Viridi, Xilol navlarining yangiligi Intellektual mulk agentligi tomonidan tasdiqlangan holda patentlar olingan;
qovoqchaning yangi yaratilgan Orbita, Viridi va Xilol navlari rayonlashtirilgan andoza Unumdor naviga nisbatan o‘zining 3-4 kunga ertapisharligi, palak uzunligining 76,1-87 sm.ga qisqaligi (ixcham palak), umumiy hosildorligi 2,0-3,9 t/ga.ga, tovarbop hosil miqdori 1,8-3,7 t/ga.ga, rentabellik darajasi 5,3-66,6 % foizga yuqori ekanligi aniqlangan;
qovoqcha mevalarini biokimyoviy tarkibi tahlil qilinganida S vitamini miqdori bo‘yicha yangi Viridi (19,3 mg/%), Xilol (19,5 mg/%) va Orbita (19,7 mg/%) navlari andoza Unumdor naviga (18,3 mg%) nisbatan eng yaxshi meva sifatini namoyish etgan hamda andoza navga nisbatan Viridi navida kaliy 15,3 mg, fosfor 2,03 mg, magniy 2,5 mg va temir 0,123 mg, Orbita navida rux 0,01 mg, vitamin PP 0,045 mg va kul miqdori 0,25 %, Xilol navida esa kalsiy 4,8 mg, oqsil 5,69 % va rutin 2,006 mg.ga yuqori ekanligi isbotlangan;
qovoqcha ekinining yassi yumaloq (Orbita navi) va uzun-silindrsimon (Viridi navi) shakldagi mevalarida meva vazni bilan meva eni (r=0,92 va r=0,56), urug‘ soni bilan urug‘ vazni (r=0,94 va r=0,84) o‘rtasida kuchli ijobiy hamda urug‘ eni bilan urug‘ vazni (r=-0,26 va r=-0,36) orasida teskari, qolgan belgilar o‘rtasida esa r=0,30–0,67 darajasida o‘rtacha ijobiy bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalari Qoraqapog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarining sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida joriy qilingan:
Seleksiyaning analitik usuli yordamida qovoqcha (Cucurbita pepo L. var. giraumons Duch.)ning yangi Orbita (NAR 506), Viridi (NAR 505) va Xilol (NAR 529) navlari yaratilib, 2024-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual Mulk agentligi tomonidan patent olingan va amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 13-oktyabrdagi 05/06-03-426-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sabzavot ekinlari genofondi mahalliy tuproq-iqlim sharoitida etishtirishga mos, import o‘rnini bosuvchi istiqbolli, ertapishar va hosildor ixcham palakli yangi navlar bilan boyitishga hamda aholini ushbu ekin turiga bo‘lgan talabni qondirishga erishilgan;
qovoqchaning yangi yaratilgan Orbita, Viridi va Xilol navlari 2023-2024-yillarda Nukus tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 1,2 gektar; Asaka tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 1,45 gektar; O‘rtachirchiq va Chinoz tumanlarida 5,0 gektar; Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 1,65 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 13-oktyabrdagi 05/06-03-426-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Orbita navidan – 17,0-18,6 tonna, Xilol navidan – 16,1-17,7 tonna, Viridi navidan – 16,3-17,8 tonna tovarbop hosil etishtirilib, qovoqchaning ana’naviy navlariga nisbatan hosildorligi va tovarbopligi yuqori ekanligi tasdiqlangan;
ertapishar, hosildor va ixcham palakli qovoqchaning yangi Orbita, Viridi va Xilol navlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Toshkent va Samarqand viloyatlari tuproq-iqlim sharoitida jami 9,3 gektar maydonda amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 13-oktyabrdagi 05/06-03-426-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navlardan 22,2-23,3; 23,5-27,2 va 24,0-28,0 mln. so‘m/ga sof daromad olinib, ana’anaviy qovoqcha navlariga nisbatan yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
“Podbor sortov, seleksiya i semenovodstvo kabachka (Cucurbita pepo L.) v Uzbekistane” nomli monografiya (2024 y.) hamda “Qovoqcha (Cucurbita pepo L.) mevalari va urug‘larini etishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyanoma” (2025 y.) chop etilgan va amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 13-oktyabrdagi 05/06-03-426-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur monografiya va tavsiyanoma sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar, shaxsiy tomorqa er egalari, oliy ta’lim muassasalarida soha bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar va ilmiy izlanuvchilar hamda va soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.