Temirova Munira Amirkulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Toxariston simobko‘zachalari: evolyusiyasi va tipologiyasi (IX-XIII asr boshlari)», 07.00.06 -Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Tar2069
Ilmiy rahbar: Xoliqov Zokir Eshboltaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Termiz davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami:Samarqand arxeologiya instituti, DSc.13/2025.27.12.Tar.02.01. Rasmiy opponentlar: Raimqulov Abdusabur Azzamovich, tarix fanlari doktori; Samibaev Masud Kimovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot nomi:Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Tadqiqot ishining maqsadi Toxariston (asosan, Eski Termiz) simobko‘zachalari, kulollar mahallalari, simobko‘zachalarning paydo bo‘lishi, yasalishi va ularning maqsad va vazifalari, mahalliy xomashyosining o‘ziga xos xususiyatlarini keng doirada tahlil qilish. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:    
Arxeologik va yozma manbalar tahliliga ko‘ra, simobko‘zachalarning 13 xil nomlarda atalishi, shuningdek, O‘rta Osiyo hududi uchun simobko‘zachalarning 4 xil vazifasi ochiqlandi va ushbu hududning 12 ta tarixiy – madaniy o‘lkalarida (Shosh, Iloq, Farg‘ona vodiysi, Ustrushona, Samarqand Sug‘di, Janubiy Sug‘d, Buxoro Sugʻdi, Shimoliy Toxariston, Chagʻaniyon, Qadimgi Xorazm, Chu va Ili o‘lkasi, Shimoliy Xuroson) joylashgan 61 ta aholi manzillaridan simobko‘zachalar topilganligi ilmiy jihatdan aniqlandi va xaritalashtirildi;
Eski Termiz va uning atroflaridan topilgan simobko‘zachalar tipologiyasi yaratildi va unga ko‘ra simobko‘zachalar 5 xil tip (sferokonik, silindrsimon, ellipsoidal, sferoid, ma’lum bir shaklga ega bo‘lmagan) va 4 xil ko‘rinish (konussimon, trapes shaklli, tomchi, zoomorf) ga ega ekanligi, shuningdek, Eski Termiz simobko‘zachalari stratigrafiyasi va yaratilgan tipologiyasi asosida, ularning xronologiyasi IX-XIII asr boshlari ekanligi ilmiy jihatdan dalillandi;
Ushbu hudud simobko‘zachalari evolyusiyasi ishlab chiqildi, unga ko‘ra, Eski Termiz simobko‘zachalari ikki bosqichda shakllangan bo‘lib, birinchi bosqich – ilk paydo bo‘lish (IX-XI asrlar), ikkinchi bosqich - rivojlanish va ommalashuv bosqichi (XI - XIII asr boshlari) ni o‘z ichiga olishi ilmiy jihatdan isbotlandi;
Eski Termiz va Termizshohlar saroyidan topilgan simobko‘zachalar namunalaridan kimyo-texnologik analizlar amalga oshirildi, EDX natijalariga ko‘ra, simobko‘zachalarning xomashyo tarkibida 25 xil element (asosiy elementlar Si, Ca, Fe, Al, K, T, Pb, Cu) aniqlandi va Eski Termiz simobko‘zachalarining termogravimetrik (TGA) va differensial termik analiz (DTA) grafigi asosida o‘tkazilgan tahliliga ko‘ra, topilmalarning massa yo‘qotish jarayoni 961,18 °C gacha davom etishi aniqlandi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
“Toxariston simobko‘zachalari: evolyusiyasi va tipologiyasi (IX-XIII asr boshlari)” mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishi doirasida ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va takliflar asosida:
O‘rta Osiyoning o‘rta asrlar kulolchiligi haqida, kulolchilik xumdonlari, sopol buyumlar assortimentlari haqida, simobko‘zachalar ishlab chiqarilish texnikasi, xomashyo tarkibi, O‘rta Osiyoning simobko‘zachalar pishirish markazlari va ularning mahsulotlaridagi o‘xshash va farqli jihatlari, simobko‘zachalar vazifaviy maqsadiga doir xorij va O‘rta Osiyoda olib borilgan tadqiqotlar tarixi haqida, simob elementining foydalanish sohalariga doir O‘rta asrlar manbalariga tayangan holda ilmiy xulosalar berish, simobko‘zachalar tarqalish geografiyasi, xronologiyasi, tipologiyasiga to‘g‘risidagi yozma va moddiy manbalarning qiyosiy tahliliga oid ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025 yil 28-avgustdagi 01-33/652-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning amaliyotga joriy qilinishi, teletomoshabinlarda O‘rta Osiyoning simobko‘zachalari, tarqalish geografiyasi borasidagi tushunchalarini boyitishga o‘z hissasini qo‘shadi. 
Shimoli-G‘arbiy Toxaristonda joylashgan Eski Termiz, Hayitobod, Termizshohlar saroyi kabi shahar va aholi manzilgohlaridan aniqlangan va bugungi kunda Termiz arxeologiya muzeyida saqlanayotgan 300 dan ortiq simob ko‘zachalar to‘g‘risida, ularning paydo bo‘lish xronologiyasi, evolyusiyasi va tipologiyasi ushbu masalaga oid ilmiy xulosalaridan va olib borilgan tadqiqotlaridan muzey fondlarida saqlanayotgan topilmalar ma’lumotnomalarini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025 yil 9 sentyabrdagi 04-053595- sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘rta Osiyoning o‘rta asrlar kulolchiligi to‘gʻrisida ko‘plab ma’lumotlar keltirildi.
Eski Termizning o‘rta asrlar kulolchiligi haqida, ularning nomlanishi (simobko‘zacha, sferokonus idishlar, harbiy qurollar, balsang, toranj va boshqalar), O‘rta Osiyoda amalda bo‘lgan vazifaviy maqsadlari to‘g‘risida olib borilgan tadqiqoti ma’lumotlaridan Termiz Arxeologiya muzeyi o‘rta asrlar fondlarini boyitishdi foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Termiz Arxeologiya muzeyi 2025-yil 12- dekabrdagi 282 - sonli ma’lumotnomasi). Natijalar, O‘rta Osiyo aholisining o‘rta asrlar hunarmandchiligi sohalari, xususan, usta kulollar mahoratlari haqida muzeyga tashrif buyuruvchilarga yangi ma’lumotlar berishga xizmat qiladi.
Eski Termiz va uning atrofI hududlaridan topilgan bugungi kunda Termiz arxeologiya muzeyi ko‘rgazmalar va asosiy zaxiralarida saqlanayotgan 300 dan ortiq simobko‘zachalar to‘g‘risida olib borilgan tadqiqotlari, ularning paydo bo‘lish xronologiyasi (IX asrning so‘nggi XIII asr boshlari), evolyusiyasi va tipologiyasi (5xil tip, 4 xil ko‘rinish), bezaklar tavsifi (geometrik, yozuvsimon, ramziy, murakkab), ularning O‘rta Osiyoning tarixiy - madaniy viloyatlaridan topilgan simobko‘zachalar bilan amalga oshirilgan qiyosiy tahlillari, shu bilan bir qatorda, Eski Termiz topilmalari asosida o‘tkazilgan kimyoviy tahlillar natijalari, ushbu masalaga oid ilmiy xulosalaridan, muzey fondini yanada boyitishda foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Termiz Arxeologiya muzeyi 2025-yil 12-dekabrdagi 282-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar muzeyga tashrif buyuruvchilarning sonini ortishiga va topilmalar to‘g‘risida kengroq ma’lumotlar taqdim etishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish