Artikova Shaxnoza Maxamadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Rus, o‘zbek va ingliz madaniyatlarida xushmuomalalik kategoriyasining lingvopragmatik xususiyatlari (oila ritorikasi materiali asosida)” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Fil5290
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Davlyatova Gulchehra Nasirovna, Pedagogika fanlari nomzodi, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02
Rasmiy opponentlar: Abduvaliev Muxammadjon Arapovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Yuldashev Akmal G‘ulomovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi rus, o‘zbek va ingliz tillarida so‘zlashuvchilar tomonidan xushmuomalalik kategoriyasining nutqiy eksplikatsiyasining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, oila ritorika uzusida mustahkamlangan xushmuomalalik strategiyalari va kommunikativ uslublarga ta’sirini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
oilaviy diskursda muloyimlikning nutqiy amalga oshirilishiga xos tizimli strategiyalar majmuasi aniqlanib, Britaniya namunasida modal fe’llar va qisqa minnatdorlik formulalari asosida ifodalangan konvensional-bilvosita iltimoslarning ustunligi, o‘zbek namunasida esa “yuqoridan pastga” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri imperativ shakllarning dominantligi hamda “pastdan yuqoriga” yo‘nalishida fe’lning ko‘plik shakli qo‘llangan “siz” murojaati orqali ifodalangan yuqori darajadagi muloyim bilvosita iltimoslar va giperbolalashgan minnatdorlik shakllarining ustunligi asoslab berilib, shuningdek rus oilasida aralash modelning shakllanishi aniqlanib, u ota-onalar nutqida “pojaluysta” muloyimlik markeri bilan qo‘shilgan imperativ konstruksiyalar hamda bolalar nutqida bilvosita-so‘rov shaklidagi iltimoslarning uyg‘unlashuvi bilan tavsiflanib, bunda murojaat, iltimos va minnatdorlik nutqiy aktlarini modellashtirishda ishtirok etuvchi til vositalari, jumladan shaxsiy olmoshlar tanlovi, qarindoshlik nominatsiyalari va murojaat shakllari tizimi, kichraytiruvchi-erkalovchi hamda egalik affikslari, muloyimlik yuklamalari, shuningdek giperbolizatsiya va metaforizatsiya strategiyalarining funsional roli ilmiy jihatdan yoritilgan;
rus va o‘zbek lingvomadaniyatlarining ustun kommunikativ uslublari ingliz tilidagi oilaviy diskurs bilan qiyosiy tahlil asosida differensial xususiyatlarga ega ekani aniqlanib, ingliz (britan) uslubining negativ muloyimlik va egalitarlik tamoyillariga yo‘naltirilgan holda modal fe’llar vositasida ifodalangan simmetrik bilvosita iltimoslar hamda ixcham minnatdorlik va uzr formulalari bilan tavsiflanishi, o‘zbek modelining esa ierarxik tuzilma bilan xarakterlanib bolalarning ota-onalarga “siz” shaklida murojaat qilishi, fe’llarning ko‘plik shaklidan foydalanishi, kattalarning shaxsiy ismlarini qo‘llashdan tiyilishi, murojaatning oilaviy rollar orqali amalga oshirilishi va mazkur tizim doirasida kattalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri imperativlarning qo‘llanishi legitimlashishi, rus an’anasining esa oraliq pozisiyani egallab ota-onalarga “ti” tarzida murojaat qilinishiga qaramay pozitiv muloyimlik strategiyalarining ustuvorligi bilan ajralib turishi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri direktivalarning “pojaluysta” birliklari va kichraytiruvchi-erkalovchi suffikslar vositasida yumshatilishi ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan;
oilaviy ritorika matnlarining kommunikativ-pragmatik xususiyatlari hamda oilaviy muloqotning tipik vaziyatlarida rus, o‘zbek va ingliz kommunikativ uslublarining dominant sifatlari qiyosiy tahlil asosida aniqlanib, iltimosning to‘g‘ridan-to‘g‘riligi/bilvositaligi parametri bo‘yicha britan namunasida konvensional-bilvosita shakllarning mutlaq ustunligi, o‘zbek namunasida “yuqoridan pastga” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri imperativlar va “pastdan yuqoriga” yo‘nalishida ko‘pso‘zli bilvosita iltimoslarning deyarli to‘liq uyg‘unlashuvi hamda rus namunasida aralash tipning kuzatilishi, shuningdek rasmiylik/norasmiylik va ekspressivlik/lakoniklik parametrlariga ko‘ra o‘zbek modelining qutbiyligi, ya’ni majburiy “siz” murojaati, fe’lning ko‘plik shakli, kattalar ismlariga nisbatan tabu, giperekspressivlik va ko‘pso‘zlilik, britan modelining esa ism orqali murojaat, formal jihatdan belgilangan masofaning yo‘qligi va lakoniklik bilan ajralib turishi, rus oilasining esa oraliq pozisiyani egallab “mama/papa” kabi majburiy murojaat birliklari, ota-onaga ism bilan murojaatning yo‘qligi, norasmiy “ti” va mo‘’tadil ekspressivlik bilan tavsiflanishi aniqlangan;
oilaviy ritorikani tadqiq etish uchun diskursiv-yakunlovchi anketa asosida sakkizta kommunikativ ssenariyni (“ota-onalar → bolalar», «bolalar → ota-onalar”, “er ↔️ xotin”) qamrab oluvchi hamda 70 nafar britan ingliz tili, 70 nafar rus tili va 70 nafar o‘zbek tili sohiblari javoblarini qiyosiy lingvomadaniy tahlil qilish tartibini o‘z ichiga olgan sotsio-kognitiv instrumentariy ishlab chiqilgan bo‘lib, uning qo‘llanilishi natijasida rus, o‘zbek va britan lingvomadaniyatlarida muloyimlik strategiyalarining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi yangi, o‘zaro qiyoslanadigan empirik ma’lumotlar korpusi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Taqqoslangan tillarda xushmuomalalik toifasi bo‘yicha tadqiq etishdan olingan ilmiy natijalar asosida:
rus, o‘zbek va ingliz oila ritorikasida xushmuomalalikning nutqiy ifoda etilishi strategiyalari, minnatdorchilik, iltimos va murojaat nutqiy aktlarini modellashtirishning lingvistik vositalari va mexanizmlari, tarixiy-milliy va madaniy an’analar bilan shartlangan xushmuomalalik strategiyalarining universal va xos xususiyatlarini, xushmuomala nutqiy xulq-atvor modellarini namoyish etuvchi xulosalaridan Farg‘ona davlat universitetida 2020–2022 o‘quv yilida amalga oshirilgan “English Access Microscholarship Program” xalqaro amaliy loyihasi doirasida qo‘llanilgan (grant raqami S-UZ800-20-GR-0040) (Farg‘ona davlat universitetining 2025-yil 15-apreldagi 04/3316-son guvohnomasi). Natijada o‘quvchi yoshlarning oilaviy ananalarga, xususan, oilaviy munosabatlarga, turli lingvomadaniyatlardagi oilaviy ritorikaga qiziqishi ortgan;
rus, o‘zbek va ingliz tillarining kommunikativ uslublarining dominant xususiyatlarini, shuningdek ijtimoiy-madaniy omillar va an’anaviy qadriyatlarning rus, o‘zbek va ingliz madaniyatlari vakillari oila ritorikasida nutqiy aktlarni amalga oshirishiga ta’sirini aks ettiruvchi xulosalar va ilmiy natijalardan IF2019081773 raqamli “Musiqa va san’at o‘quv muassasalari uchun “Bolalar raqslari” fanidan interaktiv o‘quv-metodik qo‘llanmalar yaratish fundamental loyihasini amalga oshirishda, xususan, “O‘zbek bolalar raqslari, raqs liboslari va taqinchoqlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha qisqacha izohli lug‘ati”ni tuzishda qo‘llanilgan (2025-yil 05-iyundagi 1/04-248-son ma’lumotnoma). Natijada fundamental loyihaning, jumladan, izohli lug‘atning mazmuni lingvokulturologik komponent va madaniyatlararo qiymat bilan boyitilgan;