Abdushukurova Kamola Alijon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Taraxacum Wigg turkumiga mansub dorivor o‘simliklarning parazit fitonematodalari (Toshkent Botanika bog‘i misolida)”, 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1025.
Ilmiy rahbar: Eshova Xolisa Saidovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.V.38.03.
Rasmiy opponentlar: Dadaev Said Dadaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Kuchboev Abdurahim Ergashovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Taraxacum turkumiga mansub dorivor o‘simliklarning parazit fitonematodalari tur tarkibini, ular bilan o‘simliklarni zararlanish xususiyatlarini kompleks aniqlash hamda qarshi kurash chora tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor O‘zbekistonda Taraxacum turkumiga mansub dorivor o‘simliklar - Taraxacum officinale va T. kok-saghyz turlarining parazit fitonematodalari faunasi tarkibi aniqlangan;
Taraxacum turkumiga mansub dorivor o‘simliklari parazit fitonematodalari faunasining taksonomiyasi va bioekologik xususiyatlari ochib berilgan;
ilk bor O‘zbekistonda dorivor qoqio‘t - Taraxacum officinale turini Meloidogyne avlodi bo‘rtma nematodalarining uch turi - Meloidogyne arenaria, M. incognita va M. hapla bilan zararlanishi aniqlangan;
ilk bor dorivor qoqio‘t - Taraxacum officinale turida bo‘rtma nematodalar bilan zararlanish jarayonida ildiz morfologiyasi va to‘qimasiga nematodalarning ta’siri isbotlangan;
ilk bor sog‘lom va bo‘rtma nematodalar bilan zararlangan dorivor qoqio‘t - Taraxacum officinale ildizining fitokimyoviy (aminokislotalar, uglevodlar, vitaminlar) tarkibi va miqdori asoslangan;
dorivor o‘simliklarga zarar keltiruvchi bo‘rtma nematodalarga qarshi profilaktik va kimyoviy kurash choralari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Taraxacum turkumiga mansub dorivor o‘simliklarning parazit fitonematodalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
dorivor o‘simliklarda parazit nematodalarni tarqalishi va ular bilan zararlanishini oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Toshkent Botanika bog‘i amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 30 maydagi 4/1255-1345-son ma’lumotnomasi). Natijada, dorivor o‘simliklarni ekish va parvarishlashda parazit nematodalarni o‘z vaqtida aniqlash, nematodalarning hududlararo tarqalishiga yoʻl qo‘ymaslik borasida profilaktik chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Meloidogyne Göeldi, 1887 avlodi nematodalariga qarshi ishlab chiqilgan profilaktik va kimyoviy kurash tadbirlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar Toshkent Botanika bog‘i “Xomashyo-bop o‘simliklar introduksiyasi va agroekologiya laboratoriyasi” va O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi 05/06-04-496-son ma’lumotnomasi). Natijada, Toshkent Botanika bog‘i dorivor o‘simliklar etishtirilgan zararlanmagan toza maydonlarga fitoparazit nematodalarning kirib borishi va tarqalishining oldini olish imkonini bergan;
dorivor o‘simliklarning meloydoginoziga qarshi Sipermetrin + xlorpirifos (cypermethrin + chlorpyriphos) NURELL-D PLYuS 55% sus.k. va Nematozin 30% s.k. preparatlari Toshkent viloyati Zangi ota tumani Aloqa MFY ga qarashli dorivor qoqio‘t ekilgan maydonda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 27 avgustdagi 05/06-04-496-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sipermetrin + xlorpirifos (cypermethrin + chlorpyriphos) NURELL-D PLYuS 55% sus.k. preparatining 0,7 % li eritmasi qo‘llanilganda 74,8 %; 1 % li eritmasi qo‘llanilganda 82,7; 1,3 % eritmasi qo‘llanilganda 86,7 % gacha biologik samaradorlikka erishish imkonini bergan.