Ahatqulov Bahriddin Matlabovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy biotexnologiyalar asosida kartoshka urug‘chiligining iqtisodiy samaradorligini oshirish”, 08.00.04 - “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Iqt5660.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Otajonov Shuxrat Ibrayimjonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.I.182.02.
Rasmiy opponentlar: Farxod Axrorov, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Go‘zal Samieva, iqtisodiyot fanlari falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi biotexnologik usul hisoblangan in vitro ko‘paytirish asosida kartoshka urug‘chiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha nazariy va ilmiy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kartoshka urug‘chiligida anʼanaviy usullardan farqli ravishda “In vitro” ko‘paytirish usulini qo‘llash orqali mahsulot hajmining bosqichma-bosqich multiplikativ o‘sishi aniqlangan va iqtisodiy samaradorligi asoslangan;
kartoshka urug‘chiligining iqtisodiy samaradorligini baholashda “Samaradorlik indeksi”ni takomillashtirib, samaradorlik darajalari juda samarasiz [1.0-1.4], samarasiz [1.5-2.4], qisman samarali [2.5-3.4], samarali [3.4-4.4], juda samarali [4.5-5.0] kabi mezonlar orqali baholanishi asoslangan;
Samarqand viloyati misolida DXSh negizida urug‘lik kartoshka hajmini oshirish hamda etishtirish jarayonlarini tizimli yondashuvlar asosida optimallashtirishga qaratilgan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan;
O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy biotexnologiyalarga asoslangan hamda iqtisodiy parametrlarga mos urug‘lik kartoshka etishtirish hajmining 2030-yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dissertatsiya ishining ilmiy va amaliy natijalari asosida quyidagilar joriy etildi:
kartoshka urug‘chiligida in vitro ko‘paytirish asosida mahsulot hajmining bosqichma-bosqich multiplikativ o‘sishga va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yondashuv Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida 17 ga maydonda joriy qilingan hamda hosildorlik 48 s/ga oshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 14-avgustdagi 05/05/4953-son ma’lumotnomasi, Qishloq xo‘jaligi vazirining 2026-yil 10-martdagi 01/27-4-51-sonli 13 ta banddan iborat “Aholini kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, kartoshka etishtirish hajmini oshirish hamda bozorlarda narx barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi”).
kartoshka urug‘chiligida “Samaradorlik indeksi”ni takomillashtirish hamda “Etishtirish-saqlash-sotish”ni avtomatlashtirish hisobiga samaradorlikni oshirishga qaratilgan yondashuv respublika bo‘ylab ijrosini ta’minlashga qaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirining 2025-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-martdagi 166-son qarori ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 218-son buyrug‘i, vazirlikni 2025-yil 14-avgustdagi 05/05/4953-son ma’lumotnomasi). Shuningdek, kompaniya misolida ortiqcha xarajatlar 10 % ga, urug‘ yo‘qotishlari 5 % ga kamaytirilib, iqtisodiy samaradorlik 76,67 % ga oshishi asoslangan;
Samarqand viloyati misolida DXSh asosida urug‘lik kartoshka etishtirishni tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi, 3 yilda 93 ming tonna urug‘lik kartoshka etishtirish prognozi asosida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti qoshidagi “O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi” faoliyatiga joriy qilingan (Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti Kuzatuv kengashining 2024-yil 14-iyundagi 2-son, 2025-yil 4-dekabrdagi 3-son yig‘ilish bayonlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 13-fevraldagi 06/26-2-10-05/16-son ma’lumotnomasi).
zamonaviy biotexnologiyalarga asoslangan va iqtisodiy parametrlarga mos urug‘lik kartoshka etishtirish hajmining 2030-yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi PQ-269-son qarorida inobatga olingan, unga ko‘ra 2030-yilgacha 617 ming tonna yuqori sifatli urug‘lik kartoshka etishtirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish prognoz qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirining 2025-yil 11-sentyabrdagi 218-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan 16 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi hamda vazirlikni 2026-yil 13-fevraldagi 06/26-2-10-05/16-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish