Muxiddinov Muhriddin Nuriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tasvirlardagi ob’ektlarni ajratish usullari va algoritmlarini ishlab chiqish», 05.01.01–Muhandislik geometriyasi va kompyuter grafikasi. Audio va videotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1387.
Ilmiy rahbar: Xamdamov Utkir Raxmatillaevich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Kuchkarova Dilorom Fayzullaevna, texnika fanlari doktori, professor; Raximov Baxtiyar Saidovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tasvirlardagi muhim ob’ektlarni ajratib olish, konturlarini aniqlash va matnlarni tanish, tovushli talaffuz qilish usullari, algoritmlari hamda dasturiy vositasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasvir rang qiymatlarining global kontrastini oshirish va lokal moslashuvchan uch qiymatli chegaralash asosida tasvirdagi muhim ob’ektlarni ajratib olish usuli takomillashtirilgan;
to‘liq konvolyusion neyron tarmoq modeli asosida tabiiy tasvirlardan o‘zbek tilidagi matnlarini belgilash, ajratib olish va tanish jarayonining algoritmik usuli ishlab chiqilgan;
tasvirlardagi grafik ob’ektlarni aniqlab, ularni ichki va tashqi chegaralarini belgilagan holda taktil grafikasida ifodalash algoritmi va dasturiy vositasi ishlab chiqilgan;
ko‘zi ojiz shaxslar idrok etishi uchun tasvirlardagi o‘zbek tili matnlarini tovushli talaffuz qilish algoritmi va dasturiy vositasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘zi ojizlar uchun tasvirlardagi ob’ektlarni ajratib olish, matnlarni tanish va tovushli talaffuz qilish usullari, algoritmlari hamda dasturiy vositalarini yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tasvir rang qiymatlarining global kontrastini oshirish va lokal moslashuvchan uch qiymatli chegaralash asosida tasvirdagi muhim ob’ektlarni ajratib olishning takomillashtirilgan usuli, algoritmi va dasturiy vositasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida ishlab chiqarish va o‘quv jarayonlariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 3 dekabrdagi 33-8/8552-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘zi ojiz o‘quvchilar tomonidan ularga taqdim etilgan turli tasvir ob’ektlaridan iborat taktil grafikalarining 74 foizini aniq tanish imkoniga erishilgan;
to‘liq konvolyusion neyron tarmoq modeli asosida tabiiy tasvirlardan o‘zbek tilidagi matnlarni belgilash, ajratib olish va tanish jarayonining algoritmik usuli, algoritmi va dasturiy vositasi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvida axborot-xizmat ko‘rsatish jarayonlariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 3 dekabrdagi 33-8/8552-son ma’lumotnomasi). Natijada elektron fayllardagi o‘zbek tili matnlarini kompyuter tizimida talaffuz qilish orqali ko‘zi ojizlarning brayl yozuvidagi ma’lumotlarga nisbatan qisqa vaqt ichida katta hajmdagi axborotlarni olishiga erishilgan hamda tasvirlardagi yozuvlarni o‘qish va anglash imkoniyati yaratilgan;
tasvirlardagi muhim ob’ektlarni ajratib olish, matnlarni tanish va tovushli talaffuz qilish usullari, algoritmlari va dasturiy vositasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi hamda Xalq ta’limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazining ishlab chiqarish, o‘quv va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish jarayonlariga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 3 dekabrdagi 33-8/8552-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘zi ojiz shaxslarning kasb-hunarga yo‘naltirilgan professional ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘quv kurslari va to‘garaklarida taktil grafikasidagi o‘quv, tarqatma, ko‘rgazmaviy materiallardan foydalanish orqali ularning kasbiy qiziqishi va qobiliyatlarini rivojlantirish, tasavvur olamini boyitish hamda jamiyatdagi imkoniyatlarini kengaytirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish