Seylxanova Aynura Nurniyazovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Janubiy Orolbo‘yi malhamchi qo‘ng‘izlari (Coleoptera: Meloidae) biologik xilma-xilligi, ekologik xususiyatlari va amaliy ahamiyati», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/V1128.
Ilmiy rahbar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/2025.27.12.V.14.02.
Rasmiy opponentlar: Shamurotova Nagima Genjemuratovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Dauilbaeva Kulshat Kenesbaevna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Orolbo‘yi malhamchi qo‘ng‘izlari biologik xilma-xilligini baholash, taksonomik strukturasini aniqlash, ekologiyasini asoslash va kadastr tizimi uchun ma’lumotlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Janubiy Orolbo‘yi hududlarida olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida malhamchi qo‘ng‘izlarning biologik xilma-xilligining hozirgi holati baholanib, malhamchi qo‘ng‘izlarining 2 kenja oila, 6 ta triba, 9 ta avlodga tegishli bo‘lgan 27 ta turi aniqlangan;
Janubiy Orolbo‘yidan aniqlangan malhamchi qo‘ng‘izlardan, Mylabris undecimpunctata Fischer-Waldheim, 1844 turi O‘zbekiston faunasi uchun ilk bor va Epicauta erythrocephala Pallas, 1781, Mylabris coerulescens Gebler, 1841, Mylabris crocata Pallas, 1781, Hycleus polymorphus Pallas, 1771, Lytta deserti Semenov., 1890 kabi beshta tur Janubiy Orolbo‘yi hududlari uchun ilk bor aniqlangan;
Janubiy Orolbo‘yining malhamchi qo‘ng‘izlarining to‘rtta landshaft kesimida tarqalishi ochib berilgan, ilk bor Janubiy Orolbo‘yida tarqalgan malhamchi qo‘ng‘izlarning 27 ta tur tarqalish arealining xorologik, zoogeografik tahlil natijalari bo‘yicha 7 ta guruhga ajratilgan;
malhamchi qo‘ng‘iz lichinkalari zararli chigirtka kuzachalarida parazitlik qilib hamda trofik munosabatlari bo‘yicha 8 ta chigirtka turlari aniqlangan;
Janubiy Orolbo‘yi malhamchi qo‘ng‘izlarining yashash muhiti xususiyatlariga moslashuviga ko‘ra 6 ta ekologik guruhlarga ajratilgan hamda ularning populyasiyalarini ekologik baholashdan tashkil topgan “kadastr tizimi” ishlab chiqilgan;
Janubiy Orolbo‘yi malhamchi qo‘ng‘izlar individlarining boylik darajalari besh balli tizimda baholangan va har bir turning soni va zichligiga asosan holati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Janubiy Orolbo‘yi malhamchi qo‘ng‘izlari (Coleoptera: Meloidae) biologik xilma-xilligi, ekologik xususiyatlari va amaliy ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mavsumiy tarqalishini aks ettiruvchi 4 ta tasnif bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Mo‘ynoq tumani bo‘limi amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 3 iyundagi 02-01/18-1832-son ma’lumotnomasi). Natijada, Janubiy Orolbo‘yi hududlari malhamchi qo‘ng‘izlarining biologik xilma-xilligini baholash, mavsumiy dinamikasini aniqlash va kadastr ma’lumotlari ishlab chiqish imkonini bergan;
malhamchi qo‘ng‘iz turlarining barcha biogeotsenozlarda lichinkalarining uchrashi,ommobiy zararkunandalarni miqdorini cheklashda muhim o‘rin tutuvchi tabiiy entomofaglarning biologik samaradorligini aniqlash bo‘yicha tavsiyalar Mo‘ynoq, Bo‘zatov tumanlari hududidagi yaylov er maydonlarida amaliyotiga joriy etilgan (2024-yil 23-maydagi 03/08-1674 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, zarar keltiruvchi chigirtkalarga qarshi malhamchi qo‘ng‘izlar bilan Osiyo chigirtkasining zararlanishi 29,2 % va voha chigirtkalari tabiiy populyasiyasi tuxumlarining zararlanishi 32,8 % gacha ekanligi aniqlangan hamda Respublika hududlari bo‘ylab malhamchi qo‘ng‘izlar lichinkalari, yaylovlar o‘simlikari zararkunandalariga tabiiy qarshi kurashishda biologik kurash usuli sifatida qo‘llash choralarini ishlab chiqish imkonini bergan.