Muxammadiev Iskandar Axtam o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kam suv talabchan sementlar tarkiblarini optimallashtirish va ular asosidagi betonlar”, 05.09.05- “Qurilish materiallari va buyumlari”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4769.
Ilmiy rahbar: Yusupov Xamid Vaxobovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti”.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti.
PhD 26/26.01.2023.T.109.02
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Siddikov Ikromjon Iminjonovich hamda texnika fanlari nomzodi, dotsent Sultanov Aminjon Axatovich.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mikrokremnezyom, uchuvchan kul, barxan qumi va superplastifikator kabi komponentlarni qo‘llab, sement klinkeri miqdorini tejagan holda yuqori sifatli kam suv talabchan sement tarkiblarini optimallashtirish va ular asosidagi yuqori mustahkam betonlarning ishlab chiqarishda qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“sement klinkeri – mikrokremnezyom – uchuvchan kul – barxan qumi – superplastifikator va suv” komponentlar aralashmasida sement zarralarini mexanik faollashtirish ta’sirini hisobga olgan holda, amorf kremniy dioksid (SiO₂) qotish jarayonida hosil bo‘ladigan kalsiy gidroksid (Ca(OH)₂) bilan pussolan reaksiyaga kirishib, mustahkam kalsiy gidrosilikatlar (C–S–H) hosil qilishi natijasida zich va suvga chidamli yangi struktura hosil bo‘lishi aniqlangan;
optimallashtirishdan hosil bo‘lgan kam suv talabchan sementga mexanik faollashtirib qo‘shilgan mikrokremnezyom, uchuvchan kul hamda superplastifikator suv talabini 25% gacha kamaytirishi asoslangan;
kam suv talabchan sementning mayinlik darajasi yuqoriligi va tarkibida faol mineral qo‘shimchalarning mavjudligi hisobiga, yuqori mustahkam og‘ir betonlarning tarkiblari takomillashtirilgan;
sement sifatini pasaytirmasdan, klinker miqdorini mahalliy xom ashyo va sanoat chiqindisi hisobiga kamaytirib, KSS-55 - KSS-70 tipli sementlar asosida sinfi B40...B80 bo‘lgan og‘ir betonlar olishga erishilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Kam suv talabchan sementlar tarkiblarini optimallashtirish va ular asosidagi betonlar olish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
UCG “Qizilqumsement” AJ korxonasining sinov laboratoriyasida olingan natijalarni sinashda 2022-2023-yillarda sement klinkeri, mikrokremnezyom, uchuvchan kul, barxan qumi va JK-02 superplastifikator kabi tashkil qiluvchi komponentlarni mexanik faollashtirish hisobiga, struktura hosil bo‘lishi mexanizm ta’siri ilmiy asoslangan. Natijada, (sement klinkerini 15-20 % tejalgan) amaldagi standart talablariga javob beruvchi mahsulot olish imkoniyatiga erishilgan. (O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2025-yil 23-iyuldagi 02/15-2467-sonli ma’lumotnomasi).
Shuningdek, 2024-yilda ishlab chiqarish sharoitida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida kam suv talabchan sementning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari portlandsement bilan taqqoslab o‘rganilgan. Natijada, kam suv talabchan sementda portlandsementga nisbatan 12 % iqtisodiy samaradorlikka erishilgan. Olingan natijalar amaldagi me’yoriy hujjatlar talablari doirasida tasdiqlangan (O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2025-yil 23-iyuldagi 02/15-2467-sonli ma’lumotnomasi).
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tajriba-sinov natijalariga ko‘ra, 2025-yilda KSS-55 tipli sement asosidagi og‘ir betonning fizik-mexanik ko‘rsatkichlari hamda iqtisodiy samaradorligi portlandsement asosidagi og‘ir beton bilan taqqoslangan. Natijada KSS-55 tipli, kam suv talabchan sement asosidagi og‘ir betonning mustahkamlik ko‘rsatkichi portlandsement asosidagi og‘ir betonga nisbatan 20 % yuqoriligi asoslangan va tannarxi jihatidan arzon mahsulot olish imkoniyatiga erishilgan. Olingan natijalar amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini ko‘rsatgan. (O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2025-yil 23-iyuldagi 02/15-2467-sonli ma’lumotnomasi).