Zinatdinov Nuratdin Kobeysinovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sho‘rolar hokimiyatining Qoraqalpog‘istondagi musulmon ulamolariga nisbatan siyosati (1917–1941 yy.)”,  07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2022.1. PhD/Tar1025.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Koshanov Baxitbay Abdikerimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti. DSc.03/06.04.2024.Tar.20.05
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Abdullaev Utkir Ismoilovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Ramatullaev Maman Alisherovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti
II. Tadqiqotning maqsadi: 1917–1941-yillarda Qoraqalpog‘istonda partiya-sovet va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning islom dini va musulmon ulamolariga nisbatan olib borgan siyosatini o‘rganishdan iborat.
 III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Sovet hukumatining diniy siyosati ijtimoiy hayotdagi muhim o‘rin egallagan din va diniy muassasalarga qarshi yo‘naltirilgan bo‘lib, natijada nafaqat musulmon maktablar, masjid, mozor va madrasalarning moddiy manbalarini, balki ulamolarning iqtisodiy mustaqilligi va ularning ijtimoiy sinf sifatida yo‘q etilishiga yo‘naltirilganligi asoslangan;
Sovet tuzumi davrida islom diniga va musulmon ulamolariga nisbatan qattiq ta’qiblar natijasida ulamolarning xo‘jaligi, kitob va qo‘lyozmalari, boshqa ashyolari ham yo‘q qilinib, yoqib yuborilgan, bu nafaqat bir inson, balki xalqning ko‘p asrlik butun bir ma’naviy, madaniy dunyoqarash va boy ma’naviy merosining yo‘q qilinishiga olib kelganligi dalillangan;
Qoraqalpog‘iston sharoitida musulmon ulamolari va ularning oila a’zolarining barcha huquqlardan butunlay mahrum qilinishi va keyinchalik qatag‘on qilinishi sovet hokimiyati davrida ushbu "ijtimoiy maqom" odamlarning xotirasini va taqdirini belgilovchi stigmaga aylangiligi ta’kidlanadi;
Markaziy va mahalliy partiya-hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar (xususan, GPU–OGPU) tomonidan islom dini va musulmon ulamolariga nisbatan yuritilgan siyosatning mazmuni va shakllanish bosqichlarini yangi manbalar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida yoritish orqali din jamiyatning kundalik hayotida muhim ahamiyat kasb etganligi, islom dini qoidalari ijtimoiy ong va ijtimoiy me’yorlarda saqlanib qolganligi ko‘rsatib berilgan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqotda keltirilgan faktik materiallar oliy o‘quv yurtlari, bilim yurti, kollej va liseylarda vatan tarixi, din tarixi, dinshunoslik, siyosatshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha ma’ruzalar va maxsus kurslar o‘qitishda, shuningdek, dunyoviy va diniy ilmiy markazlar hamda muassasalarning ilmiy-tadqiqot ishlarida, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, dissertatsiyada keltirilgan materiallar Qoraqalpog‘iston tarixi bo‘yicha umumlashtiruvchi tadqiqotlar yaratishda, shuningdek, ijtimoiy fanlar kursi doirasida ma’ruzalar o‘qishda ham foydalanilishi mumkin.
Dissertatsiyaning amaliy ahamiyati, avvalo, ushbu mavzu bo‘yicha maxsus ilmiy adabiyotlarda mavjud bo‘lgan ma’lum bir bo‘shliqni to‘ldirishi bilan belgilanadi. Ishda keltirilgan tarixiy faktlar, nazariy qarashlar, umumiy fikr-mulohozalar va xulosalardan kelib chiqib shakllantirilgan amaliy takliflar mamlakatimizda fuqoralik jamiyati, demokratik davlatni shakllantirishda, davlat va din o‘rtasidagi aloqolarning mustahkamligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin.
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: Tadqiqot ishida yig‘ilgan va tahlil qilingan material, xususan, tadqiq etilayotgan davrda hokimiyat va ulamolar o‘rtasidagi munosabatlar tarixi haqidagi ma’lumotlar hamda ishlab chiqilgan xulosalar qonunchilik va ijro organlari tomonidan inobatga olinishi mumkin. Siyosiy partiyalar va jamoat harakatlari bu xulosalardan diniy birlashmalar bilan munosabatlar tamoyillarini shakllantirishda foydalanishlari mumkin. Shuningdek, tadqiqot materiallari davlatning din va dindorlarga oid siyosiy yo‘nalishini belgilash va amalga oshirishda amaliy asos sifatida xizmat qiladi.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi: Sovet hukumatining musulmon ulamolariga nisbatan olib borilgan siyosatini tahlil qilish jarayonida olingan ilmiy natijalar va ishlab chiqilgan takliflar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi:
Dissertatsiyada keltirilgan sovet hukumatining Qoraqalpog‘istonda musulmon ulamolariga nisbatan olib borgan qatag‘on siyosati, diniy muassasalarning yopilishi, ulamolarni ta’qib va qatag‘on qilishga oid ma’lumotlar, ishning ilmiy natijalaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida seminarlar o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasining 2025-yil 30-iyundagi 01-03/04-401-sonli ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2025-yil 30-iyundagi №249 ma’lumotnomasi).
Ilmiy izlanishlar natijasida tayyorlangan dissertatsiya ilmiy yangiligi, taklif va tavsiyalari, shuningdek, asosiy xulosalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokanali DMning Qoraqalpoq tilida efirga uzatilgan “Ruwxıylıq bostanı” va “Tariyx hám táǵdirler” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanildi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokanali Davlat muassasasining 2025-yil 18-iyuldagi №05-22/417 ma’lumotnoma va №05-22/45 dalolatnoma). Mazkur eshittirishlar orqali dissertatsiyada bayon etilgan ilmiy natijalar keng ommaga etkazildi hamda jamiyatda tarixiy xotirani mustahkamlash, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni qadrlash va bizning o‘rganayotgan muammo doirasida tarixiy tafakkurni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shdi.
Dissertatsiya ishida tayyorlangan ilmiy natijalar va yangiliklar, xususan, Sovet hokimiyati davrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Islom dini va musulmon ulamolariga nisbatan siyosatning mazmuni, ulamolarga nisbatan olib borilgan qatag‘on harakatlari, masjid-madrasalar faoliyati to‘xtatilishi, sovet hokimiyatining mafkuraviy shiorlari va ularning amaliy ijrosi kabi masalalar arxiv hujjatlari hamda joylarda olib borilgan dala yozuvlari asosida tahlil qilingan ma’lumotlar, shuningdek, mustaqillikdan so‘ng esa O‘zbekistonda vijdon erkinligining ta’minlanishi, bu boradagi huquqiy-me’yoriy asoslarning shakllanishi, hozirgi davrda masjid va madrasalarning faoliyati yuzasidan ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston musulmonlar qoziyotining imom-xatiblar bilan o‘tkaziladigan “Ma’naviyat soati” darslarida ma’ruza shaklida jamoatchilikka tatbiq etildi (Qoraqalpog‘iston musulmonlar qoziyotining 2025-yil 28-iyuldagi №146 ma’lumotnoma va №147 dalolatnomasi). Mazkur ilmiy tadqiqot natijalari tarixiy xotirani tiklash, tafakkurni shakllantirish va xolis yondoshuvni ta’minlash, diniy qadriyatlarni qadrlash va vijdon erkinligi tamoyillarini chuqur anglash uchun muhim manba vazifasini bajarib, musulmonlar qoziyatining diniy-ma’rifiy ishlarida foydalanilmoqda.
Sovet hukumati davrida Qoraqalpog‘istondagi musulmon ulamolari taqdiri va ularning ilmiy faoliyati haqidagi ma’lumotlaridan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari bo‘ylab olib borilgan dala yozuvlari materiallarini yig‘ish davomida avlodlarning uylarida saqlanib kelayotgan XIX va XX asrlarda yashab o‘tgan musulmon ulamolariga tegishli tarixiy materiallaridan (qo‘lyozmalar, kitoblar, rasmlar va boshqa buyumlar) Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyining ayrim ko‘rgazmalarning matnlarini tayorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyining 2025-yil 29-avgustdagi 01-02/03-174-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzeyga tashrif buyuruvchilarni ulamolar hayoti bilan bog‘liq oid dalillar bilan tanishtirishga xizmat qildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish