Tillaev Dilmurod Ollaberganovichning 
 falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asrning oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Tar1940
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat pedagogika instituti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti. DSc.03/2025.27.12.Tar.04.04
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Nurjanov Sabit Uzaqbaevich,  tarix fanlari doktori(DSc), professor.
Bekimmetov Umid Tajimuratovich, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori  
(PhD), dotsent.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ilmiy tadqiqotning asosiy maqsadi XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi tarixini yoritishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Yozma manbalar hamda eng so‘nggi tarixshunoslik tadqiqotlarini tahlil qilish asosida Xiva xonligida ham boshqa musulmon mamlakatlarida bo‘lgani kabi islom dininingta’siri kuchli bo‘lganligi natijasida hamda Qur’oni Karim va hadis kitoblarini chop qilish Alloh kalomini tahqirlaydi degan aqidaning hukmron bo‘lganligi, matbaaning bid’at deb qaralganligi uchun bosmaxonalar ancha kech tashkil qilina boshlaganligi aniqlangan;
arxiv ma’lumotlarini tahlil qilish asosida O‘rta Osiyoda birinchi tashkil qilingan Xiva toshbosmasi dastlabki davrlarda faqatgina saroy shoirlari va mumtoz adabiyot namunalarini cheklangan miqdorda chop qilganligi hamda ushbu kitoblar saroydan tashqariga deyarli chiqarilmaganligi, bosmaxona tijorat uchun ishlatilmagani borasidagi qarashlar rad qilinib, mazkur bosmaxonada ba’zida hukumat hujjatlari va boshqird-tatar mualliflari asarlar ham chop qilinganligi dalillangan;
mavjud manbalar tahlili asosida Xiva toshbosmasi nafaqat xonlikning madaniy taraqqiyoti, shu bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham juda muhim o‘rin tutganligi, bu erda faqat kitoblar emas, balki xonlikning qog‘oz pul birliklari, turli idoralar nizomlari, gazeta va jurnallar ham bosib chiqarilganligi ochib berilgan;
hozirgi kungacha xonlikda madaniy hayotning past darajada taraqqiy qilganligi, ayniqsa, kitobaatsan’ati va matbaa ishi umuman quyi darajada bo‘lganligi, Xivada birinchi ochilgan litotipografiya faqat saroy a’yonlari hamda xon saroyi uchun turli janrlardagi kitoblarni nashr etganligi hamda uning faoliyati madaniy taraqqiyotga umuman xizmat qilmaganligi borasidagi eski qarashlar rad qilinib, Muhammad Rahimxon II Feruz davrida qurilgan ko‘plab madrasa, maktab va kutubxonalar fondi aynan ushbu bosmaxona kitoblari bilan ta’minlanganligi isbotlangan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: XIX asrning oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi tarixining o‘rganilishi, davlat hamda shaxsiy kutubxonalar tuzilishi, tarkibi va taqdirini o‘rganish, qo‘lyozma asarlarning kodikologik xususiyatlarini ochib berish, toshbosma kitoblarning asosiy repertuarini aniqlash, biblio-psixologiya masalalarga oid fikr va mulohazalar yuritish ishning ilmiy ahamiyatini belgilaydi.
Tadqiqot natijalaridan tarix va maxsus tarix fanlari mutaxassislari keng foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, ushbu materiallardan Oliy o‘quv yurtlari, maxsus bilim yurtlari talabalari uchun yaratiladigan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va maxsus kurslar tayyorlash, shuningdek, ma’ruza hamda amaliy mashg‘ulotlarda keng foydalanish mumkin.
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: Tadqiqot natijalari, yig‘ilgan tarixiy ma’lumotlar, arxiv materiallari hamda ilmiy xulosalar Xorazm vohasi tarixiga oid ixtisoslashtirilgan kurslar tayyorlash, olingan ma’lumotlar tahlili natijalari va usullari vohatarixiga oid ilmiy izlanishlar, shuningdek, Xiva xonligi tarixi bo‘yicha maxsus kurslarni tayyorlash hamda turistik gidlar uchun material sifatida qo‘llanilishi mumkin.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:  XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi mavzusi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa hamda takliflar asosida:
dissertatsiya ishi doirasida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasining 2023–2024-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida tatbiq etilgan. Jumladan, tadqiqot natijalari, dissertatsiya xulosalari hamda tavsiyalaridan “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi huzuridagi muzeylar ekspozisiyalarini tizimlashtirish, san’at va badiiy hunarmandchilik namunalari, shu jumladan, ilk toshbosma uskunalari hamda ularda chop qilingan asarlarni targ‘ib qilish, muzeylarga xorijiy va mahalliy turistlar tashrifini kengaytirish, shu asosda O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondining 2025-yil 17-fevraldagi №01-14-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada ilgari surilgan taklif, tavsiya va xulosalardan Xiva toshbosmasi nafaqat xonlikning madaniy taraqqiyoti, balki ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham juda muhim o‘rin tutganligi, bu erda faqat kitoblar emas, shu bilan birga mamlakatning qog‘oz pul birliklari, turli idoralar nizomlari, gazeta va jurnallar ham bosib chiqarilgani ochib berilgan. Shu kabi ma’lumotlar milliy qadriyatlar va xalqimiz qoldirgan tarixiy merosni yanada chuqurroq o‘rganishga undaydigan targ‘ibot tadbirlarini o‘rganishga xizmat qilgan. Jumladan, tadqiqot davomida to‘plangan Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi haqidagi ma’lumotlari O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan tashkil qilingan turli ko‘rgazmalarda ekspozisiyalarni ishlash va ekskursiyalarda namoyish qilindi. (O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2025-yil 26-fevraldagi №01-sonli ma’lumotnomasi). Shu bilan birga, dissertatsiya natijalaridan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi madaniy-ma’rifiy faoliyati davomida tarixiy-madaniy merosni targ‘ib qilish, ko‘rgazmalarga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini kengaytirish hamda shu asosda O‘zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda foydalanildi. 
Xususan, tadqiqotchi tomonidan amalga oshirilgan ushbu mavzuga oid XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot ishi haqida to‘plagan ma’lumotlari nafaqat Xorazm viloyatida bosmaxona, nashriyot va matbuot ishi tarixini kengroqochib berish, shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham matbuot tarixini yanada kengroq o‘rganishga xizmat qiladi. Zero, bosmaxona, nashriyot va matbuot ishi Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida uzviy bog‘liqlikda taraqqiy qilgan. Shu nuqtai-nazardan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi telekanali” maxsus ko‘rsatuvlarida tadqiqotchi tomonidan tahlil qilingan XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi shakllanishi hamda taraqqiyot mavzusi bo‘yicha bugungi kunga qadar to‘plagan ma’lumotlar asosida muhim xulosalar asosida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi telekanali” 2025-yil 14-martdagi №05-22/163-sonli ma’lumotnomasi). Qoraqalpog‘iston Respublikasi telekanali jamoasi dissertatsiyada keltirilgan ma’lumotlardan tarixni o‘rganish, shu asosda o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, millatparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniy-tarixiy merosni o‘rganish va tadbiq qilish borasidagi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni hayotga tadbiq qilish jarayonida muhim deb hisoblaydi.
Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi tarixiga oid tayyorlangan ma’lumotlar, ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif  hamda tavsiyalardan Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”ning targ‘ibot faoliyatida ham tadbiq etilgan. Jumladan, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”ning 2024-yil uchun chora-tadbirlar dasturining IV yo‘nalishida belgilangan “Aholi o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, yangilanish jarayonlari va tub islohotlarga daxldorlik hissini uyg‘otish, tarixiy va muhim sanalarda ularni birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar” 23-bandi asosida yoshlarda yuksak vatanparvarlik, milliy g‘urur hamda iftixor tuyg‘ularini rivojlantirishda o‘rganilgan dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 9-iyundagi № 10/332-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqot natijalari XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Xorazmda bosmaxona, nashriyot va matbuot tizimi tarixini o‘rganish hamda jamiyatdagi tutgan o‘rnini yoritishga yordam beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish