Ravshanov O‘ktamali Rustam o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi e’loni

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy eroniylar tarixini o‘rganishda Buxoro muzeylari ashyolarining o‘rni”  mavzusidagi 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy obektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash hamda 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: “OAK Byulleteni” jurnalining 2026 yil 1-sonida B2026.1.PhD/Tar2615 raqami bilan ro‘yxatga olingan. 
Ilmiy rahbar: To‘raev Halim Hojievich tarix fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi PhD.05/2025.27.12.Tar.07.01 raqamli Ilmiy Kengash asosidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Bir martalik Ilmiy Kengash. 
Rasmiy opponentlar: Tarix fanlari doktori (DSc), dotsent Nabi Olimovich Xushvaqov, tarix fanlari doktori (DSc), v.b. professor Aminov Bobir Bomuradovich.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro muzeylari ashyolari asosida mahalliy eroniylar tarixini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
Buxoro muzey-qo‘riqxonasi fondidagi eroniy xalqlarga mansub bo‘lgan jami 500 dan ortiq tarixiy-madaniy ashyolar, jumladan160 ta metall buyumlar, 28 ta to‘qimachilik (mato) namunalari, 43 ta sopol buyumlar, 52 ta kitob, 8 ta xattotlik namunasi, 20 ta arxiv hujjatlari, 4 ta davriy nashrlar, 13 ta miniatyura, 88 ta numizmatik ashyolar, 13 ta tosh va marmar buyumlar, 12 ta fotomateriallar, 37 ta muhrlari, 39 ta yog‘och buyumlar, 3 ta kumush zargarlik buyumlari va 4 ta gilam kabi turkumlarga ajratilganligi, mazkur buyumlarning savdo-sotiq, harbiy-siyosiy voqealar, aholi migratsiyasi va ko‘chirish jarayonlari, ziyorat an’analari hamda madaniy-diplomatik aloqalar doirasida taqdim etilgan rasmiy sovg‘alar tarzida Buxoro hududiga kirib kelganligi ularning madaniy transfer jarayonlarini o‘rganishda muhim ilmiy manba ekanligi dalillangan;
Shialar ziyoratgohlari tasvirlari, marosim ishtirokchilari aks etgan fotomateriallar, shuningdek, vaqf hujjatlari, aza marosimlariga doir ruxsatnomalar va minnatdorlik yorliqlarining ilmiy pasportlardagi tavsiflari tahlili asosan Ashuro marosimlari, “chordah ma’sum” (o‘n to‘rt ma’sum)ga bag‘ishlangan marosimlar, “marakayi giryagirӣ” (yig‘i marosimi) hamda “pardozanӣ” (parda ortida sahnalashtirish) kabi diniy marosim an’analarini aks ettirganligi mazkur ashyolar hududga oid nomoddiy meros sifatida muzey kolleksiyalarining shialik marosim madaniyatini o‘rganishda noyob manba ekanligi asoslangan;
XIX asr oxiri ilmiy adabiyotlarida Buxoro hududida to‘qqizta husayniyaxonalar qayd etilgan bo‘lsa-da, vaqf ashyolarida saqlangan epigrafik matnlarni manbashunoslik va paleografik jihatdan o‘rganish natijasida manbalarda qayd etilmagan yana beshta husayniyaxona - Hoji Mirzo Ahmad, Hoji Ali, Mir Homid, Jo‘ybor hududidagi o‘n birinchi xonadon husayniyasi hamda ayollar uchun mo‘ljallangan Karbaloyi Begim husayniyasi faoliyat ko‘rsatganligi hududda diniy ob’ektlar infratuzilmasi shakllanganligi, ularning konfessional va ijtimoiy-madaniy o‘rnini, markaziy-boshqaruv tuzilmasini aniqlashtirish hamda tarixiy topografik rekonstruksiya qilish imkonini berganligi ko‘rsatib o‘tilgan;
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoro jamiyatidagi konfessional munosabatlar masalasi mahalliy ziyolilar tomonidan tanqidiy tahlil qilinganligi, xususan, Ahmad Donishning “Meyor ut-tadayyun” va Mirzo A’zim Somiyning “Mirotul yaqin” asarlarida eroniy aholining jamiyatdagi o‘rni, mazhablar o‘rtasidagi aqidaviy farqlar ijtimoiy ziddiyatlarni kuchaytiruvchi omil sifatida qayd etilganligi, biroq davlat boshqaruvi tizimi va diniy jamoalar tomonidan mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan rasmiy chora-tadbirlar etarli darajada amalga oshirilmaganligi, natijada, konfessional ziddiyatlar keskinlashib, turli to‘qnashuvlarga olib kelganligi muzey fondlarida saqlanayotgan aza marosimlariga oid ruxsatnomalar va minnatdorlik hujjatlari kabi rasmiy manbalarda yoritilganligi mazkur davrdagi ijtimoiy-diniy vaziyatning murakkab rakursli xususiyatini aniqlashga xizmat qilganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro muzeylarining eroniylarga oid moddiy va yozma manbalarni o‘rganish yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va takliflar asosida:
Eron moddiy madaniyatiga oid va Buxoro eroniylari etnografiyasi, amaliy va tasviriy san’at namunalari, diniy ashyolari chuqur tahlil qilinib, ko‘rgazmalarda namoyishga olib chiqildi. Ilmiy o‘rganishlar natijasida muzey-qo‘riqxonaning Buxoro xattotlik san’ati ko‘rgazmasida, Buxoro xonligi/amirligi ko‘rgazmasida, numizmatika va epigrafika ko‘rgazmasida, xattotlik ko‘rgazmalarida metall, sopol, yog‘och va boshqa turdagi ashyolar qayta o‘rganildi hamda qo‘shimcha fond eksponatlari bilan ko‘rgazmalar boyitilishiga doir tadqiqot natijalaridan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6000-son Farmonida belgilangan vazifalar va rejalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi 14-sentyabr 2024-yil 04-05/3416-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriylanishi yangi ko‘rgazma va kataloglarni yaratishda xizmat qilgan.
Buxoro muzeylari tarixi, undagi to‘plamlar tarixi, xususan, Eron moddiy madaniyatiga oid va Buxoro eroniylari etnografiyasi, amaliy va tasviriy san’at namunalari, diniy ashyolari chuqur tahlil qilinib, “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida chop etilgan “Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi” to‘plamida foydalanildi. Loyiha doirasida Buxoro muzeylarining turli to‘plamlarida mavjud noyob ashyolar ilk marotaba kitobda nashr qilindi hamda ularga ilmiy izohlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan “Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi” to‘plamini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining 23-iyun 2025-yil 42-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi o‘zbek xalqi tarixi va madaniy merosini asrash, unga doir bilimlarni takomillashtirishga xizmat qilgan.
Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi to‘plamlari va ulardagi eroniylarga oid ashyolar, muzey ashyolarining yig‘ilishi va turli kolleksiyalarga bo‘lishning nazariy jihatlari, tarixiy buyumlarning o‘z davri tarixini aks ettirish darajasi kabi muzeylar faoliyati bilan bog‘liq nazariy va amaliy yangiliklardan hamda mahalliy eroniylar madaniyatiga oid bugungi kunga qadar ilmiy muomalaga tortilmay kelayotgan yodgorliklar, qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan xattotlik va vaqf hujjatlari, Eronda va Buxoro eroniylari tomonidan yaratilgan turli hunarmandchilik namunalariga doir materiallardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Sayohatnoma”, “Bir eksponat tarixi”, “Yangi talqin” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 22-may 2025-yil 01-33/342-son ma’lumotnomasi). Natijalar Buxoro muzeylari va uning eroniylar madaniyatiga oid moddiy va yozma manbalar bilan jamoatchilikni tanishtirishda ilmiy asos vazifasini o‘tagan.
Buxoro eroniylari hamda ularning moddiy va yozma yodgorliklarini o‘rganish va targ‘ib qilishda, mahalliy eroniylar turli marosimlarda foydalangan metall, sopol, mato va yozma manbalarni ilmiy muomalaga olib chiqish va Eron Islom Respublikasidan tashrif buyuradigan mehmonlarga Buxoro tarixi, uning madaniy yodgorliklari, mahalliy eroniylar tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlardan Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi faoliyatida foydalanilgan (Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi 2-sentyabr 2025-yil 1/004-son ma’lumotnomasi). Natijada ikki mamlakatning mushtarak tarixi va bugungi kundagi madaniy hamkorligini yangi asosda yo‘lga qo‘yish uchun asos ishlab chiqildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish