Narkabulova Nargiza Chorshammievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Uzumning texnik navlaridan yuqori ozuqaviy qiymatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasining ilmiy asoslari” mavzusidagi 06.01.11-Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash ixtisosligi (texnika fanlari).
Ilmiy rahbar: Islamov Soxib Yaxshibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx. 02.02.
Rasmiy opponentlar: Muminov Najmiddin Shamsiddinovich, texnika fanlari doktori, professor; Medeya Ormotsadze, texnika fanlari doktori, professor; Normaxmatov Ro‘ziboy, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: uzumning texnik navlaridan yuqori ozuqaviy qiymatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologik elementlari va resepturalarining ilmiy asoslari hamda parametrlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati sharoitida uzumning texnik navlari xomashyosining tarkibini tahlil qilish asosida ularning texnologik me’yorlari (qandlilik 17%, kislotalilik 6%, sharbat chiqishi 650-700 l/t) aniqlangan;
uzumning qora g‘ujumli navlari sharbatida shifobaxsh moddalari mavjudligi va ularning miqdori aniqlangan (100 g sharbatda – gall kislota: 280-1367 mg, kversetin: 27-43 mg, apigenin: 13-14 mg, kempferol: 11-15 mg trans-resveratrol-3-glyukozid (stilben): 2,5-6,7 mg);
biologik faol moddalarga boy va antioksidant faollikka ega bekmes ishlab chiqarish texnologik parametrlari asoslangan (vakuum-bug‘latgich uskunalarida 70-75 ℃ haroratda, 0,01-0,02 MPa bosimda 45-50 daqiqa davomiyligida qaynatish);
uzumning mahalliy va xorijiy navlaridan shifobaxsh uzum malhami (eliksir) ishlab chiqarish texnologik parametrlari ishlab chiqilgan (dastlab xom-ashyoni muzlatish va maydalash, so‘ngra mezgali susloni 12 soat 46-48 ℃ haroratda ushlash va 65-70 ℃ haroratda pasterizatsiya qilish);
shifobaxsh uzum malhami (eliksir) qo‘shilgan (20 %) funksional non ishlab chiqarish resepturasi va texnologik jarayonlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent viloyati sharoitida etishtirilgan uzumning texnik navlaridan yuqori ozuqaviy qiymatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
uzumning texnologik me’yorlari (qandlilik, kislotalilik, sharbat chiqishi) yuqori va shifobaxsh moddalarga boy xomashyosini chuqur qayta ishlash ishlanmasi Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Mehnat agrofirmasi” MChJ korxonasida 100 tonna xajmdagi xomashyo uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 2 iyuldagi № 02-70/07-25 son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ishlab chiqarilgan mahsulot (bekmes) gall kislota, kversetin, apigenin va kempferol kabi shifobaxsh moddalarga boy bo‘lishi aniqlangan.
Toshkent viloyati Parkent tumanining tog‘oldi adirliklari sharoitida etishtirilgan uzumning texnik navlari asosida yuqori ozuqaviy qimmatga ega «Bekmes» ishlab chiqarish texnologik ishlanmasi Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Mehnat agrofirmasi” MChJ korxonasida bir mavsumda 100 tonna xajmdagi xomashyo uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 2 iyuldagi № 02-70/07-25 son ma’lumotnomasi). Buning natijasida uzumning yuqori sifatli texnik navlarining har bir etishtirilgan tonnasi hisobiga 246 litr yuqori ozuqaviy qiymatli «Bekmes» olingan. Ishlab chiqarishning rentabelligi 137% ni tashkil etgan.
uzumning biologik faol moddalarga boy texnik navlari asosida shifobaxsh «Uzum malhami (eliksir)» ichimligini ishlab chiqarish texnologik ishlanmasi Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Mehnat agrofirmasi” MChJ korxonasida bir mavsumda 150 tonna xajmdagi xomashyo uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 2 iyuldagi № 02-70/07-25 son ma’lumotnomasi). Buning natijasida uzumning har bir tonna xomashyosi hisobiga 710 litr shifobaxsh «Uzum malhami (eliksir)» ichimligi olingan. Ishlab chiqarishning rentabelligi 112% ni tashkil etgan.
uzum xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona va zavodlar uchun «O‘zbekistonda salomatlik eliksiri – “Uzum malhami” ishlab chiqarish» nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 2 iyuldagi № 02-70/07-25 son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma uzum xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona va zavodlarda uzum eliksiri ishlab chiqarish uchun texnik navlarni tanlash va mahsulot ishlab chiqarishda uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
biologik faol moddalarga boy texnik uzum navlaridan olingan “Uzum malhami”(eliksir) qo‘shilgan reseptura asosida funksional non ishlab chiqarish texnologiyasi “Qarshi mazali issiq nonlari” ma’suliyati cheklangan jamiyatida 50 tonna xajmda non ishlab chiqarish uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2025 yil 2 iyuldagi № 02-70/07-25 son ma’lumotnomasi). Buning natijasida “Uzum malhami” (eliksir) qo‘shilgan yangi brend funksional boyitilgan non (“UZUM BARAKA”) tayyorlash texnologik yo‘riqnomasi ishlab chiqilgan. Bunda har bir tonna tayyor non hisobidan (7,5 mln. so‘m) oddiy nonga (6,0 mln. so‘m) nisbatan 1,5 mln so‘m/tonna ko‘proq daromad olingan, iqtisodiy samaradorlik 38,8% ni tashkil etgan.