Temirov Abdulaziz Alimjanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklarida korporativ boshqaruv samaradorligini moliyaviy mexanizmlar asosida oshirish yo‘llari», 08.00.07 - Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Iqt543.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.01.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Bobur Ortiqmirzaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Berdiyarov Baxriddin Tavasharovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Yakubova Shamshinur Shuxratovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tijorat banklarida korporativ boshqaruv samaradorligini moliyaviy mexanizmlar asosida oshirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uslubiy yondashuvga ko‘ra “banklarda korporativ boshqaruv” tushunchasining iqtisodiy mazmuni faqat boshqaruv organlari o‘rtasidagi vakolatlar taqsimoti sifatida emas, balki aksiyadorlar, omonatchilar, menejment va regulyator manfaatlarini muvofiqlashtirish, axborot asimmetriyasini cheklash va ichki hamda tashqi nazorat mexanizmlarining integratsiyasi asosida bankning moliyaviy barqarorligi va shaffofligini ta’minlovchi kompleks boshqaruv tizimi sifatida takomillashtirilgan;
banklarda korporativ boshqaruv samaradorligini kompleks baholash uslubi ROA, ROE, NPL, CAR va LDR ko‘rsatkichlarini yo‘nalishiga ko‘ra me’yorlashtirish, vaznli integratsiya qilish va yagona boshqaruv indikatoriga transformatsiyalash orqali Korporativ boshqaruv samaradorligi indeksi (KBSI) ishlab chiqish hamda uning “barqaror samarali” (0,80-1,00), “mo‘’tadil” (0,60-0,79), “zaif” (0,40-0,59) va “tahlikali” (0,39 dan past) holatlari miqdoriy chegaralarini taklif etish asosida takomillashtirilgan;
tijorat banklari faoliyati samaradorligini strategik baholash matrisasi korporativ boshqaruv samaradorligi indeksi, raqamlashtirish darajasi, xususiylashtirishga tayyorgarlik va ESG omillarini me’yorlashtirilgan ko‘rsatkichlar asosida integratsiya qilish orqali banklarni strategik holatiga ko‘ra tabaqalashtirish hamda tashkiliy tuzilmani transformatsiya qilish yo‘nalishlarini aniqlash orqali takomillashtirilgan;
sof foyda, bank kapitali, kreditlar, hisob-o‘tkazma operatsiyalar hamda bank daromadlarining korporativ boshqaruvga ta’sirini baholash uchun Denton-Proportion usuli orqali lag farqli (FDL) ekonometrik modeli asosida tijorat banklari sof foydasi dinamikasining 2030 yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan;
tijorat banklari rivojlanish strategiyasining operatsion ijro bilan uzviyligini ta’minlovchi ichki infratuzilmani rivojlantirish va funsional guruhlash asosidagi detallashtirilgan uslubiyoti bozor dinamikasidan kelib chiqqan holda strategik muddatni 3 yilgacha optimallashtirish orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tijorat banklari faoliyatida korporativ boshqaruv samaradorligini moliyaviy mexanizmlar asosida oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
uslubiy yondashuvga ko‘ra “banklarda korporativ boshqaruv” tushunchasining iqtisodiy mazmuni faqat boshqaruv organlari o‘rtasidagi vakolatlar taqsimoti sifatida emas, balki aksiyadorlar, omonatchilar, menejment va regulyator manfaatlarini muvofiqlashtirish, axborot asimmetriyasini cheklash va ichki hamda tashqi nazorat mexanizmlarining integratsiyasi asosida bankning moliyaviy barqarorligi va shaffofligini ta’minlovchi kompleks boshqaruv tizimi” jihatidan takomillashtirishga oid mualliflik ta’rifidan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun tavsiya etilgan “Korporativ ma’lumotlarni tahlil qilish va qarorlar qabul qilish” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqishda foydalanilgan (TDIU rektorining 2024 yil 27 dekabrdagi 448-son buyrug‘i). Mazkur yangilangan ta’rifning o‘quv manbalarga kiritilishi natijasida talabalarning tijorat banklarida korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini chuqurlashtirish imkoni yaratilgan;
korporativ boshqaruv samaradorligi indeksi (KBSI) ning “barqaror samarali” (0,80-1,00), “mo‘’tadil” (0,60-0,79), “zaif” (0,40-0,59) va “tahlikali” (0,39 dan past) miqdoriy chegaralarini shakllantirishga doir taklif “Agrobank” ATB “Strategik sog‘lomlashtirish dasturi” va “Garant bank” aksiyadorlik jamiyati jamiyatining 2026-2027 yillar uchun rivojlantirish strategiyasi” ni ishlab chiqishda amaliyotga tatbiq etilgan (Agrobank ATB ning 25 mart 2026 yildagi 04-15/227-sonli ma’lumotnomasi va “Garant bank” aksiyadorlik jamiyatining 23 iyun` 2025 yildagi 02/64-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida hisoblangan KBSI indeksining 2 yil ichida optimal darajaga (0,60 va undan yuqori) chiqarish mumkinligini, bu esa o‘z navbatida bank aktivlari rentabelligini kamida 15-20 foizga oshirishga xizmat qilishi ko‘rsatib o‘tilgan;
tijorat banklari faoliyati samaradorligini strategik baholash matrisasi korporativ boshqaruv samaradorligi indeksi, raqamlashtirish darajasi, xususiylashtirishga tayyorgarlik va ESG omillarini me’yorlashtirilgan ko‘rsatkichlar asosida integratsiya qilish orqali banklarni strategik holatiga ko‘ra tabaqalashtirish hamda tashkiliy tuzilmani transformatsiya qilish yo‘nalishlarini aniqlash orqali takomillashtirilganligi ilmiy taklifi “Agrobank” ATB va “Garant bank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amaliyotga joriy qilingan (Agrobank ATB ning 25 mart 2026 yildagi 04-15/227-sonli ma’lumotnomasi va “Garant bank” aksiyadorlik jamiyatining 23 iyun` 2025 yildagi 02/64-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida “Agrobank” ATB ning 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi doirasida “Raqamli konsolidatsiya” strategiyasi tanlab olindi. Ushbu strategiya doirasida “AgroPay” va “Agromarkaz” kabi ekotizim elementlarining yagona texnologik platformaga integratsiya qilinishi bank operatsion xarajatlarini optimallashtirish, xususan an’anaviy bank xizmatlari tannarxini pasaytirish va xarajatlarni daromadlarga nisbati ko‘rsatkichini 10-12 foizga qisqartirish imkonini yaratgan. “Garant bank” aksiyadorlik jamiyatining 2026-2027 yillar uchun “Bank rivojlanish strategiyasi”da hamda “Bank faoliyatida innovatsion texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari dasturi”ni ishlab chiqishda foydalanilgan. Natijada bankning kapitallashuv darajasini ichki manbalar hisobidan oshirish va aktivlar likvidligini 15-20 foizga yaxshilash imkonini beruvchi amaliy echim yuzaga kelgan;
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida sof foyda, bank kapitali, kreditlar, hisob-o‘tkazma operatsiyalar hamda boshqa bank daromadlarining korporativ boshqaruvga ta’sirini ifoda etuvchi ekonometrik modellar asosida 2030-yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan foydalanish taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy qilingan (Agrobank ATB ning 25 mart 2026 yildagi 04-15/227-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida tijorat banklariga 2030-yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari asosida sof foyda hajmi 2,4 trln so‘mdan oshishi ekonometrik jihatdan isbotlangan;
tijorat banklari rivojlanish strategiyasining operatsion ijro bilan uzviyligini ta’minlovchi ichki infratuzilmani rivojlantirish va funsional guruhlash asosidagi detallashtirilgan uslubiyoti bozor dinamikasidan kelib chiqqan holda strategik muddatni 3 yilgacha optimallashtirish orqali takomillashtirish taklifi “Agrobank” ATB tomonidan “Strategik sog‘lomlashtirish dasturi” ni ishlab chiqishda amaliyotga joriy qilingan (Agrobank ATB ning 25 mart 2026 yildagi 04-15/227-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi banklarning 2024–2026 yillar strategiyasining yakuniy bosqichida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishdagi kamchiliklarni tezkor (operativ) tuzatish imkonini beradi va banklarning 2030 yilgacha bo‘lgan yangi rivojlanish dasturini “raqamli ijro zanjiri” asosida, risklarsiz shakllantirish uchun ilmiy-amaliy zamin yaratishi aniqlangan.