Koshanova Bibigul Turganbaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kislotali va tuzli suyuq sanoat chiqindilarini qayta ishlashning fizik-kimyoviy va texnologik asoslarini ishlab chiqish», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi, 11.00.05 – Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish  (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T932.
Ilmiy maslahatchilar: Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor; Reymov Axmed Mambetkarimovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.T.04.08 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Zakirov Baxtiyar Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor; Nurmurodov Tulqin Isamurodovich, texnika fanlari doktori, professor; Kurambaev Sherzod Raimbergenovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kimyo sanoatining suyuq chiqindilarini qayta ishlash asosida qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan tozalangan suv hamda kimyoviy mahsulotlar olishning resurs tejamkor texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kimyo sanoati korxonalarining ekologik yuklamasini kamaytirishda chiqindilarni qayta ishlashning ta’siri baholangan hamda chiqindilarning kimyoviy xususiyatlarini hisobga olgan holda ularni neytrallash, qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar olishning fizik-kimyoviy va texnologik asoslari ishlab chiqilgan;
2NH4⁺, 2K⁺ // SO4²⁻, 2Cl⁻ – H2O va K2SO4 – (NH4)2SO4 – H2O tizimlarida termodinamik hisoblar va eruvchanlik diagrammalari asosida komponentlarning o‘zaro ta’siri asoslangan hamda chiqindi suyuqliklardan sintetik yuvish vositalari uchun xomashyo sifatida burkeit, shuningdek, organomineral o‘g‘itlar - kaliy va ammoniy sulfatlar olish imkoniyati nazariy jihatdan asoslangan;
ilk bor ifloslangan sulfat kislota asosida organomineral o‘g‘itlar olish maqsadida flotatsion KCl ni dietilamin (DEA) yoki ammiak ishtirokida konversiya qilish jarayonining maqbul texnologik sharoitlari aniqlangan;
chiqindi absorbent - dietilenglikolni regeneratsiya qilish maqsadida DEG-NaCl-H2O va DEG-CaCl2-H2O tizimlarida natriy va kal`siy xloridlarining 20-100°C harorat oralig‘idagi eruvchanligining DEG konsentratsiyasiga o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan;
TDEG eritmasini bug‘latish jarayonida tuz cho‘kindilarini bosqichma-bosqich ajratib olishning texnologik omillarga bog‘liqligi aniqlanib, atrof-muhitni muhofaza qilish doirasida birinchi marta DEG konsentratsiyasini 80% gacha oshirish imkonini beruvchi TDEG ni regeneratsiya qilishning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
Na2CO3-Na2SO4-H2O tizimining eruvchanlik diagrammasi asosida nordon va neytrallangan sanoat chiqindi suvlaridan resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan texnologiya doirasida metil va etil spirtlari ishtirokida ekstraksiya usuli orqali tozalangan suv hamda burkeit olishning energiya tejamkor texnologik sharoitlari ishlab chiqilgan;
olingan organomineral o‘g‘itlarning agrokimyoviy sinovlari o‘tkazilib, ularning urug‘ unishi, nihol uzunligi va g‘unchalash bosqichiga ijobiy ta’siri isbotlangan;
resurstejamkor texnologiya asosida suyuq sanoat chiqindilardan yangi mahsulotlar olish, shuningdek, suv tanqisligi sharoitida suvni tozalash va uni texnologik jarayonga qayta qaytarish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ekstraksiya, konversiya va cho‘ktirish usullari orqali kimyoviy ishlab chiqarish chiqindi suyuqliklarini kompleks qayta ishlash va regeneratsiya qilish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kimyoviy ishlab chiqarish chiqindi eritmalaridan cho‘ktirish usuli orqali burkeit va tozalangan suv olish texnologiyasi «Uz-Kor Gas Chemical» MChJ QKning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati»ga kiritilgan («Uz-Kor Gas Chemical» MChJ QKning 2025 yil 9 apreldagi 01-4/12-157-son ma’lumotnomasi). Natijada, organik mahsulotlar ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan neytrallangan ishqoriy eritmalar asosida sintetik yuvish vositalari ishlab chiqarish uchun xomashyo olish imkonini beradi;
ifloslangan sulfat kislota eritmalari asosida konversiya usulida mineral o‘g‘itlar olish texnologiyasi «Elektrokimyozavod» AJ QKning «2026-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati»ga kiritilgan («Elektrokimyozavod» AJ QKning 2025 yil 1 avgustdagi 1/0108-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlatilgan sulfat kislota asosida mineral o‘g‘itlar olish imkonini beradi; 
chiqindi suyuqliklarni qayta ishlash texnologiyasi «Qo‘ng‘irot soda zavodi» MChJ QKning «2025-2028 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati»ga kiritilgan («Qo‘ng‘irot soda zavodi» MChJ QK ning 2025 yil 26 fevraldagi 86-02-son ma’lumotnomasi). Natijada, ikki bosqichli bug‘latish yo‘li bilan tozalangan tuz olish imkoniyati yaratiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish