Ibragimov Shavkat Narzikulovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Eksperimental o‘smalarni davolashda yangi mahalliy o‘smaga qarshi preparatlari-kolxaminol va kolxametinlarning radiosezuvchanlik ta’siri», 14.00.14–Onkologiya; 14.00.19–Klinik radiologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Tib200.
Ilmiy maslahatchi: Tillyashayxov Mirzagaleb Nigmatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.04/30.12.2018.Tib.77.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjibekov Marat Xudaykulovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Djuraev Mirjalol Dexqonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kadirova Dilbar Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston onkologiya va radiologiya ilmiy-tekshirish instituti (Almati, Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli o‘sma shtammali hayvonlarda yangi mahalliy o‘smaga qarshi kolxaminol va kolxametin preparatlarining radiosensibilizatorlik ta’sirini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sarkoma 180, Erlix solid o‘smasi, Uoker karsinosarkomasi va sarkoma 45 shtammali hayvonlarda kolxaminol va kolxametinning radiosezuvchanlik faolligi isbotlangan;
kolxaminol va kolxametinning nurlanish bilan birgalikda qo‘llaganda sinergik samara beradigan, immun statusga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan maqbul rejimlari ishlab chiqilgan;
Uoker karsinosarkomali kalamushlarda kolxaminol va kolxametin intratumoral yuborilganda nurlanish ta’sirini oshirishi isbotlangan;
kolxaminol va kolxametin preparatlarini kamaytirilgan dozadagi nurlanish (3Gr) bilan qo‘llaganda nurning salbiy ta’sirlari kamayib, ularning qo‘shma ta’siri nurlanishning 4,5Gr va 6Gr dozadagi ta’siridan yuqori bo‘lishi isbotlangan;
kolxaminol va kolxametinni nurlanish bilan birgalikda qo‘llaganda radiosezuvchanlik darajasi nurning 5-ftoruratsil bilan o‘sha dozalarda qo‘llashdan ko‘ra ancha yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xavfli o‘smalar nur terapiyasini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
radiosezgirlikni oshiruvchi vositalarni qo‘llash orqali xavfli o‘smalarni davolash samarasini oshirish bo‘yicha «Onkologik patologiyalarni davolashda nur ta’sirini kuchaytirish usuli» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 8n-r/479-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma o‘sma kasalliklarining nur davosi imkoniyatlarini oshirgan;
o‘sma ichiga nurga sezuvchanlikni kuchaytiruvchi preparatlarni yuborish orqali nur terapiyasi samarasini oshirish bo‘yicha «Xavfli o‘smalarni davolashda o‘sma ichi radiosezuvchanligini oshirish usuli» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 11 noyabrdagi 8n-r/480-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma o‘smalarning nur terapiyasi samarasini noan’anaviy tarzda oshirish imkonini yaratgan;
eksperimentda xavfli o‘smalarni nur terapiyasida radiosezgirlikni oshirish hisobiga davolash samarasini yaxshilashga qaratilgan ilmiy ish natijalari Toshkent tibbiyot akademiyasining oliy o‘quv yurtlararo ilmiy tadqiqot laboratoriyasining biologik tadqiqotlar bo‘limi hamda Toshkent farmatsevtika institutining koordinatsion birikmalar va biologik faol moddalarni farmako-toksikologik tahlili ilmiy tadqiqot laboratoriyasi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 13 noyabrdagi 8n-ya/269-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning taklif etilgan natijalari asosida xavfli o‘smalarni nur davosi samarasi o‘rtacha 33% ga oshgan, radiatsion terapiyaning gemopoezga va immunitetga salbiy ta’sirlari kamaygan hamda nurlanishning kamaytirilgan dozalarida ham yuqori natijalarga erishish imkonini ko‘rsatgan.