Xujanova Lobar Raimkulovnaning
falsafa doktori (PhD) himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetentligini rivojlantirish metodikasi”, 13.00.02 - Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (tarix) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Ped6650.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti
Ilmiy rahbar: Toshtemirova Saodat Abdurashidovna, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, DSc.01/2025.27.12.Ped.04.02.
Rasmiy opponentlar: Axmadjanov Doniyor Baxtiyor o‘g‘li, pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent; Yarmatov Raximboy Baxromovich, pedagogika fanlari doktori, professor 
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi bo‘lajak tarix o‘qituvchilarida didaktik kompetentlikni rivojlantirishning ilmiy-nazariy, metodik va texnologik asoslarini ishlab chiqish hamda uni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat. 
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
bo‘lajak tarix o‘qituvchisi didaktik kompetenligining besh komponentli konseptual tuzilmasi ilmiy asoslanib, uning differensiallashgan daraja ko‘rsatkichlari mezonlar asosida tartibga solingan hamda didaktik kompetentlik bilan didaktik madaniyat o‘rtasidagi ierarxik munosabatda kompetentlik salohiyat, madaniyat esa uning amaliy namoyon bo‘lishining oliy shakli sifatidagi konseptual ramka asosida nazariy-metodologik jihatdan takomillashtirilgan;
bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetentligi operativ-texnologik va tajribaviy-amaliy salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan mualliflik TDD (Tarixiy dalil didaktikasi), DARS (Darsni maqsadli rejalashtirish) va TALQIN (Metodik interpretatsiya) metodlari ishlab chiqilib, ularning nazariy bilim, loyihalash va pedagogik qaror qabul qilish jarayonlarini uzviy bog‘lash mexanizmi asosida kontekstli-metodologik ta’lim muhiti shakllantirilgan hamda bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining kasbiy-amaliy tayyorgarligiga nisbatan optimallashtirilgan;
bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining amaliy-texnologik hamda kreativ-modellashtirish kompetensiyalarini immersiv muhitda aktuallashtirishga yo‘naltirilgan TARIX-5K, TarixLab, IlmXarita, TarixIz, “Jonli tarix” va “Histmodel” kabi mualliflik modifikatsion didaktik texnologiyalari integratsiyasi asosidagi konseptual-funksional model ishlab chiqilib, undagi nazariy-metodik loyihalash va vizual idrok mexanizmlari tarix ta’limida tanqidiy tafakkur hamda mustaqil izlanishni faollashtiruvchi kognitiv-pedagogik muhit sifatida takomillashtirilgan;
bo‘lajak tarix o‘qituvchilarida didaktik kompetentlikni rivojlantirishning kompetensiyaviy, faoliyatli, refleksiv va konstruktivistik yondashuvlar sinergiyasiga asoslangan strukturaviy-funksional modeli ushbu jarayonni nazariya, metod va amaliyot kesimida shakllanuvchi ko‘p bosqichli yaxlit tizim sifatida talqin etuvchi konseptual ilmiy pozisiya asosida ishlab chiqilgan hamda uning mezonlari differensiallashgan baholash ko‘rsatkichlari vositasida optimallashtirilib, metodik tizim samaradorligini oshirishga doir amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetensiyasini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishlar natijasida:
bo‘lajak tarix o‘qituvchisi didaktik kompetentligining kognitiv-gnostik, aksiologik-motivatsion, prakseologik-operativ, empirik-tajribaviy va refleksiv-diagnostik komponentlardan iborat konseptual-tizimli tuzilmasi hamda uning rivojlanish darajalarini differensiallashgan mezonlar asosida tizimlashtirishga doir nazariy-metodologik taklif va tavsiyalar PZ-20170929789-sonli “O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonida ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda metodologik asos sifatida qo‘llanilgan (Oʻzbekiston Milliy universitetining 2026-yil 15-martdagi 01/11-01/6-795-son ma’lumotnomasi). Natijada oliy ta’lim muassasalarida bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetentligini bosqichma-bosqich rivojlantirish, uning komponentlararo integratsiyasini ta’minlash hamda pedagogik jarayonni refleksiv-diagnostik mezonlar asosida monitoring qilishning tizimli mexanizmi takomillashtirilgan;
didaktik kompetentlikning operativ-texnologik va tajribaviy-amaliy salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan metodikalarining kontekstli-metodologik asoslari va bu metodikalarning nazariy bilim, tizimli loyihalash va pedagogik qaror qabul qilish jarayonlarini uzviy integratsiya qilishga qaratilgan amaliy echimlari  bo‘yicha tahliliy natijalari “Tarix o‘qitish metodikasi” o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Guliston davlat universitetining 2025-yil 8-sentyabrdagi 167-O-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan 167-06-sonli guvohnomasi). Natijada ta’lim jarayonida talabalarda faqat nazariy bilimni emas, balki metodik loyihalash, dalilga asoslangan talqin va kasbiy faoliyatni boshqarishga doir operativ ko‘nikmalarni ham shakllantiruvchi yangi avlod ta’lim resurslarini takomillashtirishga erishilgan;
bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining amaliy-texnologik va kreativ-modellashtirish kompetentligini immersiv-vizual muhitda aktuallashtirishga qaratilgan modifikatsion didaktik tehnologiyalarning konseptual-funksional modellarining nazariy-metodik loyihalash va tadqiqotga asoslangan faoliyat mexanizmiga oid ilmiy-uslubiy takliflardan “60220300 –Tarix” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2025-yil 18-sentyabrdagi 02/01-01-362-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim tizimida vizual-immersiv idrok asosida mustaqil izlanish va amaliy-texnologik mahoratni rivojlantirish uchun institutsional asos yaratib, ta’lim jarayonida to‘liq integratsiyalashga xizmat qilgan;
bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetentligini rivojlantirishning kompetensiyaviy, reflektiv va konstruktiv yondashuvlar sinergiyasiga asoslangan strukturaviy-funksional modeli, shuningdek, dual tizim sharoitida nazariya va amaliyot integratsiyasi mexanizmini optimallashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Markaziy Kengashining “Yangi O‘zbekistonda ma’naviy etuk avlodni shakllantirish” nomli dasturiy yo‘nalishlarida hamda partiyaning ta’lim sohasidagi amaliy loyihalarida samarali foydalanilgan (Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining 2025-yil 6-noyabrdagi 19-05-96-sonli dalolatnomasi). Natijada, ta’lim klasterlarida bo‘lajak tarix o‘qituvchilarining didaktik kompetentligini takomillashtirishning metodik mexanizmlari partiyaning “Inson manfaatlari - oliy qadriyat” konseptual g‘oyasining ustuvor vazifalari bilan muvofiqlashtirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish