Xidoyatova Muxlisa Raxmatillaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Metabolik sindromda miokard shikastlanishining erta tashxislashning klinik-instrumental va bioximik mezonlari», 14.00.25–Klinik-laborator va funksional diagnostika (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib980.
Ilmiy rahbar: Aripov Abdumalik Nigmatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi DSc.27.06.2017.Tib.30.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xaybullina Zarina Ruslanovna, tibbiyot fanlari doktori; Xalimbetov Gulomjan Sultanbaevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot:Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: metabolik sindrom bilan xastalangan bemorlarda miokard shikastlanishini erta tashxislash va metabolik sindrom negizidagi yurak ishemik kasalligida kavergalning klinik va laborator ko‘rsatkichlarga ta’sirini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
metabolik sindromda miokarddagi proliferativ-distrofik o‘zgarishlar, parenximatoz yog‘li distrofiya va bo‘lmachalar devorlarida metabolik nekroz o‘choqlarining paydo bo‘lishi kardiomiotsitlarning lipid peroksidatsiyasi va antioksidant tizimidagi o‘zgarishlar sababli rivojlanganligi isbotlangan;
metabolik sindromli yurak disfunksiyasining klinik belgilari bo‘lmagan bemorlarda to‘qima miokardial dopplerografiyasi ko‘rsatkichlariga ko‘ra chap qorincha diastolik disfunksiyasining rivojlanishi va stress yuklamalardan keyin yurak - qon tomir tizimi reaksiyasi tiklanishining sekinlashishi aniqlangan;
metabolik sindromdagi miokardning o‘zgarishlarini va beqarorligini erta tashxislashda EKG bilan o‘tkazilgan yuklamali testlar (veloergometriya) natijalarini va to‘qima miokardial dopplerografiyasi ko‘rsatkichlarini kompleks baholash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan;
chap qorincha diastolik disfunksiyasini erta tashxislashda katestatin miqdorini aniqlash diagnostik ahamiyatga egaligi isbotlangan, bu gipertrigliseridemiyaning og‘irligi va HOMA-IR indekslari bilan bog‘liqliqligi, metabolik sindrom rivojlanishining dastlabki davrlarida katestatin miqdorining kamayishi negizida asosiy patologiyaning salbiy kechishi va yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi aniqlangan;
mahalliy antigipoksant bo‘lgan kavergalning HOMA-IR indeksi, dislipidemiya va yurak to‘qimasida proliferativ-distrofik o‘zgarishlar kamayishiga ta’siri aniqlanib, uning samaradorligi 3-(2,2,2-trimetilgidraziniy) propionatdan (monogidrat) yuqoriligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Metabolik sindromda miokard diastolik disfunksiyasini erta tashxislash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Metabolik sindromli bemorlarda miokard diastolik funksiyasining erta buzilishlarini tashxislashda to‘qima dopplerografiyasi” bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 7 maydagi 8n-d/104-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma metabolik sindromda miokard diastolik disfunksiyasini erta tashxislashni muvofiqlashtirish imkonini bergan;
metabolik sindromda miokard diastolik disfunksiyasini o‘rganish va tashxislashdan olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan, Samarqand viloyat kardiologiya dispanseri, Toshkent shahri «CLINIC PRO» tibbiy diagnostika markazi amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 28 dekabrdagi 8n-z/260-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi metabolik sindromda miokardning diastolik disfunksiyasining erta namoyon bo‘lishini o‘z vaqtida tashxislash, bemorlarning vaqtincha ishga layoqatsizlik vaqtini qisqartirish va iqtisodiy foyda olish imkonini bergan.