Pardaev Jalolidin Ahrorqul o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar: 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonning ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi” (Jizzax viloyati misolida), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  B2020.4.PhD/Tar767
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti. 
DSc 03/2025.27.12.Tar.11.01
Rasmiy opponentlar: Qarshi davlat universiteti, tarix fakulteti, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori (DSc) To‘raeva Matluba Xoliqulovna va “Shon-sharaf” davlat muzeyining “O‘zbekistonning ikkinchi jahon urushi davri tarixini o‘rganish” bo‘limi bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Babadjanov Xasan Baxtiyorovich.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Jizzax viloyati aholisining Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni ochib berishdan iborat.
 III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: 
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi hamda Jizzax viloyati va tuman mudofaa ishlari bo‘limlari arxiv hujjatlarini kompleks o‘rganish asosida hozirgi Jizzax viloyati hududidan Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilgan fuqarolar soniga aniqlik kiritilib, mavjud manbalardagi ma’lumotlar qayta ko‘rib chiqildi. Ilgari viloyatlar kesimida nashr etilgan “Xotira” kitoblari va boshqa manbalarda Jizzax viloyatidan urushga safarbar etilganlar soni 40 478 nafar deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, arxiv hujjatlari asosida olib borilgan tadqiqot natijasida viloyat shahar va tuman mudofaa ishlari bo‘limlaridan safarbar etilganlar soni 51 426 nafar ekanligi aniqlanib, ularning 8 012 nafari jang maydonlarida halok bo‘lganligi, 8 421 nafari bedarak yo‘qolganligi hamda 34 993 nafari urushdan qaytganligi dalillar asosida asoslab berildi va mazkur ko‘rsatkichlar shahar va tumanlar kesimida ilmiy tahlil qilindi;
Tadqiqot jarayonida “Xotira” kitoblari va boshqa manbalarda Jizzax viloyati shahar va tumanlaridan urushga safarbar etilganlardan 3 yoki 5 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar tanqidiy qayta o‘rganilib, jizzaxlik “Sovet Ittifoqi Qahramonlari” soni 8 nafar ekanligi aniqlashtirildi. Mazkur qahramonlarning urushga safarbar etilgan sanasi, chaqirilgan mudofaa ishlari bo‘limlari, xizmat qilgan harbiy qismlari, qatnashgan janglari hamda ko‘rsatgan jasorati uchun qahramonlik unvoni berilganligi haqida yangi ma’lumotlar to‘planib, ilmiy muomalaga kiritildi. Shuningdek, ularning urushdan keyingi faoliyati ommaviy axborot vositalari materiallari va og‘zaki tarix manbalari asosida yoritib berildi;
Jizzax viloyati aholisining 1941–1945-yillarda front ortida ko‘rsatgan fidokorona mehnati arxiv hujjatlari asosida tizimli ravishda tahlil qilinib, frontga yuborilgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamda moddiy pul mablag‘lari hajmi aniqlashtirildi. Jumladan, Jizzax, G‘allaorol, Forish, Zomin va Baxmal tumanlaridan frontga yuborilgan yordamlar oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamda pul mablag‘lari ko‘rinishida uch toifaga ajratilib o‘rganildi va ularning yillar kesimidagi statistik ko‘rsatkichlari shakllantirildi. Front ortidagi fidokorona mehnati uchun minglab jizzaxliklar 1945–1946-yillarda “Shavkatli mehnati uchun” medali bilan taqdirlanganligi arxiv hujjatlari asosida dalillandi;
Urush yillarida jizzaxliklarning insonparvarlik fazilatlari ham ilmiy jihatdan asoslab berildi. Jumladan, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan hamda majburan deportatsiya qilingan aholi Jizzax shahri, G‘allaorol, Zomin, Baxmal va Forish tumanlariga joylashtirilgani, ularni ish bilan ta’minlash jarayonida kasb-koriga alohida e’tibor qaratilgani aniqlashtirildi. Shuningdek, viloyatning Jizzax shahri, G‘allaorol va Forish tumanlarida bolalarni qabul qilish uchun “Mehribonlik uylari” tashkil etilgani aniqlanib, Jizzax shahridagi “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan 159 nafar bolaning shaxsiy hujjatlari o‘rganildi hamda ularning yoshi, millati va ko‘chirib keltirilgan hududlariga oid yangi ma’lumotlar ilmiy muomalaga kiritildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekistonning ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi (Jizzax viloyati misolida)” mavzusi bo‘yicha bajarilgan tadqiqot yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida: 
O‘zbekiston Respublikasi MDA, Jizzax viloyati va tuman mudofaa ishlari bo‘limlarining arxiv hujjatlarini o‘rganish natijasida hozirgi Jizzax viloyatidan urushga safarbar etilganlar va ularning taqdiri, jangda halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolganlar haqida viloyatlar kesimida nashr etilgan “Xotira” kitoblari va boshqa manbalarda hududdan safarbar etilganlar soni 40 478 nafar berilgani, tadqiqot natijasida ularning soni 51 426 nafar ekanligi (ularning 8012 nafari jang maydonlarida halok bo‘lgan, 8421 nafari bedarak yo‘qolgan, faqat 34 993 nafari urushdan qaytgan)ga oid materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi huzuridagi “G‘alaba Bog‘i majmuasi” fondini boyitishda foydalanildi (O‘zbekiston Respyblikasi Mudofaa Vazirligi huzuridagi “G‘alaba Bog‘i majmuasi” rahbarining 2024 yil 6-sentyabrdagi 42/691 son ma’lumotnomasi). Natijada arxiv maʼlumotlari, davriy matbuot materiallari majmua fondini tarixiy hujjatlar bilan yanada boyitilishi va unga tashrif buyruvchilarning Jizzax viloyati aholisining Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi bilan bog‘liq bilim va tassavurlarini kengayishiga xizmat qilgan.
“Xotira” kitoblari va boshqa manbalarda Jizzax viloyati shahar va tumanlari mudofaa ishlari bo‘limlaridan urushga safarbar etilganlarning 8 nafari (hozirgacha 3 yoki 5 nafar deyilgan edi) “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lganligiga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi huzuridagi “G‘alaba Bog‘i majmuasi” fondini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respyblikasi Mudofaa Vazirligi huzuridagi “G‘alaba Bog‘i majmuasi” rahbarining 2024 yil 6-sentyabrdagi 42/691 son ma’lumotnomasi). Ushbu materiallar majmuaga tashrif buyurgan yosh avlodning qalbida tinchlik va shukronalik his-tuyg‘ularini yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan. 
Urush yillarida Jizzax, G‘allaorol, Forish, Zomin va Baxmal tumanlaridan frontga jo‘natilgan ashyolar uch qismga: oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, pul mablag‘lariga bo‘lib o‘rganildi va ularning yillar kesimidagi statistik jadvali shakllantirilib, jangga ketganlarning oila a’zolariga ko‘rsatilgan moddiy yordamlar va front ortidagi fidokorona mehnatlari uchun minglab jizzaxliklar 1945-1946-yillarda “Shavkatli mehnati uchun” medali taqdirlanganliklariga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2024-yil birinchi yarim yillik ish rejasining 68 va 85-bandlarini ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2024 yil 6-sentyabrdagi 01-14/95-son buyrug‘i). Taqdim qilingan materiallar yosh avlodning qalbida tinchlik va shukronalik his-tuyg‘ularini yanada mustahkamlash kabi fazilatlarni shakllanishiga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibotlarni amalga oshirishga xizmat qilgan. 
Urush yillarida hududlardan evakuatsiya qilingan, majburan deportatsiya qilingan aholini viloyatning Jizzax shahri, G‘allaorol, Zomin, Baxmal va Forish tumanlariga joylashtirilganligi, Jizzax shahri, G‘allaorol va Forish tumanlarida bolalarni qabul qilish uchun “Mehribonlik uylari” tashkil etilganligi, undagi 159 nafar bolalarning shaxsiy hujjatlari asosida yoshi, millati, ko‘chirib keltirilgan manzillariga oid xulosalardan“O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tarix maydoni” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025 yil 1-dekabrdagi 01-33/906-son ma’lumotnomasi). Natijada, teletomoshabinlarning Jizzaxviloyati aholisining Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi bilan bog‘liq tasavvurlarini boyitilishiga va bugungi tinch, farovon hayotning qadriga etish, shukronalik tuyg‘usining yanada ortishiga xizmat qilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish