Artikov Ulug‘bek Latifjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Axsikatning Qoraxoniylar davri bo‘zrangli sopol idishlari”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Tar1498
Ilmiy rahbar: Abdulxamidjon Anarbaevich Anarbaev, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01 
Rasmiy opponentlar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovich Shirinov va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Normurodov Dilmurod Raxmatullaevich. 
Yetakchi tashkilot: Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraxoniylar davri Axsikatning bo‘zrang sopol idishlarini shahar moddiy madaniyatida tutgan o‘rnini aniqlash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Axsikatning Qoraxoniylar davri bo‘zrang kulolligi xomashyosining geokimyoviy va mineralogik tarkibi ilk bor ilmiy asoslandi. Laboratoriya tahlillari (XRF, XRPD) idishlarning mineral asosi kvars (45-55%) va feldshpat guruhi minerallaridan iborat mahalliy qumtuproqdan tayyorlanganini, tarkibidagi temir (Fe) va kalsiy (Ca) miqdori sifatli bo‘zrang sopol ishlab chiqarish uchun muhim xomashyo ekanligi aniqlandi. Kremniy (Si) va alyuminiy (Al) miqdorining yuqori ulushi buyumlarning yuqori haroratga bardoshliligi hamda sifatli shakllanish xususiyatini ta’minlagan.
Bo‘zrang idishlarning pishirish texnologiyasi va harorat tartibi Rishton kulolchilik markazida eksperimental sharoitda qayta tiklanib, ilmiy jihatdan asoslandi. Sopol tarkibida yuqori haroratda hosil bo‘lgan diopsid (CaMgSi2O6) kristall fazasining mavjudligi idishlar xumdonda 950-1050° C harorat oralig‘ida pishirilganini tasdiqladi. Rishton tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bo‘zrang tus va idishlardagi yuqori pishiqlik pishirish yakunida xumdon sovuguncha kislorodsiz muhitni saqlab turish orqali hosil qilingan. Kislorodning uzlyuksiz kirishi esa qayta pishirilgan bo‘zrang idishni qizg‘ish-sariqqa o‘zgarishiga olib kelishi laboratoriya va amaliyot uyg‘unligida dalillandi.
Axsikatda ishlab chiqarilgan Qoraxoniylar davriga mansub bo‘zrang sopol idishlarning bezak berish uslublari ilk bor xronologik jihatdan ikki asosiy bosqichga ajratilib ilmiy jihatdan asoslab berildi. Stratigrafik tadqiqot orqali XI–XII asr boshlarida chizma va kesish uslubidagi sodda geometrik naqshlar ustunlik qilganligi, XII–XIII asr birinchi choragida esa bosma va yopishtirma usullar uyg‘unligi natijasida zoomorf va o‘simliksimon murakkab naqshlar shakllanganligi statistik jihatdan aniqlandi. Bo‘zrang idishlarning rangi va tashqi ko‘rinish xususiyati orqali qimmatbaho metall va shisha buyumlarga taqlid qilinganligi dalillandi. Jumladan, och yashil tusli idishlar kumushga, to‘q kulrang yoki jigarrang idishlar esa mis va bronza idishlarga taqlid qilib yasalganligi ilmiy izohlandi.
Axsikatning Qoraxiniylar davri bo‘zrang sopol majmuasining davriy ketma-ketligi va kundalik hayotdagi o‘rni statistik tizimlashtirildi. Tadqiqotda jami bo‘zrang topilmalarning 81% qismi aynan Qoraxoniylar davriga to‘g‘ri kelishi va bo‘zrang idishlar kundalik sopol majmuasining beshdan bir qismini (19%) tashkil etishi isbotlandi. Statistik hisob-kitoblar faqatgina Qoraxoniylar davridagi ishlab chiqarish ko‘lamining 46% qismi XI-XII asr boshiga, 54% qismi esa XII-XIII asr birinchi choragiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi. Shuningdek, bo‘zrang idishlarning shakliy turlari (tipologiyasi) ilk bor tizimli tahlil qilinib, majmua tarkibida jami 16 turdagi idishlar mavjudligi ilmiy jihatdan aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Axsikentning Qoraxoniylar davriga xos bo‘zrang sopol idishlarni ishlab chiqarish texnologiyasi va ketma-ketligi eksperimental sharoitlarda qayta tiklanib, ilmiy jihatdan asoslanganligi, Axsikentda XI–XIII asr boshlariga mansub bo‘zrang sopol idishlarning shu davrda kamyob va qimmatbaho hisoblangan metall va shisha idishlarga taqlid qilib tayyorlanganligiga oid ma’lumotlardan “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ko‘hna manzillar” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 14-oktyabr 15-33/761-sonli ma’lumotnomasi). Bu ilmiy yangiliklar tomoshabinlarda Qoraxoniylar davri hunarmandchiligi to‘g‘risidagi bilimlarni oshirishga xizmat qiladi.
2023-yilda Axsikent yodgorligini “Ochiq osmon ostidagi muzey” konsepsiyasi doirasida muzeylashtirish maqsadida XIX obekt hududida arxeologik qazish ishlari davom ettirilgan. Tadqiqot davomida transheya usuli bilan olib borilgan izlanishlar natijasida madaniy qatlamlar kesimida to‘rtta qurilish davri aniqlangan. Qazishmalar jarayonida jami 391 ta arxeologik butun holda saqlangan sopol buyumlar qo‘lga kiritilgan. Shundan 177 tasi sirlanmagan, 139 tasi sirlangan va 75 tasi (umumiy majmuaning 19 foizi) bo‘zrangli sopol buyumlar turkumiga mansubdir. Mazkur topilmalar Axsikent yodgorligining madaniy qatlamlarini sinchiklab o‘rganish, hududda barpo etilayotgan “Ochiq osmon ostidagi muzey” ekspozisiyalarini yaratish hamda yangi qurilayotgan “Arxeologiya muzeyi” eksponatlari uchun zamon talablari asosida ilmiy tavsiflar tayyorlash jarayoniga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati hokimligining 2026-yil 4-aprel 08/2341-sonli ma’lumotnomasi). Dissertatsiyada to‘plangan ilmiy natijalar va tizimlashtirilgan ma’lumotlar O‘zbekistonning qadimgi tarixi va madaniyatini, xususan, Farg‘ona vodiysining qadimgi va o‘rta asrlar arxeologiyasini o‘rganishga, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlarning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish