Issaeva Saodat Saydullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Somatotrop gipofiz adenomalarida nur bilan davolashning erta va kechki natijalari», 14.00.03–Endokrinologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Tib421.
Ilmiy rahbar: Xalimova Zamira Yusufovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Najmutdinova Dilorom Qamardinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ibragimov Shavkat Narzikulovich, tibbiyot fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: S.D.Asfandiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gipofiz somatotrop adenomasida nur bilan davolashning erta va kechki natijalarini aniqlash hamda nur bilan davolash fonida kasallik natijalarini bashorat qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor nur bilan davolash samaradorligi klinik, gormonal va neyrovizualizatsion mezonlarining uzviy bog‘liqligi aniqlangan;
gipofiz somatotrop adenomasi mavjud bo‘lgan bemorlarda nur bilan davolashdan keyingi natija va bashoratni belgilovchi ko‘rsatkichlar isbotlangan;
somatotropinomalarda nur terapiyasi asoratlarining uchrash darajasi va nur terapiya samaradorligi bemor jinsi, yoshi, kasallik davomiyligi va adenoma hajmiga qarab aniqlangan;
ilk bor o‘sish gormoni, insulinga o‘xshash o‘sish omili-1 miqdorining davomli gipersekresiyasi hamda gipofiz adenomasi o‘lchamiga asoslangan matematik model` ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Akromegaliyada nur terapiyaning yoshga, kasallik davomiyligiga bog‘liq ravishda samaradorligini aniqlash, nur terapiyadan keyin rivojlanuvchi asoratlarning oldini olish va erta aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Akromegaliyada nur terapiyadan keyin bemorlarni yuritish algoritmi» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 25 sentyabrdagi 8n-r/375-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma akromegaliyali bemorlarda nur terapiyaning erta va kechki prognozini aniqlash asosida, profilaktika tadbirlarini rejalashtirish va erta residivga qarshi davolanish imkonini bergan;
nur bilan davolangan akromegaliyali bemorlarni tashxislash va davolash bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 21 oktyabrdagi 8n-d/230-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy qilinishi nur terapiyadan keyin akromegaliyali bemorlarda asoratlarni erta aniqlash, hayot sifatini yaxshilash, nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkonini bergan.