Qodirova Marg‘uba Bo‘rievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek va ingliz tillarida hurmat ma’nosini ifodalovchi vositalarning turlari, tipologiyasi va tarjimasi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2026.9.PhD/Fil.39.01
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Navoiy davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich filologiya fanlari doktori, professor
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Turon universiteti, PhD.03/2026.27.12.Fil.39.01
Rasmiy opponentlar: Baxriddinova Bashorat Ma’dievna filologiya fanlari doktori, professor; Sharipova Aziza Abdumanapovna filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillaridagi hurmat ma’nosini ifodalovchi leksemalar: hurmat ma’nosini ifodalovchi mustaqil so‘z turkumlari, undov so‘zlar, modal so‘zlar, verbal va noverbal vositalardan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
muloqot jarayonida hurmat va unga yondosh hodisalar farqlangan, sintezlashuv hodisasi va hurmat bilan tizimdosh hodisalarning izzat-ikrom-olqov-mulozamat-xushmuomalalik tarzida joylashuvi aniqlangan;
hurmat har ikki tilda insonga ta’sir o‘tkazishning fatik va informatik komponentlar yig‘indisi sifatida baholanib, hurmatni tushunish, natija kabi hurmat ma’nosini beruvchilar aniqlangan;
yuqori leksik ekvivalentlik kasb etuvchi o‘zbek va ingliz tillaridagi hurmat ma’nosini ifodalovchi vositalarning o‘zaro kontekstual-stilistik tarjimasini leksik-sintaktik transformatsiyalar orqali muvofiqlashtirish zarurligi tarjima qilinayotgan asar badiiy ruhi va saviyasini saqlab qolishda shartlanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida hurmat ma’nosini ifodalovchi vositalarning turlari, tipologiyasi va tarjimasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar hamda ishlab chiqilgan amaliy takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020–2023-yillarda amalga oshirilgan AM-F3-201908172-raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi ilmiy loyiha jarayonida foydalanildi. Jumladan, mazkur dissertatsiyada o‘zbek va ingliz tillarida hurmat ma’nosini ifodalovchi vositalarning leksik, grammatik va morfologik darajalarda tasniflanishi bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar hamda ushbu vositalarning funksional xususiyatlari yuzasidan amalga oshirilgan qiyosiy-tahliliy natijalar loyiha doirasida ishlab chiqilgan nazariy materiallarni boyitishda qo‘llanildi. Shuningdek, hurmat ma’nosini ifodalovchi leksik va morfologik birliklarning nutqiy qo‘llanishi bilan bog‘liq tahlillar asosida ishlab chiqilgan nazariy qarashlar ta’limiy korpus materiallarini shakllantirishda metodik asos sifatida foydalanildi.
Bundan tashqari, F3-201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy grant loyihasini bajarish jarayonida foydalanildi. Jumladan, dissertatsiyaning II bobida o‘zbek va ingliz tillarida hurmat ma’nosini ifodalovchi vositalarning turlari, tipologiyasi va tarjimasi hamda ularning leksikografik talqini yuzasidan bildirilgan ilmiy xulosalar loyiha doirasida ishlab chiqilgan ko‘p tilli elektron platformaning nazariy asoslarini shakllantirishda qo‘llanildi. Shuningdek, dissertatsiyaning III bobida o‘zbek va ingliz tillarida hurmat ifodalovchi vositalarning badiiy tarjimada berilishi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy tavsiyalar va xulosalardan elektron platforma materiallarini boyitish hamda tarjima namunalarini tizimlashtirish jarayonida samarali foydalanildi.
Shuningdek, dissertatsiyasida olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi hamda “O‘zbekiston” teleradiokanali faoliyatida foydalanildi. Xususan, dissertatsiyada hurmat ifodalovchi vositalarning muloqot psixologiyasi, gender jihatlari, til siyosati, rasmiy-huquqiy hujjatlar tili, boshqa tillar bilan qiyosiy tahlili hamda kompyuter lingvistikasi (matnni avtomatik tahlil qilish) bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bildirilgan ilmiy xulosalar va nazariy qarashlar telekanal faoliyatida qo‘llanildi. Shuningdek, o‘zbek va ingliz tillaridagi frazeologik birliklarning lingvokognitiv tahlili asosida ishlab chiqilgan, tilning barcha sathlariga daxldor lisoniy vositalarning invariant turlari tizimini qiyosiy-kognitiv-tipologik asosda yoritishga doir ilmiy natijalardan “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Millat va ma’naviyat”, “O‘zbekiston yoshlari”, “Ta’lim va taraqqiyot” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda (2024–2025-yillar) samarali foydalanildi. Mazkur tadqiqot natijalari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tarbiyaviy faoliyatni tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmunini boyitish hamda pedagogik-profilaktik tizimni takomillashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy asos sifatida joriy etildi.