Faleeva Anastasiya Vadimovnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hozirgi zamon ingliz tili kollokvializmlarining orfografik, leksik-semantik va morfologik-sintaktik xususiyatlari”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Fil759
Ilmiy maslahatchi: Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.37.02
Rasmiy opponentlar: Kiselyov Dmitriy Anatolevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Danieva Maysara Djamalovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Xushmurodova Shaxnoza Shaymonqulovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy ingliz so‘zlashuv tilining orfografik, leksik-semantik va morfologik-sintaktik tashkil etilishiga oid yangi tendensiyalarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
kollokvial so‘z va iboralarni tahlil qilish jarayonida o‘zgargan va qisqartirilgan shakllarni, unli va undosh tovushlarning almashuvini, harf tushib qolish hodisasini aniqlagan holda, orfografik rasmiylashtirishdagi ikkiyoqlamalilik, defisli, kichik harfli, bosh harfli yozilish, shuningdek, kollokvializmlarda ramzlar va raqamli belgilar ishtirokidagi strukturaviy tasnif ishlab chiqilgan;
so‘zlashuv ifodalarining komponentlari variatsiyasining leksik-semantik xususiyatlari yoritilgan, etimologik ma’lumotlarga murojaat qilish orqali implisit ma’noni dekodlash asosida so‘zlashuv birliklari tasniflangan, maskulin kolokvializmlar va feminin yo‘nalishga ega ekvivalent variantlar o‘rtasidagi oppozision munosabatlarning ifodalanish xususiyatlari ochib berilgan;
grammatik jinsiy klassifikatorlardagi o‘zgarishlar: jonsiz predmetlarga jonlilik belgilarining kiritilishi, genderga yo‘naltirilmagan olmoshlar shakllanishida ko‘plik morfologik kategoriyasining birlikka o‘zgarishi, sifatlarning qiyosiy, orttirma va superorttirma darajalarini hosil qilish yangi shakllarining gradatsion belgi va ierarxik ko‘rsatkichni farqlashdagi mobilligi, shuningdek, so‘zlashuv grammatikasida noto‘g‘ri fe’llar shakllari to‘g‘ri fe’llar bilan almashtirilishi isbotlangan;
transgender olmoshi they hamda sport diskursida we olmoshi bilan qo‘llaniladigan so‘zlashuv gaplarda yordamchi fe’llarning birlik va ko‘plik shakllarida ishlatilish variativligi namoyish etildi, kolokvial murakkab ergash gaplarda which va that ning o‘zaro almashinuvchanligining mustahkamlanishi, ravishlar va fe’llarning teskari tartibda joylashuvi bilan bog‘liq konstruksiyalarda ajratilgan infinitivning qo‘llanishi ortgani, shuningdek, ikki bog‘lama hamda ikki va uch modallikning strukturaviy tasniflari yaratilgan;
so‘zlashuv ingliz tilida morfologik-sintaktik moslashuv jarayonining o‘ziga xosligi temporal va areal omillar orqali ko‘rib chiqilgan; bu jarayon kontakt tillarning integratsiyasi ta’siri natijasida yuzaga kelib, romano-german til tarmog‘iga mansub xizmat so‘z turkumlarining kombinatsiyasi, shuningdek, gibrid tillar ta’siri ostida so‘roq gap tarkibidan yordamchi fe’llarning tushirib qoldirilishi bilan izohlangan;
bosma va elektron leksikografik manbalarda so‘zlashuv so‘z va ifodalarining darajaviy taqdim etilish xususiyatlari ochib berilgan, bunda lingvokulturologik so‘zlashuv leksikasining kengaytirilgan talqini, lingvistik o‘yinlar, statistik ma’lumotlar, multimediya materiallari hamda zamonaviy badiiy asarlar, qo‘shiqlar matnlari va ijtimoiy tarmoqlardan olingan misollarni kiritish hisobga olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz tili kollokvial tizimining ayrim darajaviy xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar quyidagi tarzda qo‘llanildi:
yashirin tematik ma’noga ega bo‘lgan va orfografik transformatsiyalarga uchragan so‘zlashuv birliklari tizimlashtirilib, ular 60230100–Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi (bakalavriat) talabalari uchun mo‘ljallangan “Zamonaviy ingliz tilining so‘zlashuv so‘z va iboralari qisqa tematik lug‘ati (mevalar, rezavorlar va yong‘oq-mevali ekinlar nomlarining yashirin ma’nosi)” nomli lug‘atni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qildi (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 28-martdagi № 194/30.02.01 ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy tadqiqot materiallari zamonaviy lug‘atlarda so‘zlashuv tematik guruhlarini tizimlashtirishda hamda so‘zlashuv ingliz tilining orfografik va punktuatsion me’yorlaridagi yangi tendensiyalarni to‘ldirishda aks ettirildi;
zamonaviy ingliz so‘zlashuv sintaksisidagi ustuvor sintaktik konstruksiyalar va ularning standart grammatika tizimiga ta’siriga oid xulosalar “English Access Microscholarship Program” loyihasi doirasida ilmiy izlanishlar sifatini oshirish jarayonida qo‘llanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 7-aprel 2025-yildagi № 931/02 ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy tadqiqot ma’lumotlari zamonaviy kontekstlarda so‘zlashuv grammatik me’yorlarini tizimlashtirish doirasida qayd etildi;
kollokvial ingliz tilida orfografik me’yorlar o‘zgarishining ikkiyoqlama va turlicha yondashuvlar asosida yozilish shakllariga ta’siri tahlili SUZ-800-21GR-3181 “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” xalqaro grant loyihasining nazariy asosini boyitishga xizmat qilgan (Qarshi davlat universitetining 10-aprel 2025-yildagi № 04/1296 ma’lumotnomasi). Natijada, xulosalar kurs loyihasi doirasida hamda onlayn resurslarni boyitishda qo‘llanildi;
grammatika, sotsiolingvistika, lingvokulturologiya va leksikologiya nuqtai nazaridan nazariy hamda amaliy natijalarni qo‘llashga oid materiallar “Samarqand ovozi” dasturi ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 18-apreldagi 01-07/155-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, so‘zlashuv so‘zlari va so‘z birikmalarining leksik-semantik xususiyatlarini aniqlashga oid materiallar lingvistik va ekstralingvistik omillarni jalb etgan holda “Samarqand ovozi” radio dasturiga kiritildi;
kollokvializmlarning orfografik va tematik tasnifi, morfologiya va sintaksisdagi yangi tendensiyalarni o‘rganishga doir amaliy takliflar KA-3-007 “O‘zbekistonda fan va ta’lim integratsiyalashuvi jarayonining ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy, konseptual falsafiy muammolari tahlili” loyihasida qo‘llanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 23-may 2025-yildagi № 04/11-6457 ma’lumotnomasi). Natijalar ingliz so‘zlashuv tilini orfografik, leksik-semantik va morfologik-sintaktik jihatdan tizimli o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
Britaniya, Amerika, Yangi Zelandiya va Avstraliya ingliz tillaridagi kollokvializmlarda yashirin ma’no xususiyatlari, qo‘shiqlar matnlari, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy badiiy adabiyot asosida tahlil qilingan leksik-semantik o‘ziga xosliklar, shuningdek, so‘zlashuv sintaksisida ikki modal fe’l birikmalari va multimodal gaplarning qo‘llanilishi (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 12-iyul 2025-yildagi № 01/4-3084 ma’lumotnomasi) doirasidagi loyihaga tatbiq etilgan. Natijalar lug‘at manbalari, o‘quv materiallari va innovatsion ilmiy loyiha asosida ta’lim jarayonini mustahkamlashga qaratilgan yangi yondashuvlar sifatida qo‘llanilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish