Suyunov Rashid Uktamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Asalarilar varroatozining epizootologiyasi va olingan asalni veterinariya-sanitariya jihatdan baholash”, 03.00.06 - Zoologiya (veterinariya fanlari), 16.00.04 - Veterinariya farmakologiyasi va toksikologiyasi. Veterinariya sanitariyasi, ekologiyasi, zoogigienasi va veterinar-sanitariya ekspertizasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2025.1.PhD/V151
Ilmiy rahbar: Yunusov Xudaynazar Beknazarovich, biologiya fanlari doktori, professor, Ibragimov Furkat Burievich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomiSamarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.08/2025.27.12.V.11.01.
Rasmiy opponentlar: Xoliqov Abror Azamovich, veterinariya fanlari doktori, dotsent; Isaev Jasur Muzaffarovich, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi L.M.Isaev nomidagi mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy tadqiqot institutini.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Asalarilarda varroatozning tarqalish darajasi va yil fasllari bo‘yicha epizootik dinamikasini aniqlash, kasallikka qarshi xorijiy va mahalliy dori vositalarini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, varroatoz bilan zararlangan asalarilardan olingan asalni veterinariya-sanitariya jihatdan baholash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Asalari varroatozining invaziya ekstensivligi Samarqand viloyatida o‘rtacha 33,3 %, Qashqadaryo viloyatida 40 %, Buxoro viloyatida 23,3 % va Xorazm viloyatida 30 % ni tashkil etishi aniqlangan;
Varroatozning mavsumiy dinamikasi, bahor faslida o‘rtacha 26,6 % ni, yoz faslida 33,3 % ni, kuz faslida 21,7 % ni, qish faslida esa 13,3 % ni tashkil etganligi hamda invaziya ekstensivligining eng yuqori ko‘rsatkichi yoz fasliga to‘g‘ri kelishi aniqlangan;
ilk bor qiyosiy tajribalar asosida Bipin-T va Flusin preparatlarining varroatozga qarshi samaradorligi baholandi. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Bipin-T preparati 92,1 %, Flusin preparati esa 89,7 % davolovchi ta’sirga ega ekanligi ilmiy jihatdan isbotlandi;
Varroatoz bilan zararlangan asalarilar oilalaridan olingan asal namunalarining hidi, ta’mi va konsistensiyasi sog‘lom asalarilar asaliga nisbatan mos ravishda 1,4; 1,3 va 1,33 ballga past ekanligi aniqlangan;
Varroatoz bilan zararlangan asalarilar oilalaridan olingan asalda namlik miqdori 2,9 % ga yuqori, diastaza fermenti faolligi 4,1 Gote birligiga past, pH ko‘rsatkichi 0,4 ga kislotaligi yuqori, hamda invert shakar miqdori 7 % ga kamligi ilmiy asoslangan;
asalarilarning varroatozida ulardan olingan asal namunalarida qo‘rg‘oshin (0,12 mg/kg), kadmiy (0,06 mg/kg) hamda amitraz qoldiqlari (0,13 mg/kg) miqdori GOST standartida ruxsat etilgan darajadan yuqori ekani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Asalarilar varroatozining epizootologiyasi va olingan asalni veterinariya sanitariya jihatdan baholash bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalari asosida:
“Asalarilar varroatozi va zararlangan asalarilar oilalaridan olingan asalni veterinariya-sanitariya jihatidan baholash” bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va asalarichilik amaliyotiga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 18-dekabrdagi №02/23- 941- son ma’lumotnomasiga asosan). Mazkur tavsiyalar qo‘llash natijasida asalarichilik xo‘jaliklarida varroatozni 92,1% ga kamaygani, asalarilarning o‘limi esa 8% dan oshmagani hamda olingan asalda diastaza fermenti faolligini 4,1 Gote birligiga, invert shakar miqdorini 7 % oshirishga erishilgan;
Varroatozga qarshi Flusin preparatini (1 ml/5 l dozada 7 kun oralig‘ida 3 marta purkash usulida) qo‘llash bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqilib xo‘jaliklarga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 18-dekabrdagi №02/23- 941- son ma’lumotnomasiga asosan). Natijada fermer xo'jaliklarida vorroatoz kasalligini kamayishiga, dori preparatlari qoldig‘i mavjud bo‘lmagan eksportbob asal etishtirishga erishilgan;
Varroatozda olingan asal tarkibining organoleptik, biokimyoviy va toksikologik tarkibini aniqlash asosida asalning hidi, ta’mi, konsistensiyasi, diastaza fermenti faolligi, pH ko‘rsatkichi, invert shakar miqdori, qo‘rg‘oshin, kadmiy, amitraz qoldiqlari miqdorini aniqlashga asoslanib baholash usuli ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 18-dekabrdagi №02/23- 941- son ma’lumotnomasiga asosan). Natijada eksport qilinadigan asalni veterinariya sanitariya jihatdan kompleks baholashga erishilgan.