Mamaraximov Sirojiddin Murtazaevichning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Otlarning xususiy birikuvchilari va birikuvchanlik lug‘atini tuzishning lingvistik asoslari”. 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil4014.
Ilmiy rahbar: Sharipov Fazliddin Galievich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.40.01.
Rasmiy opponentlar: Urinboeva Dilbar Bazarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Ibragimov Javlon Yormatovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi otlarning xususiy birikuvchilarini aniqlash, ularning chap va o‘ng tomon birikuvchanlik lug‘atlarini yaratishdagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
otlarning grammatik jihatdan hokim qism mavqeyida kelib ma’noviy moslik asosida boshqa leksemalarni o‘ziga tortishiga ko‘ra biriktiruvchi, tobe qism tarkibida esa ma’noviy va grammatik jihatdan o‘ziga mos leksemalarga tortilishiga ko‘ra birikuvchi mavqeyida bo‘lishi misollar asosida dalillangan;
ot leksemalarining xususiy birikuvida egalik va kelishik kategoriyalarining o‘rni ularning grammatik jihatdan tortuvchi va birikuvchi mavqeyida voqelanish bilan bog‘liqligi kitobim, ona, opa, o‘roq, bolg‘a, qovurdoq, to‘shak, ko‘chat, burchak kabi leksemalar tahlili misolida ochib berilgan;
birikuvchanlik hosil qilishda mustaqil grammatik kategoriya sifatida kesimlik kategoriyasi alohida valentlik imkoniyatiga ega bo‘lishi ot leksemalarida voqelanish darajasi grammatik shakl valentligi tizimiga xos umumiy qonuniyat hamda chap va o‘ng tomon birikuvchilarining birikishida alohida lisoniy hodisa ekanligi isbotlangan;
otlarning chap va o‘ng tomon birikuvchanligining lingvistik xususiyatlari asoslanib, ularning qiyosiy-statistik tahlili amalga oshirilgan va ot so‘z turkumidagi xususiy birikuvchanlik lug‘atini tuzishning nazariy asoslari ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Otlarning xususiy birikuvchilari va birikuvchanlik lugʻatini tuzishning lingvistik asoslarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
otlarning grammatik jihatdan hokim qism mavqeyida kelib ma’noviy moslik asosida boshqa leksemalarni o‘ziga tortishiga ko‘ra biriktiruvchi, tobe qism tarkibida esa ma’noviy va grammatik jihatdan o‘ziga mos leksemalarga tortilishiga ko‘ra birikuvchi mavqeyida bo‘lishi misollar asosida dalillanganligiga oid faktik materiallar, tahlil va xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL- 662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” (“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidagi gʻazallar asosida) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 11-apreldagi 01/4-1344-son ma’lumotnomasi). Natijada, mualliflik korpusi ma’lumotlar bazasi ot leksemalarning til tizimidagi o‘rni, ularning lisoniy xususiyatlariga oid nazariy ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
birikuvchanlik hosil qilishda mustaqil grammatik kategoriya sifatida kesimlik kategoriyasi alohida valentlik imkoniyatiga ega bo‘lishi ot leksemalarida voqelanish darajasi grammatik shakl valentligi tizimiga xos umumiy qonuniyat hamda chap va o‘ng tomon birikuvchilarining birikishida alohida lisoniy hodisa ekanligiga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida amalga oshirilgan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajarilgan IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi innovatsion grant loyihasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 11-apreldagi 01/4-1346-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida morfologik analizator ma’lumotlar bazasi ot leksemalarning til tizimidagi o‘rni, ularning semantik-struktur xususiyatlariga oid nazariy ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
otlarning chap va o‘ng tomon birikuvchanligining lingvistik xususiyatlari asoslanib, ularning qiyosiy-statistik tahlili amalga oshirilgan va ot so‘z turkumidagi xususiy birikuvchanlik lug‘atini tuzishning nazariy asoslari ishlab chiqilganligiga oid xulosalaridan Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Til – millat ko‘zgusi” ko‘rsatuvining dasturini tayyorlashda foydalanilgan (Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 19-martdagi 103-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillar bilan boyigan.