Bo‘riev Zokir Jumaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda suvtejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llashning tuproq meliorativ holati va g‘o‘za hosildorligiga ta’siri”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1241
Ilmiy rahbar: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Jamoliddin Saparboy o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ziyatov Musulman Panjievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rtacha sho‘rlangan o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda turli sug‘orish usullari va qator oralarini mulchalashning sug‘orish suvi va mineral o‘g‘itlar sarfini 25-30% kamaytirish, tuproqning sho‘rsizlanishi va paxta hosilini oshirishga ta’sirini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘rtacha sho‘rlangan o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlar sharoitida sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 65-75-70% tartibda g‘o‘za qator oralari gektariga 20 tonna organo-mineral kompostlar bilan mulchalanib, tomchilatib sug‘orilganda g‘o‘zadan 43,6 s/ga hosil olinib, oddiy tomchilatib sug‘orishga nisbatan organo-mineral kompostlarning hisobiga 6,7 s/ga qo‘shimcha hosil olish mumkinligi ilmiy asoslangan;
o‘rtacha sho‘rlangan o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda ingichka tolali Termiz-202 g‘o‘za navini gektariga 20 tonna organo-mineral kompostlar bilan mulchalab, tomchilatib sug‘orishda 2-5-3 tizimda gullashgacha 260-315 m3/ga, gullash-hosil to‘plash davrida 325-360 m3/ga, pishish davrida esa 300-320 m3/ga me’yorlarda jami 10 marta sug‘orish maqbul ekanligi aniqlangan;
sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 65-75-70% tartibda egatlab sug‘orishga nisbatan g‘o‘za qator oralari 20 t/ga organo-mineral kompostlar bilan mulchalanib, tomchilatib sug‘orilganda mavsum oxirida nazoratga nisbatan haydov qatlamida tuproq hajmiy massasi 0,06 g/sm3 ga kamayib, g‘ovaklik 2,1%, suv o‘tkazuvchanlik 76 m3/ga, harkatchan oziq moddalar miqdori NO3 -4,1, P2O5-2,4, K2O-13 mg/kg ga ortishi isbotlangan;
tomchilatib sug‘orishda qator oralarini qora plyonka va kompostlar bilan mulchalash hisobiga nazoratga nisbatan suv sarfi 1893-2058 m3/ga tejalib, hosildorlik 3,0-7,2 s/ga va rentabellik 21,0-27,5% yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rtacha sho‘rlangan o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlar sharoitida resurstejamkor sug‘orish usullari va g‘o‘za qator oralarini turli xil mulchalash texnologiyalarini qo‘llashni ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“O‘rtacha sho‘rlangan tuproqlarda tomchilatib sug‘orish va ayrim elementlarini qo‘llashning tuproq meliorativ holati va g‘o‘za hosildorligiga ta’siri” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va foydalanilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 21-iyuldagi 05/04-04-413-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma tomchilatib sug‘orish joriy etilgan fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
g‘o‘zaning ingichka tolali Termiz-202 navini parvarishlashda mineral o‘g‘itlarning yillik me’yori N200P140K100 kg/ga fonida egatlab va kamaytirilgan mineral o‘g‘itlar me’yori N150P105K75 kg/ga fonida qator oralari qora plyonka va kompostlar bilan mulchalanib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi Termiz tumani “Nurmuhammad namuna” fermer xo‘jaligining 10 ga maydonida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 21-iyuldagi 05/04-04-413-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, 20 t/ga organo-mineral kompostlar bilan qator oralari mulchalanib, tomchilatib sug‘orilganda hosildorlik 37,2 s/ga ni tashkil etib, nazorat variantga nisbatan 5,9 s/ga ga, qator orasi qora plyonka bilan mulchalab, tomchilatib sug‘orilganga nisbatan 0,5 s/ga qo‘shimcha hosil olib rentabellik 35,3% ga teng bo‘lgan;
Jarqo‘rg‘on tumanida ingichka tolali g‘o‘zadan yuqori hosil olishda turli sug‘orish usullari va qator oralarini turli mulchalash “Abduraxmon” fermer xo‘jaligining 14,0 ga, Abbos AR” fermer xo‘jaligining 13,5 gektarli dalasida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 21-iyuldagi 05/04-04-413-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, oddiy egatlab sug‘orilgan variantda hosildorlik 31,3-35,6 s/ga ni tashkil etgan holda, g‘o‘za qator orasi qora plyonka bilan mulchalab, tomchilatib sug‘orilganda hosildorlik 36,1 s/ga teng bo‘lgan, gektariga 20 tonna organo-mineral kompostlar bilan qator oralari mulchalanib, tomchilatib sug‘orilganda hosildorlik 39,2 - 40,8 s/ga bo‘lib, ishlab chiqarishdagi nazoratdan gektariga 5,2-7,9 s ga yuqori hosil olishga erishilgan.