Madusmanova Nazira Kuchkarbaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Atrof-muhit ob’ektlarida Cr (III), Mn (II), Fe (III), Zn (II) ionlarini aniqlashning sorbsion-spektroskopik usullarini ishlab chiqish», 02.00.02 – Analitik kimyo, 11.00.05 – Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/K227.
Ilmiy maslahatchilar: Yaxshieva Zuxra Ziyatovna, kimyo fanlari doktori, professor; Smanova Zulayxo Asanalievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.K/T.12.05 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qutlimurotova Nigora Xakimovna, kimyo fanlari doktori, professor; Abdurahmonov Ilhom Ergashboevich, kimyo fanlari doktori, professor; Muhamedov Qobiljon Gafurovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: atrof-muhit obektlaridan Cr (III), Mn (II), Fe (III), Zn (II) ionlarini immobillangan nitrozo hamda sulfo guruh tutgan reagentlar bilan aniqlashning ekspress, yuqori tanlab ta’sir etuvchan, sezgir sorbsion-spektroskopik usullarini ishlab chiqish va monitoring qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
organik reagentlar 1-nitrozo-2-naftol-3,6-disulfokislotaning dinatriyli tuzi (NNDD), N-nitrozo-N-fenilgidroksilaminni amoniyli tuzi (NFGA), 4-[bis(4-gidroksi(3-sulfo)fenil) metilideen] siklogeksa-2,5-dien-1-on (GSFMS) tashuvchilar sirtiga kislotali muhitda (pH=3-4) analitik faol sulfo va gidroksi guruhlar orqali immobillashning maqbul sharoitlari aniqlangan;
immobillangan reagentlarning xrom (III), marganes (II), temir (III) va rux (II) ionlari bilan 1:1 nisbatda kompleks hosil qilishi, IQ spektrlarining nitrozo guruxida 20 nm dan 45 nm ga siljiganligi bilan isbotlangan, hamda organik reagentlar bilan immobillangan sorbentlarning metallar sorbsion almashinish sig‘imi 1,27*10-3 ga teng ekanligi va 10 marta konsentrlash imkoniyati aniqlangan;
xrom (III), marganes (II), temir (III) va rux (II) ionlarining qattiq fazaga immobillangan NNDD, NFGA hamda GSFMS reagentlari bilan kompleks hosil qilishi barqarorlik konstantalari eritmadagiga nisbatan ikki tartib (100 martagacha) yuqori ekani aniqlangan (βCrNNDD=3,45·10⁸ (eritmada βCrNNDD=2,68·10⁶); βMnNNDD=1,79·10¹¹ (eritmada 7,13·10⁹); βFeNFGA=6,10·10⁹ (eritmada 5,45·10⁶); βZnGSFMS= 1,13·10¹⁰ (eritmada esa 4,67·10⁸). Kompleks hosil qilishning barqaror konstantasi Cr³⁺ > Mn²⁺ > Fe³⁺ > Zn²⁺ kamayib borish qatori, metall ionlarining ion radiusi kamayishi qonuniyatiga mos kelishi isbotlangan;
ishlab chiqilgan analitik usullar asosida xrom (III), marganes (II), temir (III) va rux (II) ionlarining quyi aniqlanish chegaralari mos ravishda 0,0015; 0,03; 0,003 hamda 0,006 mkg/ml ni tashkil etishi aniqlangan hamda sanoat korxonalarida hosil bo‘ladigan texnogen chiqindilar oqova suvlar tarkibidan aniqlash usulining nisbiy standart chetlanish qiymati 0,033 dan oshmasligi aniqlangan;
Jizzax va Toshkent viloyatlari hududlarida ekologik holat ilk bor tizimli va kompleks yondashuv asosida baholangan, hududlarda mavjud ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasiga oid ma’lumotlar tahlil qilingan va umumlashtirilgan, er usti suv obektlari hamda sanoat korxonalari joylashgan ekologik jihatdan noqulay sharoit shakllangan hududlar belgilab berilgan va ularning atrof-muhit holatiga ta’siri aniqlangan;
ishlab chiqilgan usul atrof-muhit obektlari tarkibidagi xrom (III), marganes (II), temir (III) hamda rux (II) ionlari aniqlash jarayoniga qo‘llanilgan hamda Davlat standartlari (DavST) metodlari bilan qiyosiy tahlil qilinib, taklif etilgan usulning validatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, natijalarning ishonchliligi, takrorlanuvchanligi hamda tizimli xatoliklarning yo‘qligi Studentning t-mezonining 1,87 dan va Fisher mezonining 2,45 dan oshmasligi bilan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Cr (III), Mn (II), Fe (III) va Zn (II) ionlarini sanoat oqava suvlaridan aniqlashga qaratilgan sorbsion-spektroskopik usulni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
immobillangan organik reagentlar yordamida Fe (III), Mn (II) va Cr (III) ionlarini aniqlashning sorbsion-spektroskopik usuli «Gissarneftgaz» O‘zbekiston-Shveysariya qo‘shma korxonasining markaziy laboratoriyasida oqava suvlarni tarkibidan Fe(III), Mn(II) va Cr(III) ionlarini aniqlashga joriy qilingan («Gissarneftgaz» O‘zbekiston-Shveysariya qo‘shma korxonasiningm 2025 yil 19 martdagi 135-1/13/GNG-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan sorbsion-spektroskopik usul yordamida ifloslangan (katalitik jarayonlar, distillash, hidrogenatsiya, sulfirlanish, desulfurizatsiya, tozalash va filtratsiya va katalizator regeneratsiyasi jarayonlarida) oqava suvlarni tarkibidan Fe (III), Mn (II) va Cr (III) ionlarini aniqlashning imkonini bergan;
Mn (II), Cr (III) va Fe (III) ionlarini immobillangan organik reagentlar bilan aniqlashning gibrid sorbsion-spektroskopik usuli “Elektrokimyozavod” qo‘shma korxonasi AJ amaliyotida Mn(II), Cr(III) va Fe(III) ionlarini aniqlashda qo‘llanilgan («Elektrokimyozavod» qo‘shma korxonasi AJ ning 2025 yil 16 avgustdagi 442- sonli malumotnomasi). Natijada, sorbsion-spektroskopik usulning aniqlik, selektivlik, tahlilni bajarish sodda va tezligi boyicha boshqa fizikaviy hamda fizik-kimyoviy usullarga nisbatan ustunligini ko‘rsatilgan va oqova suvlarni Mn(II), Cr(III) va Fe (III) ionlaridan ruxsat etilgan miqdorining o‘ndan bir ulushigacha tozalash imkonini bergan;
olingan immobillangan organik reagentlar yordamida konsentrlash usuli «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning markaziy analitik laboratoriyasi tomonidan oqava suvlar tarkibidagi Cr(III), Mn(II), Fe(III) va Zn(II) ionlarini konsentrlash va ajratishda qo‘llanilgan («Olmaliq KMK» AJning 2025 yil 17 dekabrdagi 12-25/01-0137-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqilgan sorbsion-spektroskopik usul yordamida oqova suvlar tarkibidagi Mn (II), Cr (III), Fe (III) va Zn (II) ionlarini aniqlash, konsentrlash va ajratishni imkonini bergan.