Maxkamov Amirjon Muxammad o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Laktobakteriyalarning fitopatogen mikromisetlarga nisbatan antifungal faolligi, ular sintezlagan fitogormonlarning Vitis vinifera fiziologiyasiga ta’siri”, 03.00.04 - Mikrobiologiya va virusologiya, 03.00.07 - O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/V1447.
Ilmiy rahbarlar: Turaeva Bahora Ismoilovna, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim; O‘roqov Sirojiddin Xudoyberdievich, biologiya fanlari doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi PhD.01/2025.27.12.B.04.05 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Shurigin Vyacheslav Vladimirovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Yuldashov O‘tkir Xayitovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD),  katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tok fitopatogen mikromisetlarni aniqlash, ularga qarshi antifungal va fitogormon sintezlovchi bakteriya shtammlarini tanlash hamda ularning tok fiziologiyasiga ta’sirini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekiston tok plantatsiyalaridagi o‘simliklarning mikrobiomi o‘rganilgan (Samarqand va Farg‘ona viloyatlari misolida), mikromisetlarning 109 ta toza izolyatlari ajratib olingan, Aspergillus carbonarius, Alternaria tenuissima, Fusarium equiseti, Uncinula necator, Botrytis cinerea, Plasmopara viticola mikromiset shtammlari ribosomal kichik subbirlik, IS1, 5,8S va IS2 marker genlari asosida identifikatsiya qilingan;
tok plantatsiyalaridagi dominant tur mikromisetlarning fitopatogenlik xususiyatlari in vitro sharoitida o‘rganilib, fitopatogenlarning tok barglarida 7-37 mm radiusdagi xloroz va nekrotik zonalar hosil qilishi aniqlangan;
O‘zR FA Mikrobiologiya instituti Probiotiklar mikrobiologiyasi va biotexnologiyasi laboratoriyasi kolleksiyasidan Lactiplantibacillus plantarum 3, Lactiplantibacillus plantarum 5, Pantoea agglomerans, Bacillus megaterium 7, Bacillus megaterium 9 bakteriya shtammlari fitogormon faolligi (1154.9–1810.5 μg/ml gibberellin kislota) bo‘yicha skrining asosida tanlab olingan; 
bakteriyalar shtammlarining yuqori miqdorda GK va ISK akkumulyasiya qilishiga uglevod manbai (melassa) bilan boyitilgan kartoshka-melassali ozuqa muhitida, pH-6 va 30–37°C haroratda inkubatsiyaning 72 soatida erishish mumkinligi isbotlangan; 
Lactiplantibacillus plantarum 3, Lactiplantibacillus plantarum 5, Pantoea agglomerans, Bacillus megaterium 7, Bacillus megaterium 9 shtammlari in vitro sharoitida tok barglarida fitopatogen rivojlanishini cheklashi hamda agarli muhitda Fusarium equiseti, Alternaria tenuissima, Aspergillus flavus, Aspergillus oryzae, Curvularia sp, Penicillium sp fitopatogen mikromiset shtammlari o‘sish radiusini 47-51 mm gacha ingibirlashi aniqlangan;
tanlangan bakteriya shtammlari konsorsiumi kultural suyuqligi tokda kinetin, salisil kislota, B guruh vitaminlari, vitamin C hamda flavonoidlar sintezini kuchaytirishi va stressga nisbatan induksiyalangan tizimli rezistentlikni faollashtirishi, tokning nisbiy suv saqlash va suv taqchillik xususiyatlarini yaxshilashi, xlorofill a va b hamda karotinoidlar miqdorini orttirishi, qalamchalarining ildiz hosil qilishi, barg sathining shakllanishiga ijobiy taʼsir etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Laktobakteriyalarning fitopatogen mikromisetlarga nisbatan antifulgan faolligi, ular sintezlagan fitogormonlarning Vitis vinifera fiziologiyasiga ta’siri bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Mamlakatimiz tokzorlaridan ajratilgan fitopatogen mikromisetlar AQSh milliy biotexnologiya axborot markazida (National Center for Biotechnology Information, AQSh) bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Jumladan, Aspergillus carbonarius UZB-1 shtammi OQ632520 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/OQ632520.1/), Botrytis cinerea UZB-2 fitopatogen mikromiset shtammi OQ632522 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2459743188), Erysiphe (Uncinula) necator UZB-3 fitopatogen mikromiset shtammi OQ632523 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2459743189), Plasmopara viticola UZB-4 fitopatogen mikromiset shtammi OQ632517 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2459743184),  Alternaria tenuissima UZB-5  fitopatogen mikromiset shtammi OQ632521.1 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2459743187),  Fusarium equiseti UZB-6 fitopatogen mikromiset shtammi OQ632597 raqami bilan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2459753980) ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada, mamlakatimiz tok plantatsiyalarini kuchli zararlaydigan fitopatogen mikromiset turlarini tadqiq qilish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish, mazkur avlodga oid mikromisetlarning yangi turlarini nukleotidlar ketma-ketligi asosida aniqlashda mintaqalararo foydalanish imkonini bergan;
fitopatogen mikromisetlarga nisbatan antagonistik ta’sirga ega fitogormonsintezlovchi mahalliy bakteriyalar asosida kasalliklarga qarshi biologik kurashchoralari Urgut tumanidagi “Suyun Qaxxor Brigad”, “Akram Oltin Zamini” “Munisa Iroda Nur”, “Aslam Tursunov Chorbog‘i Nuri” fermer xo‘jaliklarida amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/06-02-678 son maʼlumotnomasi). Natijada istiqbolli bakteriyalardan amaliyotda foydalanish o‘simliklarning o‘sish-rivojlanishini boshqarish, uzumzorlarda uchraydigan xavfli kasalliklarga qarshi kurashish imkonini bergan;
fitogormon sintezlovchi istiqbolli bakteriya shtammlari va ularning kultural suyuqliklarini saqlovchi biopreparat Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Suyun Qaxxor Brigad” fermer xo‘jaligining 10,0 gektar, “Akram Oltin Zamini” fermer xo‘jaligining 12,0 gektar, “Munisa Iroda Nur” fermer xo‘jaligining 5,0 gektar, “Aslam Tursunov Chorbog‘i Nuri” fermer xo‘jaligining 6,0 gektar, jami 33,0 gektar tokzorlarda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 9-iyuldagi 05/06-02-678 son maʼlumotnomasi).  Natijada agrotexnologik tadbirlar asosida fermer xo‘jaliklarga qarashli tokzorlarda gektaridan o‘rtacha 163-165 sentner o‘rniga 185,5-193,3 sentner hosil etishtirishga, 5134485,0-6658053,0 so‘mgacha qo‘shimcha foyda olishga hamda 115,1-119,8% iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish