Yusupov Olimjon Shoxonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qorako‘l qo‘ylar organizmiga Ferula assafoetida o‘simligining ta’siri», 16.00.04–Veterinariya farmakologiyasi va toksikologiyasi. Veterinariya sanitariyasi, ekologiyasi, zoogigienasi, veterinar-sanitariya ekspertizasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/V34.
Ilmiy rahbar: Niyozov Hakim Baqoevich, veterinariya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand veterinariya medisinasi instituti, DSc.30.08.2018.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Salimov Yunus, veterinariya fanlari doktori, dotsent; Shokirov Latif Xalimovich, veterinariya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qizilqum hududida keng tarqalgan Ferula assafoetida o‘simligining vegetatsiya davrida kimyoviy tarkibini o‘rganish, o‘simlikni poyasi va ildizidan olingan shirasini laboratoriya hayvonlari hamda donini qorako‘l qo‘ylar organizmiga ta’sirini ilmiy asoslash, shuningdek qorako‘l qo‘ylarining Ferula assafoetida o‘simligidan zaharlanishining oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamizning cho‘l hududlarida Ferula assafoetida (sassiq kovrak) o‘simligining vegetatsiya davridagi kimyoviy tarkibi aniqlangan;
Ferula assafoetida o‘simligi shirasi sichqonlarga 100 mg/kg miqdorda og‘iz orqali ichirilganda, ularning klinik ko‘rsatkichlari va shilliq pardalarida o‘zgarishlar qayd etilmaganligi aniqlangan;
kovrak o‘simligining poyasi va ildizidan olingan shira qorako‘l qo‘ylariga 14 kun davomida 100 ml dan ichirib borilganda, tajribaning 8-kunidan boshlab uning donidan har bir qo‘yga 150 grammdan 60 kun davomida berib borilganda zaharlanishning klinik belgilari tajribaning 28-kunida yaqqol namoyon bo‘lishi, shuningdek ular qonidagi ayrim morfologik, biokimyoviy va immunologik ko‘rsatkichlarda o‘zgarishlar namoyon bo‘lishi asoslangan;
Ferula assafoetida o‘simligini qorako‘l qo‘ylar organizmiga ko‘rsatadigan toksik ta’siri aniqlanib, profilaktika qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qorako‘l qo‘ylar organizmiga Ferula assafoetida o‘simligining ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Qorako‘l qo‘ylar ratsioni tarkibiga Ferula assafoetida o‘simligi donidan qo‘shib berilganda, oziqlantirish muddati 30 kundan oshmasligi, kovrak bilan zaharlanishning oldini olish maqsadida qorako‘l qo‘ylar ratsioniga 1 g/kg tirik vazniga “Azkamar” bentonitini qo‘shib berish Buxoro viloyati Qorovulbozor, Jondor tumanlarida qorako‘lchilik xo‘jaliklarida joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 13 maydagi 02/17-309-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘l qo‘ylar organizmiga Ferula assafoetida o‘simligi donining salbiy ta’siri kamaytirilib, mahsuldorlikning pasayishi va ularning nobud bo‘lishini oldini olishga erishilgan;
«Sassiq kovrak (Ferula assafoetida) donining qorako‘l qo‘ylar organizmiga ta’siri va uning oldini olish bo‘yicha tavsiyanoma» tasdiqlanib, Buxoro va Navoiy viloyatlari qorako‘lchilik xo‘jaliklaridagi qorako‘l qo‘ylarini kovrak doni bilan zaharlanishining oldini olishda joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 13 maydagi 02/17-309-son ma’lumotnomasi). Natijada qorako‘lchilik xo‘jaliklaridagi qorako‘l qo‘ylarini kovrak doni bilan zaharlanishining oldini olish imkoniyati yaratilgan.
Ferula assafoetida o‘simligi donining qorako‘l qo‘ylar organizmiga ta’sirining oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks usullar Buxoro viloyati Qorovulbozor, Jondor tumanlarida qorako‘lchilik xo‘jaliklarida joriy etilgan (Respublika «Qorako‘lchilik» uyushmasining 2019 yil 18 maydagi 39/01-97-son ma’lumotnomasi). Ushbu kompleks usullarni qo‘llash hisobiga zaharlanishlarning oldini olishga erishilgan.