Fazliddinov Xurshid Abdivafo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida mehnat qurollari nomlarining kognitiv, derivatsion tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Fil5806
Ilmiy rahbar: Xalimova Firuza Rustamovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.37.02
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor;  Abdullaeva Nargiza Erkinovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida mehnat qurollari nomlanishining leksik-semantik, derivatsion va kognitiv xususiyatlarini o‘rganish, ushbu birliklarning lingvomadaniy tizimdagi o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
olamning lisoniy manzarasida mehnat qurollarining nomlanishi, tasniflanishi, metaforik asosda ishlatilishi, shuningdek, leksik-semantik va frazeologik birliklar orqali namoyon bo‘lishi aniqlanib, ingliz va o‘zbek tillarida mehnat qurollari nomlarining konseptual asosda shakllangani va ular orqali inson dunyoqarashi namoyon bo‘lishi kognitiv-lingvistik yondashuv asosida ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek tillari leksikasida mehnat qurollariga oid leksik birliklarning semantik xususiyatlari, jumladan sinonimlik, antonimlik, omonimlik va ko‘pma’nolilik holatlari chog‘ishtirma-lingvistik analiz asosida aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi mehnat qurollariga oid leksik birliklar terminologik jihatdan tizimlashtirildi, ya’ni ularning semantik maydonlari aniqlanib, sohalarga oid bo‘linishi va tasnifi ishlab chiqildi, shuningdek, ushbu birliklarning derivatsion xususiyatlari aniqlanib, morfologik modellari shakllantirildi, ya’ni so‘z yasash va o‘zgartirish mexanizmlari, prefiks, suffiks va boshqa morfemalarning rolini ko‘rsatadigan tizimli izoh berilgan;
mehnat qurollari orqali ifodalanuvchi tarixiy, madaniy va milliy qadriyatlar ingliz va o‘zbek lingvomadaniyati kontekstida qiyosiy o‘rganilib har ikki xalq tafakkurida mehnat konsepti tarixiy-madaniy qiymatga ega ekani, ularning milliy mentalitetdagi o‘rni va semantik yuklamasi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatida mehnat qurollari nomlanishining derivatsion va kognitiv jihatlarini aniqlashga doir tadqiqot natijalari asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida mehnat qurollari nomlarining olamning lisoniy manzarasida qanday ifodalanishini aniqlash, ularning konseptual va madaniy asoslarini o‘rganish bilan bog‘liq jihatlari tahlili natijalaridan Samarqand viloyati teleradiokanalida 2025-yil 5-avgust kuni efirga uzatilgan “Kun mavzusi” eshittirishining navbatdagi soni ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2025-yil 5-avgustdagi №01-07/276-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ko‘rsatuvda tadqiqot natijalaridan olingan mehnat qurollarini anglatuvchi asosiy til birliklari (leksik, semantik va stilistik jihatdan)ning nomlanishida ifodalangan antropotsentrik mazmun, ya’ni inson faoliyati, tajribasi va madaniy dunyoqarashining tildagi in’ikoslari lingvomadaniy yondashuv asosida tizimlashtirilgani haqida fikrlar bayon etildi. Shuningdek, milliy madaniyatda mehnat va kasb-hunar konseptlarining shakllanishi, ularning vositasida xalqning qadriyat yo‘nalishlari, ijtimoiy rollari, tarixiy tajribalari va dunyoqarashi qanday ifodalangani yuzasidan mulohaza bildirilgan;
ingliz va o‘zbek tillari leksikasida mehnat qurollariga oid leksik birliklarning semantik xususiyatlarini tavsiflashga oid dissertatsiyaning xulosalaridan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida, Evropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi doirasida Ruminiyaning Alba Yuliya universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “ICM-2022-KA171-000077648” raqamli xalqaro loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2025-yil 29-iyundagi №04-06-1/3704-sonli ma’lumotnomasi). Loyiha doirasida, mehnat qurollari nomlanishida uchraydigan takroriy semantik konstruksiyalar, metaforik ifodalar va o‘xshatishlar o‘rganildi. Ingliz va o‘zbek tillaridagi mehnat qurollariga oid leksik birliklarning lingvistik va lingvomadaniy jihatdan qiyosiy tahlili ularning har ikkala til va madaniyat konseptlaridagi o‘xshashliklari hamda farqlarini ochib berdi;
ingliz va o‘zbek tillarida mehnat qurollariga oid leksik birliklarning terminologik tasnifi va derivatsion xususiyatlari tahliliga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida,  Britaniya Kengashi (British Council) hamkorligida amalga oshirilgan 1683580-raqamli “English as a School Subject” nomli xalqaro loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2025-yil 11-sentyabrdagi №11-25/24-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot asosida mehnat qurollarini anglatuvchi leksik birliklarning yangi tasnifi ishlab chiqilgan. Mazkur tasnif nafaqat an’anaviy grammatik yoki semantik mezonlarga, balki bu birliklarning madaniyat bilan bog‘liq mazmuniy-kognitiv xususiyatlariga tayangan holda amalga oshirilgan.  Shu orqali ushbu leksik birliklarning xalqning urf-odatlari, qadriyatlari, tarixiy tajribalari va moddiy madaniyati bilan qanday bog‘liqligi yanada aniqroq ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek lingvomadaniyatida mehnat qurollari orqali ifodalanuvchi tarixiy, madaniy va milliy qadriyatlarni qiyosiy tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan Samarqand davlat chet tillar institutida amalga oshirilgan, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan SUZ80020GR0039-raqamli “English Access Microscholarship Program” loyihasi doirasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2025-yil 20-iyundagi №1851/02-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida mehnat qurollarining nomlanishida qo‘llaniladigan derivatsion jarayonlar, kognitiv mexanizmlar, leksik birliklar, hamda madaniyatga xos atamalar tahlil qilindi. Shuningdek, nomlanishlarda yuzaga keladigan takroriy semantik konstruksiyalar, metaforik ifodalar va o‘xshatishlarning funksional, madaniy va konseptual ahamiyatga egaligi aniqlandi. Bundan tashqari, ingliz va o‘zbek tillaridagi mehnat qurollariga oid leksik birliklarning lingvistik va lingvomadaniy jihatdan qiyosiy tahlili ularning madaniyat va til konseptlaridagi o‘xshashliklari hamda farqlarini ochib berdi. Mazkur ilmiy natijalar va tahlillardan xalqaro loyiha doirasida o‘quv, madaniyatlararo kommunikatsiya va tadqiqot faoliyatlarida samarali foydalanildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish