Safarov Asqarbek Asadullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yong‘oq daraxtlarining kasalliklari va unga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish”, 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Qx151.
Ilmiy rahbar: Xasanov Botir Achilovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Toreniyazov Elmurat Sherniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Sherimbetov Anvar Gulmirzaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot inistituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikamizda oddiy yong‘oqda zamburug‘lar qo‘zg‘atadigan kasalliklar tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash hamda kasallik qo‘zg‘atuvchilarining biologik xususiyatlarini o‘rgangan holda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan  iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yong‘oq daraxtlarida marssoninoz eng keng tarqalgan kasallik ekanligi va tog‘li mintaqalarda kuchli rivojlanishi aniqlangan;
ilk bor yong‘oq ko‘chatlarining ildizlari va ildiz bo‘g‘zi chirishi tufayli 10% gacha ko‘chat nobud bo‘lishi, kasallikni, asosan, Fusarium turkumi turlari qo‘zg‘atishi aniqlangan;
22 ta kolleksion yong‘oq nav, forma va gibridlaridan marssoninoz kasalligiga 3 tasi o‘rtacha chidamli, 8 tasi nisbatan chidamli hamda 4 tasi chidamli ekanligi aniqlangan;
mahalliy sharoitda yong‘oqning marssoninoz kasalligini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ zararlangan barglarning to‘qimalari ichida miseliysi bilan qishlashi mumkinligi aniqlangan;
tog‘li mintaqalarda marssoninoz kasalligi yong‘oq mevalari hosilini 17,9% dan 49,4% gacha kamaytirishi mumkinligi aniqlangan;
yong‘oqning marssoninoz kasalligini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larga qarshi Skor 25% em.k. (0,2% li), Difen super 55% n.kuk.(0,15-0,25% li), Fal`kon 46% em.k. (0,3-0,5% li) va Sillit 40% sus.k. (1,0-1,5% li) fungisidlarining ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yong‘oq plantatsiyalarida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarni tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash, rayonlashtirilgan yong‘oq navlarini kasalliklarga chidamliligini o‘rganish hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari asosida:
yong‘oq daraxtlarida marssoninoz kasalligini qo‘zg‘atuvchi Marssonina juglandis sof kul`turaga ajratilgan va uning reprezentativ shtammi O‘zbekiston FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining jahon mikroorganizmlar kolleksiyalari markaziga 862-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan kolleksiyasi xalqaro mikroorganizmlar kadastrida ro‘yxatga olinib, halqaro tadqiqotlar uchun taqdim qilingan va tegishli sertifikat olingan (O‘zR FAning 2019 yil 24 dekabrdagi 4/1255-3325-son ma’lumotnomasi). Natijada Marssonina juglandis zamburug‘iga oid ma’lumotlar bioxilma-xilliklar elektron bazasi axborot-tahlil tizimini boyitgan va ushbu ma’lumotlardan dunyoning turli mintaqalarida Marssonina juglandisning reprezentativ shtammidan tadqiqotlarda foydalanilmoqda;
yong‘oq bog‘larida uchraydigan qo‘ng‘ir dog‘lanish (marssoninoz), bo‘qoq, ildiz va ildiz bo‘g‘zi chirishi kasalliklariga qarshi Skor 25% em.k. (0,2 l/ga), Difen super 55% n.kuk. (0,25 kg/ga), Fal`kon 46% em.k. (0,5 l/ga) va Sillit 40% sus.k. (1,5 l/ga) preparatlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 205 gektar, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 500 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 dekabrdagi 02/030-4523-son ma’lumotnomasi). Natijada yong‘oqzorlarning har bir gektaridan 23,2-39,7 sentner gacha meva hosili saqlab qolingan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish