Xoliqov Sulaymon O‘tkir ug‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qishloq joylarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni kamaytirishning institutsional asoslari”, 08.00.01 – “Iqtisodiyot nazariyasi” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Iqt3901.
Ilmiy rahbar: Xudoyqulov Sadirdin Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.02.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Elshod Ganievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Bekmuradov Nurali Xolmatovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: TMC instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qishloq joylarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari doirasida ilmiy asoslangan xulosa va takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
nazariy-uslubiy yondashuvga ko‘ra, “qishloq ishsiz xotin-qizlari” tushunchasining iqtisodiy mazmuni qishloq joylarida yashab, faol tarzda ish qidirayotgan, biroq ish o‘rni va daromadiga ega bo‘lmagan ayollarning bandlikka kirish imkoniyatini belgilovchi omillar majmuasiga tayanuvchi “ko‘p o‘lchovli mehnat bozori to‘siqlari” orqali identifikatsiya qilish jihatidan takomillashtirilgan;
“Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan xotin-qizlardan tashqari, qishloq joylarida rasmiy daromadga ega bo‘lmagan, ammo faol ish qidirayotgan xotin-qizlarni “Mehnatsevar ayol” dasturi orqali qamrab olib, ularning bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi institutsional mexanizm taklif etilgan;
qishloq joylaridagi ishsiz ayollarni gastroturizm va milliy-amaliy markazlarida “vaucher” asosida kasb-hunarga o‘qitishda vaucher mablag‘ining bir qismini o‘quv kursini yakunlashga, asosiy qismini esa sertifikat olish, 3–6 oy ichida ishga joylashish va daromadga ega bo‘lish natijalariga bog‘laydigan “natijaga bog‘langan to‘lov” tizimi asoslab berilgan;
xotin-qizlar bandligi dinamikasining uzoq muddatli tendensiyasi va unga ta’sir etuvchi omillarni baholashga xizmat qiluvchi ekonometrik model ishlab chiqilib, unda qishloq xotin-qizlar bandligi, ular orasida tadbirkorlik ulushi, oilaviy yuklamalar hajmi va kasbiy tayyorgarlik differensiyasiyasining istiqbol parametrlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qishloq xotin-qizlarini samarali ish bilan ta’minlash asosida ularning mehnatga, oilaga, jamiyatga bo‘lgan munosabatlarini yanada mazmundor qilish yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
nazariy-uslubiy yondashuvga ko‘ra “qishloq ishsiz xotin-qizlari” tushunchasining iqtisodiy mazmunini qishloq joylarida yashab, faol tarzda ish qidirayotgan, lekin ish o‘rni va daromadiga ega bo‘lmagan ayollarni ishga kirish imkoniyatini belgilaydigan omillar majmuasiga tayanadigan “ko‘p o‘lchovli mehnat bozori to‘siqlari” orqali identifikatsiya qilish jihatidan takomillashtirish bilan bog‘liq nazariy-uslubiy ishlanmalardan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi tinglovchilarini o‘qitishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 9-apreldagi 01/00-03/10-3656-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida ayollarni ishga kirish imkoniyatini belgilaydigan omillar majmuasiga tayanadigan “ko‘p o‘lchovli mehnat bozori to‘siqlari” orqali identifikatsiya qilish jihatidan takomillashtirilgan “qishloq ishsiz xotin-qizlari” tushunchasi bo‘yicha nazariy bilimlarni kengaytirish imkoni yaratilgan.
“Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan xotin-qizlardan tashqari, qishloq joylarida rasmiy daromadga ega bo‘lmagan, ammo faol ish qidirayotgan xotin-qizlarni “Mehnatsevar ayol” dasturi orqali qamrab olib, bandligini ta’minlash yuzasidan taklifii Bandlik vazirligi tomonidan aholini ish bilan ta’minlash dasturini ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 9-apreldagi 01/00-03/10-3656-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi ishsiz qishloq xotin-qizlar bandligini oshirishda yordamchi iqtisodiy resurslardan foydalanish imkonini bergan.
Qishloq joylaridagi ishsiz ayollarni gastroturizm va milliy-amaliy markazlarida “vaucher” asosida kasb-hunarga o‘qitishda vaucher mablag‘ining bir qismini o‘quv kursni tugatishda, asosiy qismini esa sertifikat olish va 3-6 oy muddat ichida ishga joylashish va daromadga ega bo‘lishiga bog‘lab to‘lanishi tartibini ko‘zda tutuvchi “natijaga bog‘langan to‘lov” tizimi orqali xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilishi darajasini oshirish taklifi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Chimboy tumanidagi KKM huzurida “Etnoturizm maskanini tashkil etish” loyihasi (VMning 705-F farmoyishi) ishlab chiqishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 9-apreldagi 01/00-03/10-3656-sonli ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga tatbiq etilishi agroturizm biznes markazlari sonining ortishi, ular faoliyati samaradorligining oshishi, viloyatga mahalliy va chet el turistlari sonining ko‘payishi, qishloq ishsiz xotin-qizlarining ish bilan ta’minlanishi, oilalarining turmush darajasi oshishi hamda ularda kasbiy tayyorgarlikka qiziqishning kuchayishiga imkon bergan.
Xotin-qizlari bandligi dinamikasining uzoq muddatli tendensiyasi va unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning ekonometrik modeli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon fondi erlaridan samarali foydalanish orqali Ijtimoiy reestrga kiritilgan aholi bandligini taʼminlash va ularning daromadini oshirish chora-tadbirlari to‘gʻrisida” 2025-yil 18-dekabrdagi 798-sonli qarorini ishlab chiqishda samarali foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2026-yil 9-apreldagi 01/00-03/10-3656-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida qishloq xotin-qizlar bandligi, ular orasida tadbirkorlik ulushining oshishi, oilaviy yuklamalar hajmining kengayishi, aholi orasida kasbiy tayyorgarlik differensiatsiyasi chuqurlashishining istiqbol parametrlari aniqlangan.