Tureniyazova Dametken Ayniyazovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Lupinin hosilalarining sintezi va biologik faolligi”, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/B258.
Ilmiy maslahatchi: Qo‘shiev Habibjon Hojiboboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/B.38.02. 
Rasmiy opponentlar: Seomashko Natalya Evgenievna, biologiya fanlari doktori; Tuleuov Borash Iygilikovich, kimyo fanlari doktori, akademik; Esimbetov Adilbay Tlepovich, biologiya fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: maqsadi: lupinin alkaloidining amidli hosilalarini maqsadli sintez qilish, ularning tuzilishi, biologik xususiyatlari, “tuzilish- faollik” o‘rtasidagi bog‘liqlik va ta’sir mexanizmlarini aniqlash orqali yuqori samaradorlik hamda past toksiklikka ega istiqbolli antiaritmik birikmalarni aniqlash va eksperimental asoslashdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Anabasis aphylla L. o‘simligidan ajratib olingan lupinin alkaloidi asosida aminolupinin olishning yuqori tozalik va unum ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan samarali usuli ishlab chiqilgan hamda N-lupinilftalimidni sintez qilishning optimal sharoitlari takomillashtirilgan va mazkur birikma asosida yangi amid hosilalarini olishning oraliq imkoniyatlari aniqlangan;
aminolupininning turli xil almashingan benzoy kislotalarning xlorangidridlari va metil efirlari bilan reaksiyasi natijasida birinchi marta bir qator yangi NH bog‘li benzoilamidolupininlar sintez qilingan va 1H va 13C YaMR spektroskopiya, 2D YaMR spektroskopiya (COSY, TOCSY, ROESY, HMQC, HMBC), PMR-, IQ-, mass-spektrometriya tadqiqot usullaridan foydalangan holda birikmalarning molekulyar tuzilishlari isbotlangan;
ilk bor lupinin hosilalarining “tuzilish-faollik” (SAR) bo‘yicha o‘zaro bog‘liqligi va shunga ko‘ra aminolupininni -NH- fragment asosida bog‘langan orto-metil benzoy kislota bilan olingan hosilasining antiaritmik ta’sir ko‘rsatkichi xlorkalsiyli, akonitinli va strofantinli aritmiya modellarida novokainamidga nisbatan yuqori faollikka ega ekanligi aniqlangan; 
sintez qilingan o-metilbenzoilamidolupininni xlorgidrati Nav1.5 faol o‘tkazuvchi natriy kanallari faolligini oshirishi va blokada qilishi, kechikkan natriy oqimini susaytirishi va miokardning elektr qo‘zg‘aluvchanligini barqarorlashtirishi isbotlangan;
Nav1.5 o‘tkazuvchi kanallarini aminolupinin hosilalari bilan kombinatsion blokada qilish va kechikkan natriy oqimini to‘xtatish hamda keyingi depolyarlanishining (EAD/DAD) antiaritmik ta’sir mexanizmi aniqlangan;
I-sinf dori preparatlariga nisbatan past toksiklik va yuqori terapevtik indeksga ega bo‘lgan o-metilbenzoylamidolupin xlorigidrati istiqbolli yangi avlod antiaritmik dori preparatlar yaratishda ahamiyatli ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lupinin alkaloidining amidli hosilalarini maqsadli sintez qilish, ularning tuzilishi, biologik xususiyatlari hamda “tuzilish–faollik” o‘rtasidagi bog‘liqlik va ta’sir mexanizmlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
lupinin asosli sintez qilingan o-metilbenzoilamidolupininni xlorgidrati O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti (2024-yil 15-avgust) va «METPHARM» MChJ (2024-yil 20-avgust)ning qo‘shma xulosalarida bayon etilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi CARDIO_MED NUKUS klinikasiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 24 oktyabrdagi 01/6366-son ma’lumotnomasi). Natijada, aminolupinin hosilalari asosida antiaritmik dori vositalarini ishlab chiqish istiqbollarini asoslab berish imkonini bergan;
Anabasis aphylla L. o‘simligini farmakologiya sanoati uchu xomashyo sifatida tayyorlash bo‘yicha yaratilgan texnologiyadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan orolbo‘yi mintaqasida o‘sadigan ushbu Anabasis aphylla farmatsevtika uchun muhim dorivor xomashyo o‘simlik sifatida ko‘paytirish va populyasiyasini saqlash bo‘yicha foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 17 oktyabrdagi 01/18-2-3411-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Anabasis aphylla o‘simligini Orolbo‘yi hududlarida kamyib ketishini oldini olish imkoniyatini bergan; 
Anabasis aphylla L. o‘simligini qayta ishlash bo‘yicha yaratilgan texnologiyadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qayta ishlashda hosil bo‘ladigan chiqitlarini yana qayta ishlash tizimini yo‘lga qo‘yishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 17 oktyabrdagi 01/18-2-3411-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Anabasis aphylla o‘simligini qayta ishlash chiqitlaridan foydalanish asosida ekologiyani zararlanishdan saqlash va undan farmatsevtika sanoati uchun xomashyo tayyorlash imkonini bergan. 

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish