Yusupov Suxrob Qaxramon o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sanoat chiqindilari asosida maxalliy ko‘piklovchi moddalar va sorbent olish texnologiyasini ishlab chiqish hamda ma’danlarni boyitish jarayonida qo‘llash», 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi ixtisosligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/T998.
Ilmiy maslahatchi: Yodgorov Normaxmat, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko'rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.30/2025.27.12.K/T.01.01.
Rasmiy opponentlar: Sottiqulov Elyor Sotimboevich, texnika fanlari doktori, professor; Qodirov Hasan Irgashovich, texnika fanlari doktori, professor; Eshqurbonov Furqat Bozorovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti “Fan va taraqqiyot” DM.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat chiqindilari polietilen oligomeri (PEO), polivinilxlorid plastikatini sulfolab va gossipol qatronini kimyoviy modifikatsiyalab import o‘rnini bosuvchi ko‘p funksiyali ko‘piklovchi sirt faol moddalar va sorbent olish texnologiyasini yaratish hamda ularni gidrometallurgiya sanoati korxonalarida qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor molekulyar massasi MM = 840–1000 Da bo‘lgan quyi molekulyar polietilenni 20% li oleum bilan sulfolashda 1:1,05 nisbat va 0 °C harorat eng maqbul sharoit ekanligi aniqlanib, yangi ko‘piklovchi oligosulfonat SK-1 sintez qilingan;
yog‘-moy kombinati chiqindi gossipol qatronini gidrolizlab ko‘piklovchi modda olish jarayoni natriy gidroksidning 40% li eritmasi bilan 70–85 °C haroratda 4 soat davomida olib borilganda eng yuqori samaradorlikka erishilishi aniqlangan;
sintez qilingan SK-1, SK-2 reagentlari Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida Au, Ag, Cu, Co va boshqa metallar mavjud bo‘lgan polimetall ma’danlarida flotoreagent sifatida qo‘llanilganda, Au, Ag ni boyitishda T-80 va T-92 ga nisbatan 3–4% yuqori samara berishi isbotlangan;
ilk bor polivinilxlorid plastikatini sulfat kislotasi bilan modifikatsiyalab sulfokationit olingan va sintez jarayonida dastlabki moddalar nisbati 1:1,02, harorat 105–115 °C da 2 soat davomida yuqori mahsulot unumiga va o‘ziga xos fizik-kimyoviy xossalarni namoyon qilishi ilmiy asoslangan;
olingan sulfokationitlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati sharoitidagi oltin va kumushni sianli eritmadan sorbsion ajratish jarayonlarida qo‘llanilganda u samarali sorbent ekanligi aniqlangan;
SK-1 va SK-2 flotoreagentlari va sulfokationit olishning texnologik ko‘rsatkichlari, maqbul sharoitlarini aniqlanib, sintez qilingan flotoreagentlar va sulfokationit olishning texnologik sxemasini ishlab chiqilgan hamda texnik-iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Sanoat chiqindilari asosida maxalliy koʻpiklovchi moddalar va sorbent olish texnologiyasini ishlab chiqish ma’danlarni boyitish jarayonida qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sanoat chiqindilaridan asosida olingan SK-1 va SK-2 koʻpiklovchilari “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ da amaliyotga joriy qilingan (“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJning 2025 yil 25 avgustdagi 03/04-1560-son ma’lumotnomasi). Natijada, SK-1 va SK-2 koʻpiklovchilari nodir va rangli metallar mavjud boʻlgan maʼdanlarni boyitish jarayonida ko‘piklovchi flotoreagent sifatida importdan keltiralayotgan T-92 reagentini mahalliylashtirish imkonini bergan;
SK-1 ko‘piklovchisi va KP-1 sulfokationiti ma’danlarni boyitish samaradorligini oshirish uchun ko‘piklovchi T-92 va K-1 smolasi “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ da amaliyotga joriy qilish uchun istiqbolli rejaga kiritilgan (“Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ ning 2025 yil 12 martdagi 14/01-02-11/2827-son ma’lumotnomasi). Natijada jarayonda T-92 koʻpiklovchi moddani 190 g/t qoʻshilganda sinalayotgan SK-1 va SK-2 moddalarga nisabatan sarfi 50 g/t gacha iqtisod qilishga imkon beradi;
sintez qilingan SK-1, SK-2 reagentlari “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinat” AJ larida amaliyotga joriy qilish uchun istiqbolli rejaga kiritilgan (“Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ ning 2025 yil 12-martdagi 14/01-02-11/2827-son ma’lumotnomasi). Natijada, Au, Ag, Cu, Co va boshqa metallar mavjud bo‘lgan polimetall ma’danlaridagi Au, Ag ni boyitish darajasini, T-80 va T-92 ga nisbatan 3–4% ga oshirish imkonini beradi.