Rajabov Azizbek Ibodulloevich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy jun tolalarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida 05.06.02–“To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish” ixtisosligi bo‘yicha, texnika fanlari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5705
Ilmiy rahbar: texnika fanlari doktori, professor Xamraeva Sanovar Atoevna.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Buxoro davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/2025.27.12.T.16.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qurbanov Fazliddin Aminovich, texnika fanlari nomzodi, Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich, Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti professori, texnika fanlari doktori).
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Mahalliy jun tolalarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish va maxsus jihoz yaratish asosida yarim dag‘al jun tolalarni yumshatishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy jun tolalarining sirt qatlami va ichki keratin bog‘lanishlarini yumshatish jarayonida mochevina, sapamine va triamon moddalaridan iborat kimyoviy kompozisiyaning ta’sir mexanizmi ilmiy asoslanib, ushbu tarkib tolalar strukturasining bo‘shashishiga, elastiklik va egiluvchanlik xossalarining ortishiga, tolalararo ishqalanish kuchining kamayishiga hamda keyingi texnologik jarayonlarda qayta ishlash samaradorligining oshishiga olib kelishi aniqlangan;
jun tolalarini qayta ishlashda tolalarning elastiklik, mustahkamlik va yumshoqlik ko‘rsatkichlarini hamda jarayon samaradorligini oshirish imkonini beruvchi titish-tozalash va emulsiyalab yumshatish jarayonlarini uyg‘unlashtirgan samarali texnologiya ishlab chiqilgan;
tolalarni bir me’yorda yumshatishni ta’minlovchi qayta ishlash jihozining parametrlari, ya’ni tituvchi-tozalovchi barabanning tezligi, ventilyatorning aylanish tezligi hamda yumshatuvchi kimyoviy moddalar massasining optimal qiymati tolalarning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash va resurs sarfini kamaytirish asosida aniqlangan;
jun tolalarini qayta ishlash jarayonida tolalarni bir vaqtning o‘zida titish-tozalash va emulsiyalab yumshatishni uyg‘unlashtirgan holda ularga kompleks va uzlyuksiz ta’sir ko‘rsatishning yangi texnologik echimi ishlab chiqilgan hamda ushbu integratsiyalashgan jarayonning tolalarning yigirishga moyilligini oshirish va qayta ishlash samaradorligini yaxshilashga olib kelishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy jun tolalarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish asosida:
ishlab chiqilgan jun tolalarini kamerali usulda yumshatish texnologiyasi va maxsus konstruksiyali qurilmada jun tolalarini qayta ishlash “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tasarrufidagi Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Feruza Farangiz” MChJ korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi 2025 yil 12 sentyabrdagi 02/25-2172-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, taklif etilayotgan jun tolalarini qayta ishlash texnologiyasi va maxsus konstruksiyali qurilmani qo‘llash asosida jun tolasining diametrini 5-8 % gacha kamaygan, biroq uning mustahkamligi saqlab qolingan.
mahalliy qo‘y jun tolalarini qayta ishlashga mo‘ljallangan jihozni qo‘llash va yumshatishda kimyoviy tarkibdagi moddalarni qo‘llash “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tasarrufidagi Buxoro viloyati O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli Buxoro o‘quv ishlab chiqarish korxonasida joriy etilgan (O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi 2025 yil 12 sentyabrdagi 02/25-2172-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi jun tolaga nisbatan bahorgi tolada yumshoqlik oshishi natijasida uning elastikligi 8% ga, tolaning nam singdirishi 3% ga oshgan.