Ishtaev Dilshod Ravshanbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “11-13 yoshli gimnastikachilarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida mashg‘ulot yuklamasini boshqarish uslubiyati”, 13.00.04–Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.Phd/Ped645.
Ilmiy rahbar: Umarov Mars Narzievich, pedagogika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped.28.01.
Rasmiy opponentlar: Xankeldiev Sher Xakimovich, pedagogika fanlari doktori, professor; To‘xtaboev Nizomjon Tursunalievich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi trenirovka yuklamalarining optimal tizimini ishlab chiqish, ularni mikro va mezotsikllarga taqsimlash hamda ular asosida o‘quv-trenirovka jarayonida 11-13 yoshli gimnastikachilarni tayyorlashni boshqarishning samarali uslubiyatini tavsiya qilish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
11-13 yoshli gimnastikachilarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichi jarayonida jismoniy rivojlanishi, maxsus jismoniy tayyorgarligi, texnik tayyorgarlik va trenirovka vositalarining sport tasniflari bo‘yicha ko‘rsatkichlari ilmiy-metodik jihatdan takomillashtirilgan;
11-13 yoshli gimnastikachilarni musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida qo‘llaniladigan trenirovka yuklamasi hajmi va jadalligining maqbul variantlari (dushanba - o‘rtacha yuklama, seshanba - o‘rtacha, chorshanba - katta, payshanba - kichik, juma - katta, shanba - o‘rtacha yuklama va yakshanba - faol dam olish) tibbiy-biologik va harakat funksiyalari ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan;
jismoniy sifatlarni rivojlantirishga va gimnastika ko‘pkurashi turlarida bazaviy dastur mashqlarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish uchun zamin yaratishga yo‘naltirilgan maxsus harakat tayyorgarligi bo‘yicha mashqlar majmuasi (musobaqa dasturida bajariladigan va elementlarni bir-biriga bog‘lashda qo‘llaniladigan mashqlar asosida) ilmiy asoslangan;
trenirovka yuklamasining kattaligi, maqsadga yo‘naltirilganligi bo‘yicha turli parametrlar hamda ularning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichi mikro- va mezotsikllarida samarali taqsimlanishini inobatga olgan holda 11-13 yoshli gimnastikachilarning o‘quv-trenirovka jarayonini shakllantirish dasturi tajriba yo‘li bilan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
11-13 yoshli gimnastikachilarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida mashg‘ulot yuklamasini boshqarish uslubiyati bo‘yicha olingan natijalar asosida:
11-13 yoshli gimnastikachilarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida jismoniy rivojlanish xususiyatlari, maxsus-harakat tayyorgarligi va o‘quv-trenirovka jarayonidagi vositalarning taqsimlanish ko‘rsatkichlari asosida «Gimnastika (yakkakurash, koordinatsion va siklik sport turlari)» nomli darslik ishlab chiqilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i, 434-315 raqamli guvohnoma). Natijada yosh gimnastikachilarning maxsus jismoniy tayyorgarligi darajasi 23,1% ga oshgan;
11-13 yoshli gimnastikachilarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida qo‘llaniladigan trenirovka yuklamasi hajmi va jadalligining maqbul variantlari «Gimnastika (yakkakurash, koordinatsion va siklik sport turlari)» nomli darslik nashr qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-sonli buyrug‘i, 434-315 raqamli guvohnoma). Natijada, yosh gimnastikachilarning sport-texnik tayyorgarligi darajasi 27,6 % ga oshgan;
jismoniy sifatlarni rivojlantirish, gimnastika ko‘pkurashi turlarida bazaviy dastur mashqlarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish uchun «Gimnastika nazariyasi va uslubiyati» nomli darslik nashr qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i, 434-278-raqamli guvohnoma). Natijada, maxsus jismoniy tayyorgarlik mashqlarining 23.6 % ga oshirilishi, tezlik kuch sifatlari 23 % ga va maxsus chidamkorlik 25 % ga o‘sishiga imkon bergan;
kattaligi va yo‘nalishi turlicha bo‘lgan trenirovka hamda musobaqa yuklamalari ko‘rsatkichlariga asoslangan haftalik mikrotsikllarning tuzilishi va mazmuni, ularning 11-13 yoshli gimnastikachilar musobaqa mezotsikllarida oqilona moslashtirilishi «Gimnastika nazariyasi va uslubiyati» nomli darslik nashr qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i, 434-278 raqamli guvohnoma). Natijada, yosh gimnastikachilarning ko‘pkurash turlarida kombinatsiyalari ishonchliligi asosiy musobaqa yilida 17.7 % ga yaxshilangan.