Xolmatova Zarifa Normahammadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):  “O‘zbekiston neolit davrining sopol idishlari”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2023.1.PhD/Tar1354
Ilmiy rahbar: Temur Shirinovich Shirinov, tarix fanlari doktori , professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01 
Rasmiy opponentlar: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, tarix fanlari doktori, Suleymanov Rustam Hamidovich va Termiz davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori, Shaydullaev Shapulat Bazarovich. 
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston neolit davri ilk sopolchilik ishlarining yuzaga kelishi, sopol idishlarning aholi moddiy madaniyati, xo‘jalik, maishiy, ma’naviy hayoti, dunyoqarashida tutgan o‘rni va ijtimoiy ahamiyatini tizimli ravishda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Uchashi 131 (6370±40 BP – Beta 288874 va 6310±40 BP – Beta 310839 oralig‘ida), Oyoqogitma (7375±40 BP – Lyon7241 va 7170±50 BP – Beta 267000 oralig‘ida) makonlaridan topilgan sopollarning qo‘shni hududlar materiallari bilan texnik-tipologik va qiyosiy tahlil qilish hamda radiokarbon analizi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida dastlabki sopol ashyolar ilk neolit davrida, mahalliy sharoitda kashf qilinganligi asoslandi;
sopol idishlar funksiyasiga ko‘ra, kosa, xumcha, xurmacha, piyola, tuvak, ko‘za kabi 6 ta va ular shakliga ko‘ra 12 ta tur (masalan: kosalarning shakli bo‘yicha 8 ta, xurmachaning 2 ta, tuvakning 2 ta turlari mavjud)ga bo‘linganligi aniqlandi; 
sopol idishlarda naqshlarning 6 ta usuli va 272 xil motiv elementi bo‘lganligi hamda ular ilk neolit davrida oddiy geometrik, o‘rta neolitda murakkab shaklli, so‘nggi neolitda esa aralash elementlarning takrorlanish holati ustuvor bo‘lganligi dalillandi; 
Sazog‘on va Kaltaminor madaniyatlariga tegishli sopol parchalari ilk bor Roman spektrometri hamda Nikon Eclipse LV100N POL mikroskopiya usulida o‘rganilishi natijasida Sazog‘on sopollari tarkibida magniy sulfat, Kaltaminorda esa vulkanogen minerallar (leysit, shabazit, selenit) mavjudligi aniqlandi. Olingan laborator tahlillar asosida sopollar uchun xom ashyo uzoqdan keltirilmasdan, mahalliy konlardan olinganligi va shu erda ustalar tomonidan yasalganligi aniqlandi. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston neolit davrining sopol idishlari mavzusidagi tadqiqot bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston neolit davri jamoalari moddiy madaniyati, xo‘jalik, ma’naviy, maishiy hayoti, dunyoqarashini yoritilishida birlamchi manba sifatida muhim o‘rin tutgan sopol ashyolar tahlili, ilmiy natijalari va ularga oid ma’lumotlar, xulosalar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda asos bo‘lib xizmat qilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2024 yil 15 yanvardagi 02-31-76-sonli ma’lumotnomasi). Dissertasiya natijalari O‘zbekiston tarixi va madaniy merosini targ‘ibotiga xizmat qilib kelmoqda.
Tadqiqotda qo‘lga kiritilgan ilmiy-nazariy ma’lumotlar, sopol idishlarning shakliy va funksional klassifikasiyasi asosida ularning turlar hamda rivojlanish bosqichi (ilk, o‘rta, so‘nggi)ga ega ekanligi to‘g‘risidagi tavsiflardan “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasidagi qadimgi davr sopol idishlar to‘plamlarini ilmiy asosda to‘g‘ri tizimlash, ekspozisiyalar va kataloglarda sopol idishlarning evolyusion rivojlanishini namoyish etishda qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 1-dekabrdagi 04-05/4810-sonli ma’lumotnomasi). Sopol idishlarda naqsh tushirishning usullari hamda bezaklar motivlari, naqshlar tarkibining davriy farqlarga ega ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar muzey ekspozisiyalari va ilmiy uslubiy qo‘llanmalar uchun ilk sopol idishlardagi naqshlar katalogi, stend hamda infografikalar tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Sopol idishlar parchalarining laborator tekshiruvlardan olingan natijalari ham muhim ilmiy ahamiyatga ega. Tadqiqot natijasida olingan ilmiy yangiliklardan muzey ishlarida ekspozisiyalarni qayta shakllantirish, neolit davri sopol idishlar kolleksiyalarining ilmiy tavsif varaqalarini to‘ldirishda foydalanildi. Tadqiqot ishi ilmiy yangiliklarida keltirilgan ma’lumotlar, yangi tosh davri kolleksiyalarini ilmiy-nazariy to‘plamlarini ilmiy asosda tavsiflash, restavrasiya ishlarini samarali olib borish va jamoatchilikka ilmiy ma’lumotlarni yetkazishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish