Ostonaqulov Alisher Abdurashidovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Soliq qarzlarini baholash va undirish amaliyotini takomillashtirish” 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Iqt4105
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Ilmiy rahbar: Axmedov Akbar Sultonmurodovich, Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi 
PhD.03/2025.27.12.1.12.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Termiz iqtisodiyot va servis universiteti prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Otamurodov Shavkat Nusratullaevich hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xudoyqulov Sadirdin Karimovichlar tavsiya etiladi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Soliq qarzlarini baholash va undirish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ortiqcha undirilgan soliq summalarini soliq to‘lovchining yozma arizasiga asosan 15 kun ichida, tadbirkorlik subektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega subektlarga esa hisoblangan foizlari bilan birga 3 kun ichida qaytarish muddatlarini aniq belgilash orqali qaytarish jarayonini tezkor va shaffof tashkil etish asoslangan;
ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish bo‘yicha ariza berish muddatini soliq to‘lovchiga ortiqcha undirish fakti ma’lum bo‘lgan kundan yoxud sud qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan e’tiboran 3 yil etib belgilash orqali murojaatlarni yagona muddat mezoni asosida tartibga solish taklifi asoslangan;
tadbirkorlarga soliq auditi yoki kameral tekshiruv yakunida qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran soliq organini yozma xabardor qilgan holda 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash huquqini berish orqali soliq to‘lovchining moliyaviy yukini muvozanatlash, ixtiyoriy to‘lovlarni ragʻbatlantirish hamda undirish jarayonini tashkil etish takomillashtirilgan;
soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatini soliq davri yakunlanganidan keyin 3 yil etib belgilash orqali soliq organlari hamda soliq to‘lovchilar uchun tekshiruv va hisob-kitoblar bo‘yicha aniq vaqt chegarasini belgilash, nizolarni kamaytirish hamda byudjet jarayonini samarali tashkil etish taklifi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Soliq qarzlarini baholash va undirish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar asosida:
ortiqcha undirilgan soliq summalarini soliq to‘lovchining yozma arizasiga asosan 15 kun ichida, tadbirkorlik subektlarining yuqori barqarorlik reytingiga ega subektlarga esa hisoblangan foizlari bilan birga 3 kun ichida qaytarish muddatlarini aniq belgilash orqali qaytarish jarayonini tezkor va shaffof tashkil etish bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 15-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘gʻrisida”gi O‘RQ-1000-son Qonunida inobatga olingan hamda unga muvofiq Soliq kodeksining 105-moddasi 2-qismi tahrirda o‘zgartirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 2-iyuldagi  27/2-75732-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida ortiqcha undirilgan soliqlarni qaytarish muddatlari aniq belgilab berilib, soliq to‘lovchilarning aylanma mablagʻlari o‘z vaqtida tiklanishiga, moliyaviy yukning kamayishiga hamda soliq ma’murchiligida shaffoflik va ishonchlilikning oshishiga xizmat qilgan;
ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish bo‘yicha ariza berish muddatini soliq to‘lovchiga ortiqcha undirish fakti ma’lum bo‘lgan kundan yoxud sud qarori qonuniy kuchga kirgan sanadan e’tiboran 3 yil etib belgilash orqali murojaatlarni yagona muddat mezoni asosida tartibga solish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘gʻrisida”gi O‘RQ-891-son Qonunida inobatga olingan hamda unga muvofiq Soliq kodeksining 105-moddasi 1-qismi tahrirda o‘zgartirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 2-iyuldagi  27/2-75732-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida ariza topshirishning aniq muddat chegarasi belgilab berilib, soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish kafolatlari kuchaygan, ortiqcha undirilgan summalarni qaytarish/ofset qilish jarayoni tartibga solingan va soliq ma’murchiligi amaliyoti xalqaro yondashuvlarga yaqinlashgan;
tadbirkorlarga soliq auditi yoki kameral tekshiruv yakunida qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran soliq organini yozma xabardor qilgan holda 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash huquqini berish orqali soliq to‘lovchining moliyaviy yukini muvozanatlash, ixtiyoriy to‘lovlarni ragʻbatlantirish hamda undirish jarayonini tashkil etish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi O‘RQ-891-son Qonunida inobatga olingan va unga muvofiq Soliq kodeksining 100-moddasi 4-qismi bilan mustahkamlangan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 2-iyuldagi  27/2-75732-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida qo‘shimcha hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lov yukini bir yo‘la emas, bosqichma-bosqich qoplash imkoniyati yaratilib, tadbirkorlarning likvidligi saqlanishi, to‘lov intizomi kuchayishi hamda soliq ma’murchiligi jarayonlarining shaffofligi va prognoz qilinuvchanligi oshishiga xizmat qilgan;
soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatini soliq davri yakunlanganidan keyin 3 yil etib belgilash orqali soliq organlari hamda soliq to‘lovchilar uchun tekshiruv va hisob-kitoblar bo‘yicha aniq vaqt chegarasini belgilash, nizolarni kamaytirish hamda byudjet jarayonini samarali tashkil etish taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi O‘RQ-891-son Qonunida inobatga olingan hamda unga muvofiq Soliq kodeksining 100-moddasi 4-qismi tegishli tartibda o‘zgartirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 2025-yil 2-iyuldagi 27/2-75732-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi amaliyotda soliq majburiyatlarini aniqlash va undirish jarayonida aniq vaqt chegarasini belgilab, huquqiy barqarorlikni kuchaytiradi. Natijada soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi munosabatlarda tartib-intizom oshadi, bahsli holatlar kamayadi hamda soliq qarzdorligini boshqarish va nazorat qilish mexanizmlari yanada tizimli ishlashiga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish