Abdumalikova Feruza Baxtiyarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bemorlarning asosiy davoga tarafdorlik darajasini xavotir-depressiv holatlarning yaqqollik prediktorlariga bog‘liqlikda o‘rganish», 14.00.05–Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib448.
Ilmiy rahbar: Nurillaeva Nargiza Muxtarxanovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Raximova Dilorom Alimovna, tibbiyot fanlari doktori; Tulaboeva Gavxar Mirokborovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Yurak ishemik kasalligi (zo‘riqish stenokardiyasi) bo‘lgan bemorlarning davo jarayoniga moyilliklarini psixosotsial jihatlarini baholash va uni oshirish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Yurak qon-tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlarda davo jarayoniga moyillik darajasiga ta’sir etuvchi psixosotsial jihatlarning kompleks ravishda klinik va biokimyoviy mohiyati baholangan;
psixosotsial xavf omillarining gemostaz tizimiga bevosita kompleks ta’siri natijasida qonda trombotsitlarning morfologik o‘zgarishlar bilan xavotir, depressiya va D tipli shaxsiyat orasidagi o‘zaro korrelyasion bog‘liqlik isbotlangan;
zo‘riqish stenokardiyali bemorlarda yaqqol namoyon bo‘lgan xavotirli-depressiv sindromda triptofan/serotonin almashinuvining nomutanosibligi oqibatida kinurenin miqdorining ortishi mass-spektrometrik tekshiruv asosida aniqlangan;
Yurak ishemik kasalligi bo‘lgan bemorlarda yaqqol ifodalangan xavotir-depressiv holatlarning klinik (shaxsiyatning D tipi) va biokimyoviy (qondagi kinurenin miqdori) prediktorlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bemorlarning asosiy davoga moyillik darajasini xavotir-depressiv holatlarning yaqqollik prediktorlariga bog‘liqlikda baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
"Yurak qon-tomir kasalliklarida xavotir-depressiv holatlarni erta tashxislash usuli" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 16 maydagi 8n-p /190-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma kardiologik bemorlarda xavotir-depressiv holatlarning klinik-laborator diagnostikasi (xavotirli-depressiv sindromi tashxisoti biomarkerlarining mass-spektrometrik ko‘rsatkichlari asosida) va psixokorreksiyasini takomillashtirishga imkon bergan;
"Davo jarayoniga tarafdorlikni baholash va oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash usuli" nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 18 oktyabrdagi 8n-r/431-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma yurak qon-tomir kasalliklari bo‘lgan bemorlar komplaentligiga ta’sir etuvchi omillarni baholashga kompleks yondashuv asosida bemorlarning davoga moyilligining individual prognozi asoslangan holda shifokor taktikasini muvofiqlashtirish imkonini bergan.
Ilmiy tadqiqot natijalari 1-son Respublika klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati Parkent tumani markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 22 maydagi 8n-d/123-son ma’lumotnomasi), Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘ptarmoqli klinikasining maslahat poliklinikasi va Toshkent shahar Shayxontohur tumani 40-son oilaviy poliklinikasi klinik amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 8n-d/266-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarni amaliyotga tadbiq etilishi yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda xavotirli-depressiv sindromni erta tashxislash sifatini yaxshilash, davoga bemor komplaentligini psixologik to‘siqlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, davo tavsiyalariga tarafdorlikni oshirish, bemorning klinik holatini barqarorlashtirish va xayot sifatini yaxshilash imkonini berdi.