Fayzieva Malikajon Choshovnaning pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Inklyuziv ta’limda filolog talabalarning leksik kompetensiyasini korpus tahlillar asosida rivojlantirish (ingliz tili misolida)”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Ped9493
Ilmiy rahbar: Ataboev Nozimjon Bobojon o‘g‘li, filologiya fanlari doktori (DSc), professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi (muassasalar), IK raqami: Buxoro davlat universiteti PhD.03/2025.27.12.Ped.08.05
Rasmiy opponentlar: Bakaev Najmiddin Bakaevich, pedagogika fanlari nomzodi, professor hamda Isroilova Dildora Muxtorovna, pedagogika fanlari doktori (DSc)
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: inklyuziv ta’lim sharoitida filolog talabalar, jumladan, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilarning ingliz tili leksik kompetentligini korpus tahlillar asosida rivojlantirish mexanizmlarini aniqlashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalqaro inklyuziv ta’lim tizimida mavjud chet tillarini o‘qitishning audio-kommunikativ yondashuv, brayl asosidagi o‘quv jarayoni, avtomatik o‘quvchi va sun’iy intellekt vositalari, og‘zaki muloqotga asoslangan tizim, tabiiy yondashuv, podkast, audiokitob va audio dialoglarga asoslangan o‘qitish, nutqdan matnga va matndan nutqqa integratsiyasi kabi usul va vositalar qatorida korpus tahlillariga asoslangan o‘qitishning ahamiyati ochib berilgan;
filolog talabalarning inklyuziv ta’limda ingliz tili leksik kompetensiyasini rivojlantirishda korpus tahlil natijalarining statistik va autentik materiallar bazasi sifatida konkordans qatorlari, so‘z qo‘llashga doir misollar ko‘lami, kalit so‘zning konteksda qo‘llanilishi (KWIC), kollokatsion birliklarni aniqlash imkoniyati, ko‘pso‘zli iboralar (Multi-Word Expressions – MWE’s) negizida so‘zlardan to‘g‘ri va erkin foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish mexanizmi asoslangan;
inklyuziv guruhlar uchun mos avtomatik lingvistik tahlillarni amalga oshiruvchi COCA, Sketch Engine, AntConc kabi korpus dasturiy qurilmalari asosida leksik birliklar va kollokatsiyalarni to‘g‘ri ishlatish darajalarini belgilovchi mashqlar tizimi va brayl alifbosi bo‘yicha nashr etilgan o‘quv qo‘llanma yaratish orqali ingliz tili leksik kompetensiyasini rivojlantirishning didaktik ta’minoti takomillashtirilgan;
inklyuziv ta’lim muhitida filolog talabalarning so‘z qo‘llashga doir leksik kompetensiyasini raqamli texnologiyalar, xususan, kompyuter qurilmalari va internet tarmoqlarida mavjud ingliz tili korpuslari tahlil natijalari asosida rivojlantirish modelining samaradorligi matematik-statistik tahlillarga ko‘ra dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Inklyuziv ta’lim muhitida filologiya yo‘nalishi talabalarining leksik kompetentligini korpus tahlillar asosida rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra:
xalqaro inklyuziv ta’lim tizimida mavjud chet tillarini o‘qitishning audio-kommunikativ yondashuv, brayl asosidagi o‘quv jarayoni, avtomatik o‘quvchi va sun’iy intellekt vositalari, og‘zaki muloqotga asoslangan tizim, tabiiy yondashuv, podkast, audiokitob va audio dialoglarga asoslangan o‘qitish, nutqdan matnga va matndan nutqqa integratsiyasi kabi usul va vositalar qatorida korpus tahlillariga asoslangan o‘qitishning ahamiyatiga oid xulosalar AQShning Arkanzas shtatidagi Arkanzas universitetida (University of Arkansas, Arkansas, USA) inklyuziv ta’limda ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy seminarlar va akademik uchrashuvlarda xalqaro ekspertlar muhokamasiga havola etilgan. Arkanzas universiteti talabalari, izlanuvchilari hamda McNair va Owl Creek maktabi o‘quvchilari uchun “Inklyuziv ta’lim va imkoniyati cheklangan talabalarga bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashish” mavzusida tadqiqot taqdimotlari o‘tkazilgan (AQShning Arkanzas shtatidagi Arkanzas universitetining 2023-yil 8-maydagi, Buxoro davlat universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limining 2026-yil 24-yanvardagi 06/445-son ma’lumotnomalari). Natijada korpus tahlilining dars jarayonida qo‘llanishi, talabalarning kontekst asosida lug‘at boyligini oshirish modeli, differensial topshiriqlar tizimining inklyuziv ta’lim bilan uyg‘unligi bo‘yicha Amerika olimlari bilan hamkorlikda tajriba almashinib, tadqiqot natijalarining metodik va nazariy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
filolog talabalarning inklyuziv ta’limda ingliz tili leksik kompetensiyasini rivojlantirishda korpus tahlil natijalarining statistik va autentik materiallar bazasi sifatida konkordans qatorlari, so‘z qo‘llashga doir misollar ko‘lami, kalit so‘zning konteksda qo‘llanilishi (KWIC), kollokatsion birliklarni aniqlash imkoniyati, ko‘pso‘zli iboralar (Multi-Word Expressions – MWE’s) negizida so‘zlardan to‘g‘ri va erkin foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish mexanizmi asoslangani xususidagi xulosa va tavsiyalardan 2025-yilda Buxoro davlat universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilgan tajriba-sinov ishlari jarayonida foydalanilgan (BuxDUning 2025-yil 29-noyabrdagi, O‘zDJTUning 2025-yil 30-iyundagi 1/43-son, FarDUning 2025-yil 14-oktyabrdagi dalolatnomalari). Natijada tajriba-sinov natijalari korpusga asoslangan yondashuvning inklyuziv guruhlarda qo‘llanganligi talabalarning leksik kompetensiyasini shakllantirish jarayonini sezilarli darajada faollashtirishga imkon bergan;
inklyuziv guruhlar uchun mos avtomatik lingvistik tahlillarni amalga oshiruvchi COCA, Sketch Engine, AntConc kabi korpus dasturiy qurilmalari asosida leksik birliklar va kollokatsiyalarni to‘g‘ri ishlatish darajalarini belgilovchi mashqlar tizimi va brayl alifbosi bo‘yicha nashr etilgan o‘quv qo‘llanmani yaratish orqali ingliz tili leksik kompetensiyasini rivojlantirishning didaktik ta’minoti takomillashtirilganligiga oid natijalardan ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari ishtirokidagi xorijiy til o‘quv mashg‘ulotlari va seminar trening dasturlarida foydalanilgan (O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati bo‘limining 2025-yil 4-dekabrdagi 2/3-67-son, Buxoro davlat universiteti o‘quv bo‘limining 2026-yil 26-yanvar sanasidagi 450-son ma’lumotnomalari). Natijada mazkur taqdimotlar tinglovchilarning mustaqil lug‘at boyligini kengaytirish, matn tahlilida kontekstual tushunishni shakllantirish hamda nutq faoliyatida aniqlikni oshirishda samara bergan;
inklyuziv ta’lim muhitida filolog talabalarning so‘z qo‘llashga doir leksik kompetensiyasini raqamli texnologiyalar, xususan, kompyuter qurilmalari va internet tarmoqlarida mavjud ingliz tili korpuslari tahlil natijalari asosida rivojlantirish modelining samaradorligi matematik-statistik tahlillarga ko‘ra dalillangan xulosalardan Buxoro teleradiokompaniyasining “Dolzarb mavzu” ko‘rsatuvi hamda Buxoro radiosining “Kun mavzusi” eshittirishida samarali foydalanilgan (Buxoro teleradiokompaniyasi Buxoro viloyati davlat muassasasining 2025-yil 11-noyabrdagi 01-577-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarga ta’lim jarayonida raqamli korpuslardan foydalanishning samaradorligi va inklyuziv ta’lim tamoyillarining afzalliklari bo‘yicha tavsiyalar berilgan.