Martazaev Abdurasul Shukirillaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi: Dispers armaturalash orqali kuchaytirilgan egiluvchi temirbeton konstruksiyalarning mustahkamligi va darzbardoshligini baholash.
Ixtisoslik shifri: 05.09.01 – Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/T1012.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Razzakov Sobirjon Juraevich, texnika fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Namangan davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.15.04 asosida tashkil qilingan Bir Martalik (DSc) Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Zulpuev Abdivap Momunovich, texnika fanlari doktori, professor; Xotamov Asadulla Toshtemirovich, texnika fanlari doktori, professor; Raxmanov Baxodir Kushakovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: “Bazalt O‘zbekiston” kompaniyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi temirbeton konstruksiyalarining mustahkamligini va darzbardoshligini tolalar bilan dispers armaturalash orqali kuchaytirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
bazalt, polipropilen va po‘lat tolalarini fibrobetonning mustahkamligiga ta’sirini polinomial regressiya tahlili orqali baholangan va tolalar asosidagi fibrobetonning siqilishdagi mustahkamligini aniqlash imkoniyatini beradigan analitik matematik model (bazalt uchun ; polipropilen uchun ; po‘lat uchun ) ishlab chiqilgan;
fibrobetonning darzbardoshlik-kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatlarining yaxshilanishi, tanlangan material parametrlari hamda tolalarning beton matrisasida teng taqsimlanishiga bevosita bog‘liqligi aniqlangan va shu bilan birga tolalar soni, joylashuvi va yo‘nalishini aniqlash imkoniyatini beruvchi matematik model ( , , , r ⃗~〖N(0,1)〗^3, d ⃗=r ⃗/‖r‖ ) ishlab chiqilgan;
dispers armaturalash asosida betonning kapillyar-gigroskopik xususiyatlariga tolalar turining ta’siri tajribalar asosida aniqlangan va bazalt, polipropilen hamda po‘lat tolalar hisobiga beton suv shimuvchanligi mos ravishda 1.7÷2.7; 1.6÷2.3 va 2.9÷3.5 barobar oraliqlarida kamayishi asoslangan;
fibrobetonning muzlash-erish sikllariga chidamliligi tolalar hisobiga yuqori bo‘lishi tajriba-sinovlari asosida isbotlangan va oddiy betonning sovuqbardoshligiga nisbatan bazalt tolalarda 10÷22%, polipropilen tolalarda 8÷19% hamda po‘lat tolalarda 19÷31% ga yuqori bo‘lishi asoslangan;
fibrotemirbeton to‘sinlarning qiya va normal kesim bo‘yicha darzbardoshligiga tolalar turining ta’siri nazariy aniqlangan va bazalt tolalar qo‘llanilganda normal kesim bo‘yicha darzbardoshlik oddiy betondan tayyorlangan namunalarga nisbatan 1.5÷1.6 barobar, polipropilen tolalarda 1.4÷1.5 barobar va po‘lat tolalarda 1.7÷1.9 barobarga ortishi eksperimental-sinov tadqiqotlari bilan asoslangan;
yangi β-koeffisientni kiritish bilan tolalar asosidagi fibrotemirbeton to‘sinlar uchun darz hosil qiluvchi momentni aniqlash formulasi - takomillashtirilgan;
algoritmik-matematik model asosida tolalarning beton hajmida gomogen taqsimlanishini aniqlash imkonini beruvchi hisoblash dasturi ishlab chiqilgan;
sohada birinchi marotaba ABAQUS dasturi uchun PYTHON dasturlash tilida ishlab chiqilgan scriptdan foydalangan holda beton konstruksiyalarini va fibro tolalarni avtomatik modellashtirish imkoniyatini beruvchi yangi R-Fibro plugin funksiyasi ishlab chiqilgan va ABAQUS dasturiga integratsiya qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dispers armaturalash orqali kuchaytirilgan egiluvchi temirbeton konstruksiyalarning mustahkamligi va darzbardoshligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bazalt, polipropilen va po‘lat tolalari bilan dispers armaturalangan fibrobeton ishlab chiqarish “Jiydakapa indastri” MChJ, “Oqtosh temir-beton mahsulotlari” MChJ qurilish korxonalarida joriy etildi (O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasining 2025-yil 6-oktyabrdagi №2/15-3286-son ma’lumotnomasi). Natijada tolalari bilan dispers armaturalash mustahkamlikni ortishiga olib kelgan va shu bilan birga sement sarfini 10÷15 % ga qisqartirish imkonini bergan;
bazalt tolalar asosidagi fibrobeton ishlab chiqarish “Bunyodkor-3” MChJ va “Chortoqtemirbeton” MChJ temir beton zavodlarida joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va Uy-Joy Kommunal Xo‘jaligi Vazirligining 2025-yil 5-dekabrdagi №34-06/14355-son ma’lumotnomasi). Natijada kutilayotgan yillik iqtisodiy samaradorlik 547 372 800 (besh yuz qirq etti million uch yuz etmish ikki ming sakkiz yuz) so‘mni tashkil etgan;
bazalt, polipropilen va po‘lat tolalari bilan kuchaytirilgan fibrotemirbeton to‘sinlarni mustahkamlikka hisoblash dasturi “Kommunalta’mirloyiha” MChJda loyihalash ishlari uchun joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va Uy-Joy Kommunal Xo‘jaligi Vazirligining 2025-yil 5-dekabrdagi №34-06/14355-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihalash va hisoblash jarayonlariga sarflanadigan mehnat sarfi-vaqtni 15% gacha tejalishiga erishilgan.