To‘raeva Dilnoza Nematullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Badiiy g‘oya, ijodiy tasavvur va estetik talqin masalasi», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil227.
Ilmiy rahbar: Rahimjonov No‘’mon Karimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Sabirdinov Akbar G‘afurovich, filologiya fanlari doktori;
Qosimov Usmonjon, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: Mirkarim Osim va Asad Dilmurod tarixiy mavzudagi asarlarini adabiy-tarixiy jarayon konteksti, yozuvchi va badiiy asar juftligi, ijodkor va o‘zlashtirish estetikasi, resepient ma’naviy-ruhiy dunyosi, adib ijodiy laboratoriyasi, ijodiy «men»i, fikr-qarashlarining strukturasi asosida o‘rganib, ularning adabiyot tarixidagi o‘rnini belgilash, shu tarixiy-individual masalalar negizida konseptual nazariy-metodologik umumlashmalar chiqarishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
badiiy ijod jarayoni, adabiy asarning ijodiy niyat sifatida yuzaga kelishi va badiiy talqin xususiyatlari bevosita ijodkor shaxsiyati bilan bog‘liqligi alohida adabiy hodisa ekanligi istiqlol davri o‘zbek adabiyotshunosligining yetakchi xususiyatlaridan biri sifatida ochib berilgan;
badiiy asarda tasvirlangan voqea-hodisalarga muallifning g‘oyaviy-hissiy munosabati, obrazlar tizimining tanlanishi va qo‘yilgan muammoni ular vositasida poetik idrok etishi hamda badiiy hukm chiqarishi yozuvchi ijodiy laboratoriyasining asosi ekanligi asoslangan;
badiiy asar takomilida adib estetik ideali, dunyoqarashi, madaniy-ma’rifiy darajasi, hayotiy tajribasi, malakasi, iste’dod va salohiyatining quvvatiga asoslangan ijodiy jarayonning o‘rni muhimligi isbotlangan;
badiiy g‘oya, ijodiy tasavvur va estetik talqin masalasini tadqiq etishda adib ijodiy «men»i, fikr-qarashlari strukturasi, yozuvchi va badiiy asar juftligi, ijodkor poetik olami va ma’naviy-ruhiy dunyosi yaxlit adabiy jarayon kontekstida o‘rganilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Badiiy g‘oya, ijodiy tasavvur va estetik talqin masalasini o‘rganish jarayonida erishilgan natijalar quyidagi ilmiy ishlarga tatbiq etilgan:
yozuvchi ijodiy laboratoriyasi xususida chiqarilgan nazariy xulosalardan XT-F-2-004-raqamli «O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 89-03-3723-son ma’lumotnomasi). Natijada, adabiyotshunoslik ilmida badiiy ijod jarayoni, xususan, asarning yuzaga kelishi adib shaxsiyati bilan bog‘liq ravishda uning badiiy-estetik xususiyatlariga oid masalalar ilmiy dalillar bilan boyishiga erishilgan;
o‘zbek adabiyotida biografik metodning g‘oyaviy-badiiy, ilmiy-estetik vazifalari yuzasidan olingan ilmiy natijalardan A-1-118-raqamli «Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 12 apreldagi 89-03-1396-son ma’lumotnomasi). Natijada, biografik metodning nazariy muammolariga doir qarashlarning mazmun-mohiyatini ochib berishga erishilgan;
o‘zbek adabiyotida yozuvchi ijodiy biografiyasini o‘rganish xususida Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining «Diyor 24» va «Ma’naviyat bo‘stoni» ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Sirdaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 4 maydagi 1714-son va 2018 yil 5 oktyabrdagi 1715-son ma’lumotnomalari). Natijada, mazkur ko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.