Madraximova Durdona Umirbekovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “AKT terminlarining funksional xususiyatlari va leksikografik talqini (ingliz va o‘zbek tillari materiallari asosida)”, 10.00.06 Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil6689
Ilmiy rahbar: Sharipova Aziza Abdumanapovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.04.
Rasmiy opponentlar: Sarimsakov Xurshidjon Abdimalikovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Alixanova Muqaddam Umarxonovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillari materiallari asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari terminologik lug‘atlarining funksional xususiyatlarini aniqlash, ularning leksikografik talqinini tizimli hamda tanqidiy tahlil qilish, AKT terminlarini lug‘atlarda berishning ilmiy-nazariy va amaliy mexanizmlarini asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari terminologiyasining shakllanishi va rivojlanishining nazariy hamda uslubiy asoslari terminologiya, kognitiv lingvistika va funksional leksikografiya yondashuvlari integratsiyasi asosida tizimli ravishda tahlil qilindi. Natijada AKT terminologiyasini o‘rganish uchun termin–tushuncha munosabatiga tayangan konseptual-metodologik model asoslab berildi;
ingliz va o‘zbek tillarida AKT terminlarini shakllantirishda qo‘llaniladigan morfologik, semantik va so‘z yasash usullari qiyosiy tahlil qilinib, ushbu tillarda termin hosil qilish jarayonining umumiy va farqlovchi xususiyatlari aniqlandi. Bu orqali AKT terminlarining til tizimidagi shakllanish mexanizmlarini tavsiflovchi lingvistik qonuniyatlar ilmiy asosda belgilandi;
ingliz va o‘zbek tillaridagi AKT terminologik lug‘atlarda terminlarning berilish tamoyillari, izohlanish modellari va kontekstual taqdimoti qiyosiy leksikografik yondashuv asosida ilk bor kompleks tarzda tahlil qilindi. Tadqiqot natijasida terminlarning lug‘atlarda berilishida uchraydigan izohiy nomuvofiqliklar, tarjima variantlarining barqaror emasligi hamda kontekstual cheklanishlar aniqlanib, ularning sabablari asoslab berildi;
ingliz va o‘zbek tillaridagi AKT terminologik lug‘atlarning funksional xususiyatlarini baholash uchun foydalanuvchiga yo‘naltirilgan baholash mezonlari tizimi ishlab chiqildi. Ushbu mezonlar asosida terminologik lug‘atlarning axborot berish samaradorligi, foydalanuvchi ehtiyojlariga mosligi hamda amaliy qo‘llanish imkoniyatlari ilmiy jihatdan baholandi;
AKT terminlarini ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishda tushunchaviy moslikka asoslangan leksikografik adekvatlik modeli taklif etildi. Mazkur model terminologik variantlilikni kamaytirish, tarjima jarayonida semantik aniqlikni ta’minlash va terminlarni lug‘atlarda izchil berish imkonini yaratadi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalari oliy taʼlim muassasalarida terminologiya va leksikografiya yo‘nalishidagi fanlarni o‘qitish jarayonida, xususan, AKT terminologiyasiga oid mavzularni yoritishda o‘quv-uslubiy material sifatida joriy etilgan. Tadqiqotda ishlab chiqilgan nazariy xulosalar va tavsiyalar mazkur fanlar doirasida maʼruza va amaliy mashg‘ulotlar mazmunini boyitishda foydalanilmoqda.
Ingliz va o‘zbek tillari materiallari asosida asoslab berilgan AKT terminologik lug‘atlarning funksional-leksikografik modeli hamda foydalanuvchiga yo‘naltirilganlik meonlari dual ta’lim tizimida kasbiy ta’lim muassasalari (texnikumlar) o‘quvchilari va pedagoglari uchun mo‘ljallangan ikki tilli (o‘zbek-ingliz) kasbiy-atamaviy o‘quv-metodik ta’minotni shakllantirishda metodologik asos sifatida qo‘llanildi. Ushbu ilmiy natijalar Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutida 2023-2025-yillarda amalga oshirilgan IL-5821081323-raqamli “Dual ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning innovatsion ta’lim texnologiyalarining ishlab chiqish” mavzusidagi innovation loyihani bajarish jarayonida samarali foydalanildi (Kasbiy ta’lim agentligi huzuridagi kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti tomonidan 2026-yil 21-aprelda berilgan 01-08-588-sonli ma’lumotnoma). Natijada ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda tayyorlanadigan dual ta’lim o‘quv materiallarining atamaviy izchilligi va terminologik aniqligini ta’minlash oshirildi.
Jahon miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi ilmiy, texnik va ijtimoiy sohalarda yangi tushunchalar hamda atamalarning shakllanishiga sabab bo‘layotgani va ushbu jarayon, eng avvalo, ingliz tilidagi AKT terminlarining boshqa tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga kirib kelishi va milliy til tizimiga moslashuvi bilan bevosita bog‘liqligi borasidagi xulosa va takliflardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan 2026-yil yanvar oyida efirga uzatilgan “Assalom O‘zbekiston”, “Ta’lim va taraqqiyot” koʻrsatuvlari hamda “Katta tanaffus”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli radioeshittirish dasturlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan 2026-yil 30-yanvarda berilgan 04-04-231-sonli dalolatnoma). Natijada terminlarning mazmuniy aniqligini ta’minlash, ularning yagona me’yor asosida qo‘llanishi hamda standartlashtirilishi masalalari, hozirda AKT sohasiga oid terminlarning o‘zbek tilidagi muqobillarini aniqlash, ularni leksikografik jihatdan izchil tartibga solish hamda terminologik lug‘atlar orqali foydalanuvchiga yetkazish masalalarini mavjud lug‘atlarda terminlarning berilishida izohlarning notekisligi, tarjima ekvivalentlarining barqaror emasligi va kontekstual qo‘llanishning to‘liq aks etmasligi masalalari auditoriyaga tushunarli shaklda yoritilishi ta’minlangan.