Otaboev Sherzodbek Xudayberganovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hududlar mutanosib rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish”, 08.00.012–Mintaqaviy iqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Iqt395.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Avazbek Madaminovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Dsc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: Ruzimetov Baxtiyar, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Ermamatov Shonazar Jumaqulovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: TDIU huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hududlar mutanosib rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy tabiiy-iqtisodiy salohiyatni kompleks baholash uslubi endogen rivojlanish omillaridan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarishni klaster usulida joylashtirish imkoniyatlarini baholash ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda ularni tizimli guruhlarga ajratish va integral hisoblash usulini qo‘llash orqali takomillashtirilgan;
raqobat ustunliklaridan samarali foydalanish hamda o‘sish nuqtalarini belgilash asosida tumanlar va shaharlarni barqaror va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ifodalovchi hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish algoritmi ilmiy asoslangan;
mahalliy hokimliklarning hududlar mutanosib va kompleks rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy-boshqaruv faoliyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari, aholi va tadbirkorlar murojaatlari hamda so‘rovnoma natijalari asosida baholashning ko‘p bosqichli hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
uzoq muddatli istiqbolda hududiy siyosatni amalga oshirishda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini mahalliy hokimliklar tomonidan ishlab chiqish va tasdiqlash amaliyotini joriy qilish asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hududlar mutanosib rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tumanlar va shaharlar salohiyatini kompleks baholash uslubidan, unda ishlab chiqilgan ko‘rsatkichlar tizimi, ularni hisoblash usullari va natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi “Farg‘ona viloyatida investisiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 617-sonli hamda 2019 yil 23 avgustdagi “2019-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi 712-sonli qarorlari ilovalarini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 1-1/20-2953-son hamda Farg‘ona viloyati hokimligining 2019 yil 23 noyabrdagi 02-04/5886-son ma’lumotnomalari). Buning natijasida viloyat sanoat salohiyati oshishi va foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishlab chiqarishga jalb qilish hisobiga 2019 yilning 3-choragida viloyat sanoati, shu jumladan hududiy sanoatning mos ravishda 107,0 va 107,4 foizga o‘sishiga, Rishton tumanida esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 103,0 foiz o‘sishiga hamda 137,7 mlrd so‘m miqdoridagi investisiyalar o‘zlashtirilishiga erishilgan;
hududiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish uslubi, unda keltirilgan uslubiy yondashuvlar, shaharlar va tumanlar iqtisodiyoti ixtisoslashuvi va salohiyatini baholash usullari va natijalari, strategiyani ishlab chiqishning mantiqiy ketma-ketligi (bosqichlari) bo‘yicha takliflar Farg‘ona viloyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Farg‘ona viloyati hokimligining 2019 yil 23 noyabrdagi 02-04/5886-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida viloyatni yaqin, o‘rta va uzoq muddatda barqaror rivojlantirishda shahar va tumanlar salohiyati, ixtisoslashuvi va ularning qo‘shimcha imkoniyatlaridan samarali foydalanish hisobiga 2022 yilda 2019 yilga nisbatan viloyat yalpi hududiy mahsulotining 121,3 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish esa 1,3 baravar o‘sishiga erishiladi;
mahalliy hokimliklarning hududlarni mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi faoliyati natijadorligini baholash uslubi, unda ishlab chiqilgan mezon ko‘rsatkichlari va ularni hisoblash usullari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 8 dekabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining tumanlar va shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hudud rahbarlari faoliyatini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi 973-sonli qarori ishlab chiqishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 17 yanvarda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 137-bandi ijrosini ta’minlashda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni baholashning reyting tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 25 noyabrdagi 1-1/20-2953-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida hududlar rahbarlarining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xorijiy investisiyalar jalb qilish, aholi turmush farovonligini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlash, aholi va tadbirkorlar muammolarini hal etish bo‘yicha faoliyatini sifat jihatdan baholashga erishilgan;
uzoq muddatli istiqbolda hududiy siyosatni amalga oshirishda mahalliy hokimliklarning rolini oshirish bo‘yicha takliflar va maqsadli ko‘rsatkichlar prognozlari Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatida tahliliy ma’lumot sifatida foydalanilgan (Vazirlikning 2019 yil 25 noyabrdagi 1-1/20-2953-son ma’lumotnomasi). Takliflar va prognoz ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi loyihasining “hududiy rivojlanish” qismini shakllantirishga xizmat qilgan.