Mavlyanov Murod Abduraximovichning 
 falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ekstremizm xususiyatiga ega jinoyatlarni oldini olishning kriminologik jihatlari”, 12.00.15–Kriminologiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Yu1576.
Ilmiy rahbar: Umirzakov Bekzod Ataboevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.20/2025.27.12.Yu.03.01.  
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlari doktori, professor Niyozova Salomat Saparovna hamda yuridik fanlar doktori Ibrohimov Jamshid Abdug‘ofur o‘g‘li 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 
ekstremizm xususiyatiga ega jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mualliflik yondashuvi asosida “ekstremizm” tushunchasini “ekstremizm – mafkuraviy, diniy, siyosiy maqsadlarga erishish uchun murosasiz keskin qarashlarga asoslanish, huquq yoki axloq normalarini qabul qilmaslik, zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlash yoki undan foydalanish, jamiyatda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shakldagi adovatlarni qo‘zg‘atish hamda ushbu harakatlarni targ‘ib qilish faoliyati” mazmunida e’tirof etish zarurati asoslab berilgan.
ekstremizmning yuzaga kelishi va rivojlanishi omillarini ta’sir natijasiga ko‘ra “ko‘maklashuvchi” va “tortib turuvchi”, ta’sir doirasiga ko‘ra “asosiy” va “ikkilamchi”, shart-sharoit yaratish o‘rniga ko‘ra “ichki” va “tashqi”, sohasiga ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-mafkuraviy, xalqaro, diniy, psixologik kabi guruhlash lozimligi asoslantirilgan; 
ekstremizmni barvaqt oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (keyingi o‘rinlarda MJtK)ning 47-moddasi 3- va 4-qismida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash asoslantirilgan; 
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (keyingi o‘rinlarda – MDH)ga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va jinoyatlarning boshqa xavfli turlariga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi direktori o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakilining xizmat vazifasiga ekstremizmga qarshi kurashish va oldini olishda samarali hamkorlikni ta’minlash, MDHga a’zo davlatlar hududida tezkor va tergov bo‘linmalarining tezkor-qidiruv tadbirlari, tergov harakatlari, murakkab operatsiyalarni tayyorlash va o‘tkazishda, jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ko‘maklashish, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni davlatlararo qidirish va ekstradisiya qilishda amaliy yordam ko‘rsatish va boshqa vazifalarni kiritish asoslantirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
“ekstremizm” tushunchasiga doir konseptual g‘oya va takliflardan “Terrorizm, ekstremizm va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish metodikasi” nomli amaliy qo‘llanmani ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2025-yil 27-iyundagi 33/2520-son dalolatnomasi). Bu, mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar, professor-o‘qituvchilar, malaka oshirish fakulteti tinglovchilari, shuningdek ekstremizmga oid jinoyatlarga qarshi kurashuvchi organlar, xususan ichki ishlar organlari tergovchilarining bilim, mahorat va ko‘nikmalari shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan;
ekstremizm paydo bo‘lishi va rivojlanish omillarini tasniflashga oid konseptual g‘oya va takliflaridan “Terrorizm, ekstremizm va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish metodikasi” nomli amaliy qo‘llanmani ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2025-yil 27-iyundagi 33/2520-son dalolatnomasi). Bu esa mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar, professor-o‘qituvchilar, malaka oshirish fakulteti tinglovchilari, shuningdek ekstremizmga oid jinoyatlarga qarshi kurashuvchi organlar, xususan ichki ishlar organlari tergovchilarining bilim, mahorat va ko‘nikmalari shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan;
bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni (13.03.2025-y. №O‘RQ-40)ning 1-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 16-iyundagi 3/dn-124-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilganligi yoshlar o‘rtasida ekstremistik g‘oyalar tarqalishini oldini olishga hamda voyaga etmaganlarni noqonuniy diniy ta’limga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishiga xizmat qilgan;
MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va jinoyatlarning boshqa xavfli turlariga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi direktori o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakilining xizmat vazifasini ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida tadbirlar bilan to‘ldirilishga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasining IIVning 2022-yil 22-sentyabrdagi 382-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va jinoyatlarning boshqa xavfli turlariga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi direktori o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakilining faoliyati to‘g‘risidagi Nizom”ning 3, 4, 10, 13 va 14-bandlarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2025-yil 13-fevraldagi 17/906-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilganligi MDH davlatlari ichki ishlar organlari o‘rtasida ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorlikning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.
 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish