Nurullaev Farrux Umidjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Kibermakonda bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy jihatlari” 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: № B2025.2.PhD/Yu1985.
Ilmiy rahbar: Raxmanov Shuxrat Naimovich, yuridik fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat koʻrsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.01
Rasmiy opponentlar: Gafurova Nozimaxon Eldarovna yuridik fanlar doktori, dotsent, Ganibaeva Shaxnoza Karimberdievna yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kibermakonda bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashga doir xalqaro-huquqiy va milliy qonunchilik tizimini tadqiq etish, O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligini xalqaro standartlarga moslashtirishda mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlikni takomilashtirishga qaratilgan ilmiy va huquqiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat..
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
normativ-huquqiy hujjatlarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllarini (jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling)) aniq klassifikatsiyasini belgilash va ularning barcha ko‘rinishlarini taqiqlash zarurligi asoslab berilgan;
bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun ommaviy axborot vositalaridagi, Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar ham asos bo‘lishi mumkinligi asoslab berilgan;
subektning roziligi mavjud bo‘lganda hamma foydalanishi mumkin bo‘lmagan shaxsga doir ma’lumotlarni xavfsiz aloqa kanallari va (yoki) shifrlash vositalari orqali boshqa shaxslarga berish uchun kriptografik axborotni himoya qilish vositalaridan foydalanishni ta’minlash zarurligi asoslangan;
bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning ishlarni tayyorlash va ko‘rib chiqish paytida bolaning yoshi, mashg‘uloti, yashab turgan va tarbiyalanayotgan sharoiti, huquqbuzarlik qilganligi fakti va uning mazmuni, huquqbuzarlik qilishga da’vat etgan katta yoshdagi kishilar va boshqa qatnashchilar bo‘lganligi, shuningdek, bolaga ilgari ta’sir ko‘rsatish chorasi qo‘llanilganligi kabi to‘liq ma’lumotlarni majburiy ravishda aniqlash tartibini qonunchilikda belgilash zarurligi asoslab berilgan;
“Inson” markazlari va ichki ishlar organlarining ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asosida bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishi zarurligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kibermakonda bolalarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy jihatlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlardan olingan ilmiy natijalar asosida:
bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllari – jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va taqib etish (bulling) ekanligi hamda muttasil ruhiy va (yoki) jismoniy tajovuzkor tasir ko‘rsatish taqib etish (bulling) deb e’tirof etilishi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-996-sonli Qonunining 3-moddasi ikkinchi va sakkizinchi qismlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 31-iyuldagi 3/dn-162-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi kibermakonda sodir etiladigan zo‘ravonlik shakllarini huquqiy jihatdan tartibga solish, bolalarni onlayn taqib etishdan (kiberbulling) himoya qilish mexanizmlarini yaratish va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishga xizmat qilgan;
bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun ommaviy axborot vositalaridagi, Internet butunjahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar ham asos bo‘lishi zarurligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 14-noyabrdagi «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘RQ-996-sonli Qonunining 24-moddasi beshinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 31-iyuldagi 3/dn-162-son dalolatnomasi). Ushbu takliflar ijtimoiy tarmoqlar va Internet tarmog‘idagi xabarlar asosida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha operativ chora-tadbirlar ko‘rish, ota-onalarning huquqiy majburiyatlarini belgilash va kibermakonda bolalarni zararli kontentlardan himoya qilish tizimini yaratishga xizmat qilgan;
subektning roziligi mavjud bo‘lganda hamma foydalanishi mumkin bo‘lmagan shaxsga doir ma’lumotlarni xavfsiz aloqa kanallari va (yoki) shifrlash vositalari orqali boshqa shaxslarga berish hamda hamma foydalanishi mumkin bo‘lmagan shaxsga doir ma’lumotlarni ishonchli saqlash uchun kriptografik axborotni himoya qilish vositalaridan foydalanishni ta’minlashga oid takliflari Adliya vazirining 2023-yil 15-noyabrdagi 20-mh-son buyrugʻi (ro‘yxat raqami 3478, 2023-yil 15-noyabr) bilan tasdiqlangan Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibi 30-bandning sakkizinchi hamda to‘qqizinchi kichik bandlarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2025-yil 4-avgustdagi dalolatnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi bolalar shaxsiy ma’lumotlarini, jumladan, kibermakonda ularning maxfiyligini ta’minlash, ma’lumotlarni xavfsiz uzatish va saqlash mexanizmlarini yaratish, elektron dalillar bilan ishlashda ma’lumotlar xavfsizligini kafolatlash hamda raqamli platformalar operatorlarining texnik majburiyatlarini belgilashga xizmat qilgan;
hududiy, tuman (shahar) komissiyalarining ishlarni tayyorlash va ko‘rib chiqish paytida bolaning yoshi, mashg‘uloti, yashab turgan va tarbiyalanayotgan sharoiti, huquqbuzarlik qilganligi fakti va uning mazmunini tasdiqlovchi ma’lumotlarni, huquqbuzarlik qilishga da’vat etgan katta yoshdagi kishilar va boshqa qatnashchilar bo‘lganligi, bolaga ilgari ta’sir ko‘rsatish chorasi qo‘llanilganligini aniqlashi zarurligiga oid taklifi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-iyuldagi 363-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari to‘g‘risida”gi na’munaviy nizomning 61-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 22-avgustdagi 12-18-8-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning ishlarni ko‘rib chiqishda to‘liq va kompleks yondashuvni ta’minlash, bolalar huquqlarini himoya qilishda protsessual kafolatlarni mustahkamlash va kibermakonda huquqbuzarliklar sodir etgan bolalarga nisbatan adolatli yondashuvni shakllantirish maqsadlariga erishishga xizmat qilgan;
“Inson” markazlari va ichki ishlar organlarining ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asosida yakka tartibdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishi mumkinligiga oid taklifi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 440-son qarori bilan tasdiqlangan «Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 5-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2025-yil 22-avgustdagi 12-18-8-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi vakolatli organlarning kibermakonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini tezkor aniqlash, ijtimoiy tarmoqlar va Internet tarmog‘idagi xabarlar asosida operativ chora-tadbirlar ko‘rish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish hamda raqamli muhitdagi xavflarni oldini olish mexanizmlarini yaratishga xizmat qilgan.